Kontent qismiga oʻtish

Said Akramxon toʻra

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Said Akramxon toʻra
Tavalludi 1854-yil
Vafoti 1924-yil
Kobul
Fuqaroligi Qoʻqon xonligi
Afgʻoniston amirligi
Kasbi Siyosatchi
Faoliyat yillari 19011919
Millati Oʻzbek (ming urugʻi)
Dini Islom
Bolalari Hakima
Anvar
Otasi Sobirxon toʻra
Onasi Oftob oyim

Said Akramxon toʻra (1854-yil Qoʻqon; 1924-yil Kobul, Afgʻoniston) — kelib chiqishi asli Qoʻqon xonlariga borib taqaladigan davlat arbobi va soʻnggi Qoʻqon xoni Xudoyorxonning jiyani. Said Akramxon, shuningdek, BXSR rahbarlaridan biri boʻlgan Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayevning qaynotasi, taniqli olim Timur Kocaoğluning ona tomondan bobosidir. Shu bilan birga Afgʻoniston amiri Abdurahmonning vaziri va yaqin doʻsti boʻlgan[1].

Hayoti va faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Said Akramxon Toʻra 1854-yili Qoʻqon shahrida tugʻilgan. Onasi Qoʻqon xoni Xudoyorxonning singlisi Oftob oyim, otasi oʻz davrining ulamolaridan biri boʻlgan Sobirxon toʻra edi. Akramxon toʻra 70 yillik hayotining dastabki 26 yilini (18541880) Toshkent[2], Qo’qon va Turkistonning boshqa shaharlarida, qolgan 44 yilini (18801924) Afg’oniston paytaxti Kobulda oʻtkazgan. Xudoyorxon hukmronligi davrida Said Akramxon to‘ra 1875-yildan boshlab Koson hokimi sifatida xizmat qilgan[3]. Xudoyorxon Orenburgda surgunda boʻlgan vaqtida xotini va bolalarini Akromxon toʻra oʻz himoyasi ostiga olgan[4]. Baʼzi manbalarda Xudoyorxon Said Akromxonni Turkiston shahrida yashab turgan oʻgʻli Oʻrmonbekka qarab turishi uchun yuborgani aytiladi[5].

Said Akramxon 1879-yili oʻsha vaqtda Toshkentda boʻlib turgan Afgʻonistonning boʻlajak amiri Abdurahmon bilan tanishgan. Abdurahmon Said Akramxonning oʻlkadagi mavqeyidan foydalanib, Turkistonning janubida yashovchi oʻzbek, tojik hamda turkmanlardan iborat qoʻshin yigʻish ishlarini tashkillashtirgan. Afgʻoniston hududlarini toʻliq qoʻlga kiritgan Abdurahmon 1880-yil 31-iyulida Zammada Afgʻoniston amiri deb tan olingan[6]. Afgʻoniston hukmronligini qoʻlga kiritgan amir Abdurahmon Said Akramxonga yuqori lavozim hamda tuhfalar tortiq etgan. Xususan, Boburdan qolgan Kobul shahridagi bogʻ amir farmoni bilan Said Akromxonga topshiriladi[1]. Qoʻqon xonligining hukmron doirasi orasida mashhur boʻlgan Oltin beshik rivoyati sababli Bobur bogʻining Said Akramxon uchun ahamiyat ancha katta boʻlgan. Xudoyorxon Orenburgdan Makkada haj amallarini bajarib Kobulga, jiyani Said Akramxon yoniga kelish vaqtida Hirot yaqinidagi Karukhda vafot etadi. Xonni dafn qilish ishlarini Said Akramxon tashkillashtirgan. Abdurahmon vafot etgandan soʻng uning oʻrniga hokimiyatga kelgan Habibulloxon, Said Akramxonni vaziri aʼzam lavozimidan ozod etmagan. Habibulloxon davrida Said Akramxon yana 17 yil davomida bosh vazir lavozimida faoliyat olib borgan[1].

1921-yil dekabr oylarida Dushanbe atrofida roʻy bergan toʻqnashuvlarda Sovetlardan magʻlubiyatga uchrab Kobulga kelgan Usmonxoʻjani Said Akromxon oʻz saroyida kutib olgan. Pravda gazetasi bu boradagi xabarlarni doimiy eʼlon qilib borgan. Bu xabarlarda Usmonxoʻja va Said Akromxonning inglizlar yordamida Sovetlarga qarshi harbiy harakat rejalashtirayotgani aytilgan[7]. Sovet davlatining bosimlari ostida Usmonxoʻja 1923-yilda Eron orqali Turkiyaga ketgan. Akramxon toʻra 1924-yilda vafot etgan. Said Akramxonning qizi Hakima va uning ukasi Anvar 1931-yilda Istanbulga koʻchib oʻtgan. Hakima avvaldan qilingan kelishuvga koʻra Usmonxoʻjaga turmushga chiqqan[8].

  1. 1,0 1,1 1,2 „АБАДИЙ СОҒИНЧЛАР“. 2023-yil 26-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 26-may.
  2. „ИСҲОҚХОН ТЎРА ИБРАТ. ТАНЛАНГАН АСАРЛАР“. 2023-yil 26-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 26-may.
  3. Niyoz Muhammad, Ibratul xavoqin, T.: „Turon zamin ziyo“, 2014-B 334
  4. „The Visit of Koqan Khan Khudyarkhan“. 2023-yil 26-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 26-may.
  5. „Sharif Yusupov. Xonning so’nggi ilinji & Xudoyorxon va Furqat“. 2023-yil 26-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 26-may.
  6. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  7. Timur Kocaoğlu, Saidbek Boltabayev, Dr. Zebiniso Kamalova, Dr. Aiitmamat Kariev, Türk Halklarının Devletçiliği ve Kültür Mirasının Gelişiminde Hokand Hanlığı’nın Yeri, Türk Devletleri Teşkilatı; 2022-B 219
  8. Timur Kocaoğlu, Saidbek Boltabayev, Dr. Zebiniso Kamalova, Dr. Aiitmamat Kariev, Türk Halklarının Devletçiliği ve Kültür Mirasının Gelişiminde Hokand Hanlığı’nın Yeri, Türk Devletleri Teşkilatı; 2022-B 220