Kontent qismiga oʻtish

Rauf Qodirov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Rauf Gʻofurovich Qodirov
Tavalludi 27-sentyabr 1952-yil (1952-09-27) (72 yosh)
Toshkent, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Kasbi pedagog
Sohasi musiqa, pedagogika
Taʼlimi Toshkent davlat konservatoriyasi Toshkent davlat pedagogika universiteti
Ilmiy darajasi pedagogika fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor
Mukofotlari

Rauf Gʻofurovich Qodirov (1952-yil 27-sentyabr, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olim, pedagogika fanlari nomzodi, professor.

Rauf Gʻofurovich Qodirov 1952-yil 27-sentyabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, kompozitor Gʻafur Qodirovning farzandi. 1975-yilda Toshkent davlat konservatoriyasi, 1999-yilda Toshkent pedagogika universiteti amaliy psixologiya fakultetini tamomlagan. 1975—1989-yillarda Toshkent pedagogika instituti xor dirijyorligi kafedrasi oʻqituvchisi, 1989—2000 yillarda musiqa pedagogikasi kafedrasi mudiri, 1999—2000 yillarda musiqa fakulteti dekani, 1991—2000-yillardan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi musiqa pedagogikasi kafedrasi dotsenti, 2000—2009-yillarda Ilmiy kengashi ilmiy kotibi, 2002—2004-yillarda musiqa pedagogikasi kafedrasi mudiri vazifasida faoliyat koʻrsatgan. 2006-yildan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi professori[1]. 2017-yilda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi unvoni bilan taqdirlangan[2].

Ilmiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1982—1985-yillarda Moskvada Butunittifoq Pedagogika fanlari akademiyasi Badiiy tarbiya ilmiy tadqiqot institutining musiqa boʻlimi aspiranturasida tahsil olgan va 1986-yilda ruscha: „Формирование навыков многоголосного пения в младших классах школ Узбекистана“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan[3]. 1992—1995-yillarda Toshkent pedagogika instituti pedagogika kafedrasi doktoranturasida oʻqigan. Rauf Qodirovning oʻquv, ilmiy va ijodiy tadqiqoti asosan musiqa pedagogikasi va psixologiyasi masalalariga oid. 400 dan ortiq  ilmiy-ijodiy ishlar, jumladan, „Boshlangʻich maktabda koʻp ovozli kuylash“ (1997), „Oʻzbekiston bolalar qoʻshiqlari antologiyasi“ (2002), „Musiqa psixologiyasi“ (oʻzbek va rus tillarida, 2005), „Muzikalnaya pedagogika“ (2009), „Musiqa pedagogikasi“ (2011), „Ommabop musiqiy glossariy“ (2014, 2016), „Kompozitor Gʻafur Qodirov: hayoti va ijodi — godi jizni i tvorchetstvo“ (Monografiyasi, konserti va DVD yozuvi, 2017), „Musiqa pedagogikasi“ (2018) kabi asarlar, bolalar uchun „Ayiqcham“, „Quyon“, „Mehribon oyijon“, „Aks sado“, „Eski shahar“ kabi qoʻshiqlar muallifi. Olim Abdurauf FitratningOʻzbek klassik musiqasi va uning tarixi“, Abdurahmon Jomiyning „Kitob“, Abdulla Avloniyning „Musiqa“ kitoblarini ilmiy va sheʼriy tarjima qilgan, xalq ijodiyotiga mansub boʻlgan va kompozitorlarning bolalar qoʻshiqlarini sheʼriy tarjima qilgan va jamoa boʻlib kuylash uchun qayta ishlagan. 1999-yildan UNESCOning xalqaro musiqa ta’limi jamiyati (ISME) a’zosi[1].