Rakat masjidi
Masjid | |
Rakat masjidi
rakat | |
![]() | |
Mamlakat | ![]() |
Hudud | Yakkasaroy tumani |
Manzil | Rakat mahallasi |
Masjid turi | Jomeʼ-masjid |
Meʼmoriy uslub | Islom, sharq va oʻzbek milliy meʼmorchiligi |
Binokorlik | 2011—2021 |
Soʻngi imom | Zahiriddin Mirzaahmedov |
Umumiy maydoni | 0,50 gektar |
Oʻlchami | 60x40 |
Gumbazlar soni | 1 |
Gumbazlar soni | 1 |
Gumbaz balandligi | 50 metr |
Minoralar soni | 4 |
Minoralar soni | 4 |
Minoralar balandligi | 2x55 metr, 2x45 metr |
Qurilish materiali | Oq marmar, gʻisht |
Tarovih | ![]() |
Saharlik va iftorlik | ![]() |
Kutubxona | ![]() |
![]() |
Rakat masjidi — Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan masjid. Masjidning eski binosi xozirgi Nizomiy nomidagi Pedagogika Universiteti oldidagi daraxtzorlar oldida bo‘lgan[1].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Masjid tarixi haqida qisqacha ma'lumot: “Rakat” mahallasida yashovchi Mirjalil ota o‘ziga tegishli bo‘lgan bog‘laridan sakkiz sotix yer ajratib, bu joyga masjid qurish uchun vaqf qilib bergan. [2]
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi "Rakat jome' masjidi", u o‘ziga xos qiziqarli tarixga egadir. Qadimgi Toshkent shahrining to‘rt dahalaridan biri bo‘lgan Beshyog‘och dahasida yashovchi aholining ko‘plari shaharning janubiy-g‘arbiy mavzelarida dala hovlilariga ega bo‘lib, yilning deyarli 9 oyi mobaynida oilalari bilan shahar hovlidan shu yerlariga ko‘chib chiqib dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanganlar. Keyinchalik esa bu maskanlarda aholi ko‘payib, yangi mahallalar paydo bo‘la boshlagan va jamoa bo‘lib namoz o‘qiladigan kezlari (juma, janoza, hayit namozlari) uzoqqa qatnamaslik niyatida ko‘pchilik aholining talab-istaklariga binoan, Chor Rossiyasining xukmronligi davrida 1910 yili Gubernator bog‘i (keyinchalik Kirov bog‘i, Bobur bog‘i va hozirda Do‘stlik bog‘i deb nomlanadi) yonginasidan oqib o‘tuvchi Rakat arig‘i bo‘yida vaqf mablag‘i hisobidan masjid qurishga qaror qilingan va unga "Rakat jome' masjidi" deb nom berilgan.
Masjid binosini qurishda kasbi ustachilik bo‘lib, o‘z davrining yetuk diniy ulamolaridan bo‘lgan asli qoratoshlik, keyinchalik esa Gubrbog‘ mahallasida yashagan Shayx Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon qorining shogirdi Muhammad Yusuf Muhammadyor o‘g‘li boshchilik qilgan va o‘zi "Rakat jome' masjidi"ning birinchi bosh imom xatibi bo‘lgan.
1917 yildagi qo‘zg‘olonlar oqibatida Chor Rossiyasi va Muvaqqat xukumat ag‘darilgandan keyin bol'sheviklar hukumati dinni davlatdan ajratib, unga qarshi ayovsiz kurash boshladi. Kommunistik siyosat ta'sirida ko‘pgina cherkov va masjidlar buzildi, ba'zilaridan esa omborxona, bosmaxona, artel va boshqa maqsadlarda foydalanildi. Shu jumladan, 1935-1940 yillarda Toshkent Davlat pedagogika institutining barpo etilishi munosabati bilan "sovet muallimlarini tayyorlaydigan oliygoh ro‘parasida diniy tashkilotning bo‘lishi nojoiz", degan ateistik mafkura bahonasida Rakat masjidining faoliyati to‘xtatildi. Bu davrga kelib, "Rakat jome' masjidi" Toshkent shahridagi eng nufuzli masjidlardan biriga aylanib, sergavjum masjidlar orasida birinchi to‘rtlikdan joy egallashga ulgurgan edi.
1943 yilda, 2-Jahon urushi eng avjiga chiqqan pallada, ittifoqchi davlatlar tomonidan fashizmga qarshi Ikkinchi front ochish masalasi ko‘ndalang qo‘yildi va uning asosiy talablaridan biri SSSRda diniy erkinlikka ruxsat berish edi. Ana shu yili kuzga borib Sovet hukumati qarori bilan Toshkentda O'rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi tashkil qilindi va unga muftiy Eshon Boboxon hazratlari rahbar etib tayinlandilar. U kishining va o‘g‘illari Shayx Ziyovuddin qori ibn Eshon Boboxonning islomda barqarorligi (ularni Alloh rahmat qilsin), halqiga fidoyiligi, matonatlari va say-harakatlari natijasida Uzbekistonda qator masjidlarning faoliyatiga Moskvadan ruxsat olindi. Rasmiy qaydnomaga ko‘ra, Toshkent shahrida 1944 1946 yillarda Tillashayx, Mo‘g‘ulko‘cha, Allon, Chig‘atoy-Chaqar, Mahkama, Shayx Zayniddin, Qizil Tovush, Sarichopon, Xoja Alambardor, Novza, Yakkasaroy, Rakat, Qiyot, Mirza Yusuf, Otchopar, Olmazor, Orqako‘cha masjidlari qaytadan ishga tushirilgan. 1950 yilga kelib "Rakat jome' masjidi"ning Toshkent pedagogika instituti (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat o‘zbek tili va adabiyoti Universiteti) ro‘parasidagi oldingi binosi buzib tashlandi va ateistik siyosatga to'be bo‘lgan o‘sha davrdagi hukumat masjidning yangi binosini qurish uchun joy ajratish masalasini xal kilib berolmadi, Shunda, diniy e'tiqodi kuchli bo‘lgan fidoyi vatandoshlarimizdan biri - Rakat mahallasida yashovchi Mirjalil ota (Alloh rahmat qilsin) o‘ziga tegishli bo‘lgan bog‘ning olti sotix joyini masjid qurilishi uchun vaqf qilib berdi. Bu davrga kelib, Rakat masjidining imom xatibi Muhammad Yusuf domla Urushda shahid ketgan ikki pahlavondek o‘g‘illardan judo bo‘lib, kasalmand bo‘lib qolgan edilar (1952 yil dekabr oyida og‘ir xastalikdan vafot etganlar, Alloh rahmat qilsin) va Rakat masjidiga Muhammad Yusuf domlaning Andijondan ko‘chib kelgan do‘stlari Nizomiddin qozi-domla Mulla Salim o‘g‘li bosh imom xatiblik qilganlar.
Nizomiddin domlaning hayot yo‘llari juda qizikarli va ibratlidir. U kishi XX-asr boshlarida Buxoro madrasasida diniy ta'lim olib, shu bilan birga arab, fors va rus tillarini mukammal o‘zlashtirgan. 1920 yillarda Andijon shahrida bir vaqtning o‘zida ham qozilik qilib, ham jome' masjidda mudarrislik vazifasida ishlagani tufayli xalq orasida "qozi- domla taxallusini olgan. Sho‘rolar hukumati kuchli ilm sohibi bo‘lgan Nizomiddin qozi-domlani din targ‘ibotchisi sifatida ta'qib ostiga oladi va 1930 yillar oxirida soxta ayblovlar bilan NKVD tomonidan qamoqqa olinib, o‘lim jazosiga mahkum qilinadi. Eng qizig‘i shundaki, rus millatiga mansub bo‘lgan qamoqxona boshlig‘i "qozi-domla"ni bilgan mahbuslarning maslahatiga quloq tutib, og‘ir bedavo dardga chalingan yakkayu-yagona o‘g‘lining taqdirini musulmonlar ulamosiga ishonib, Nizomiddin domlaga o‘qitadi va dam soldiradi. Allohning kudratini qarangki, shundan keyin bola tuzalib ketadi va minnatdorchilik yuzasidan qamoqxona boshlig‘i barcha javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan holda yo‘lini topib, Nizomiddin qorini nohaqlik azoblaridan kutqaradi va ozodlikka chiqaradi. 1950 yilda Nizomiddin qori oilasi bilan Toshkentga ko‘chib keladi, Gubrbog‘ mahallasida qo‘nim topadi va "Rakat jome' masjidi"ga imomlik qiladi.
1954 yilda hozirgi Abdulla Avloniy ko‘chasidagi Mirjalil ota tomonidan vaqf qilingan yerda Rakat jome' masjidining qurilishi boshlanib, uning poydevoriga Shayx Ziyovuddin qori 96 yoshni qoralagan otalari muftiy Boboxon qori tomonidan duolar qilinib dam solingan birinchi g‘ishtni qo‘yadilar. Masjid qurilishi 1958 yilda nihoyasiga yetadi. Masjid bosh imom xatibi Nizomiddin xoji domla va mutavalli Mirhomid hoji ota boshchiligida xalq tomonidan hashar va xayriya yordamida 4 yil davom etgan qurilish juda ko‘p sun'iy to‘siklarga va qarshiliklarga uchragan, turli tekshiruvlar va tuhmatlar bahonasida qurilish jarayoni to‘xtatib qo‘yilgan kunlar ham bo‘lgan. Aytish joizki, paydo bo‘lgan to‘siqlarni mardonavor yengib o‘tishda ishboshi bo‘lgan Mirhomid hoji otaning xizmatlari juda katta. Bu insonning tadbirkorligi, uddaburonligi va jonkuyarligi tahsinga sazovordir. Mirhomid hoji Mirmahmud hoji o‘g‘li 1957 yilda 61 yoshida insul't bo‘lib to‘satdan vafot etganlar, Alloh rahmat qilsin. Nizomiddin hoji domla umrlarining oxirigacha Rakat jome' masjidiga imom xatiblik qildilar, ular 1964 yilda 86 yoshda vafot etdilar, Alloh raxmat qilsin. Masjid kurilishida rahbariyat bilan yelkama-elka turgan, mavjud bo‘lgan barcha imkoniyatlarini ishga solgan islomda fidoyi bo‘lgan marhum otaxonlarimiz - Abdulhafiz hoji ota, Akmalxon eshon ota, Xonxo‘ja ota, Shokamol ota, Qosim ota, Sa'di so‘fi ota, Abduqodir ota va boshqalarni Alloh rahmat qilsin.
Nizomiddin hoji domla vafotidan keyin Rakat jome' masjidiga 1964-1968 yillarda Muhammad Amin domla, 1968-1971 yillarda Nofe' domla imom xatiblik kilishdi. 1971 yildan boshlab, qariyib 39 yil mobaynida Abdulla hoji ota Hamdamov bosh imom xatib bo‘ldilar va 2010 yilda O‘zbekiston musulmonlar idorasining raisi muftiy Usmonxon Alimov xazratlari tomonidan "Fahriy imom xatib" unvoni bilan nafaqaga chiqarildilar. Shunday bo‘lsa-da, umrlarining oxirigacha masjiddagi faoliyatni to‘xtatmadilar. Domla Abdulla hoji Hamdamov 2020 yil 22 oktyabrda koronavirus tufayli vafot etdilar, Alloh rahmat qilsin. 2010 yildan hozirgi kungacha Robbimkul hoji domla Muhammadiev "Rakat jome' masjidi"ga bosh imom xatiblik qilib kelmoqdalar. Mirhomid hoji otadan keyin mutavalli vazifasini turli yillarda Zokirjon ota, Tohirjon ota, Abdulfattoh ota va Hayitmurod otalar bajarib kelishdi. Hozirgi kunda esa Rahmatjon xoji Isaev mutavalli vazifasini bajarib kelmoqdalar.
Mustaqilligimiz sharofati bilan bugungi kunda diniy erkinlikka erishgan xalqimiz orasida namozxonlar safi borgan sari kengaymoqda va tabiiyki, davlatimiz tomonidan dinga e'tibor kuchayib, barcha talablarga javob beradigan zamonaviy masjidlar qurilishi ko‘paymoqda. 2019 yilning boshida xalqimiz irodasi bilan Respublika hukumati va Musulmonlar diniy idorasi rahnamoligida o‘z xizmatini o‘tab bo‘lgan va nurab qolgan Rakat masjidining eski binosi buzilib, o‘rniga yangi loyiha asosida zamini mustahkam bo‘lgan, o‘zida diniy va milliy ruhni mujassamlashtirgan barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mukammal zamonaviy masjid binosining qurilishi boshlab yuborildi.
Masjidning yangilanishida amalga oshirilayotgan jamiki ishlarda Bosh imom xatib Robbimkul hoji Muhammadiev rahbarligida xay'at a'zolari - noib Muhammadamin hoji Hamdamov, mutavalli Rahmatjon xoji Isaev, faollar Hojiakbar Mahmudov va boshqa barcha masjid xodimlari tinimsiz mehnat qilib, qurilish jarayonida jonbozlik ko‘rsatdilar.
Masjid qurish boshqa binolarni qurishdan tubdan farq qiladi, avvalambor aytish joizki, unda pokiza va imkon qadar tahoratli ustalar ishlaydi. Ushbu Baytullohda yurtimizning turli viloyatlari va Toshkent shahrining taniqli usta va xunarmandlari o‘z vazifalarini mehr bilan bajarib, qobiliyatlarini sidqidildan namoyish qildilar. Jumladan, prorab Ilhomjon Murotov boshchiligidagi kuruvchilar jamoasiga, o‘z shogirdlari bilan xattotlik san'atini maromiga yetkazib bajargan mohir ustalar - Xakimjon Inog‘omov, Toyirjon Fayzullaev, Nodirjon Umarov, Jamoliddin Rahmatullaev kabi yetuk milliy ganch, naqsh, yog‘och o‘ymakor, temirchi ustalarga va kurilishda sidqidildan mehnat qilgan barcha hasharchilarga va milliy usta-hunarmand jamoalarga Masjid xay'ati va jamiki namozxon ahli o‘zlarining minnatdorchiliklarini bildiradilar. Qurilish jarayonini muntazam yoritib borishda hamda xayriya va ehsonlar masalasida Internetda "Rakat masjidi kurilishi" deb nomlangan mahsus telegramm-guruhi tashkil etildi. Xozirgi kunda ushbu guruhning 30 mingta yaqin a'zolari bor.
"RAKAT" masjidi tarixidan joy olgan imom xatiblar:
1910-1950yy. - Muhammadyusuf Muhammadyor o‘gli (1883-1952). 1950-1964yy. - Nizomiddin hoji mulla Salim o‘gli (1878-1964). 1960-1965yy.- Shorasul Qoraboev (Nofe' domla) (1911-1975). 1965-1968yy. - Muhammadamin domla Abdurahmonov (1887-1969).
1071-2010yy. - Abdulla hoji domla Hamdamov (1942-2020). 2010-hozirgacha. - Robbimqul hoji domla Muhammadiev (1976).
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ https://masjid.uz/toshkent-v/toshkent-sh/yakkasaroy-tumani/217-rakat.html
- ↑ „arxiv nusxasi“. 2022-yil 23-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 23-iyul.
![]() |
Vikiomborda Rakat masjidi haqida turkum mavjud |