Kontent qismiga oʻtish

Quroqdo'zlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Quroqdo’zlik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Quroqdo’zlik — mayda boʻlaklardan ulab, toʻplab bezak yaratish sanʼati. Shu usulda yasalgan bezak, buyum ham quroq deb ataladi. Turli rang va shakldagi mayda mato parchalaridan buyum, bezak hosil qilinadi. Amaliy sanʼatda keng tarqalgan. Koʻrpa, koʻrpacha, choyshab, soʻzana, dasturxon, gilam va boshqa jihozlar qadimdan shu usulda tayyorlanib, ajoyib sanʼat namunalari yaratilgan. Yana quroq applikatsiya ham deb ataladi[1].

Applikatsiya usulida turli buyum yoki mato parchalarini birlashtirib tikish usuli dunyoning turli xalqlari orasida keng tarqalgan. Yevropada ushbu hunar turi “pechwork” (inglizcha “patch” – yamoq, “work” – ish), yaʼni “yamoq ishi”, Shimoliy Amerikada esa kvilt deb ataladi[2]. Vaqt oʻtishi bilan u sanʼat darajasiga koʻtarildi.

Mato parchalarini yig’ib, applikatsiya usuli bilan ko’rpa va boshqa buyumlarni tikish qadim davrlardanoq dunyoning ko’plab davlatlarida bir-biridan holi ravishda paydo bo’lgan. Mato bilan ishlangan joyda ortiqcha qoldiqlarni tashlab yubormaslik maqsadida ham bu san’at turi shakllangan bo’lishi mumkin[3].

Manbaalardan maʼlum boʻlishicha, uning tarixi mil. avv. yillarga borib taqaladi. Misrda topilgan ilk applikatsiya topilmasi bu – ohu terisidan bir xil shaklda birlashtirib tikilgan bezak edi. U mil.avv. 980 yillarga tegishli bo’lib, Qohirada joylashgan Bulat muzeyida saqlanadi[4].

1920-yilda Mingta Budda gʻorida IX asrga oid gilam topilgan bo'lib, u ziyoratchilarning kiyim qoldiqlaridan tikilgan[5].

XVI asrda Angliyaga hind paxtasidan tayyorlangan turli dizayndagi rang-barang matolar kela boshladi. Kashtaсhilik yoki gul tikish yo’li bilan bezatilgan yopinchiqlar uyning ichki bezagi sifatida ommalashdi.

1712-yilda Angliyaga hind matolarini olib kirish taqiqlanganidan so’ng, сhit matosining taqchilligi kuzatildi. Natijada mato parchalaridan narsalar tikish ommalasha boshladi. Hind matolarini taqiqlash orqali hukumat mamlakatning tarixiy an’analaridan bo’lgan jun va ipak matolarni saqlab qolishni maqsad qilgan. Chit Angliyaga kontrabanda yo’li bilan kirib kela boshladi va natijada uning narxi keskin oshib ketdi. Shu tufayli chitdan tikilgan liboslarning qiyqimlarini tashlab yubormasdan, undan yangi narsalar tika boshlashdi.

Chit matosidan qolgan katta qiyqimlardan aplikatsiya texnikasidan foydalangan holda jun yoki zigʻir matolari bilan bezatilgan narsalar yaratishgan. Matoning kichik qoldiqlaridan esa bir-biriga tikib, mayda narsalarni tikishgan[6].

Shimoliy Amerikada

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shimoliy Amerikaga quroqdo’zlik san’ati 1620-yillarda koʻchmanchilar bilan birga, paxtalik choyshablar orqali kirib kelgan. Gazlamalar taqchilligi tufayli koʻrpa-toʻshaklar eski kiyim qiyqimlari bilan yamalgan. Bu esa keyinchalik mahalliy xalq orasida ommalashgan kvilt san’atining paydo bo’lishiga turtki bo’ldi.

Vaqt oʻtishi bilan har bir tikuvchi o’z nusxasi va ranglar uyg’unligini shakllantirib, kvilt san’atini rivojlantirib bordi. Amerikalik uy bekalari qishda choyshabning yuqori qismini tikishgan bo’lsa, bahorda barcha qoʻshnilar yig’ilishib, yopinchiqning qolgan qismlarini tikishgan. Kechalari esa ishdan qaytgan erkaklar ularga yordamlashishgan[7].

1750-yilgacha ishlab chiqarilgan deyarli barcha amerika choyshablari kvilt texnikasidan foydalangan holda tayyorlangan. Vaqt oʻtishi bilan quroq naqshlarining anʼanaviy nusxalari shakllandi. Bu nusxalarning nomlari kundalik turmush tarzini ifodalovchi iboralar: „Arra tishi“, „Ayiq panjasi“, „Yamoq paypoq uchun savat“ deb atalgan. Mahalliy xalq tomonidan o’ylab topilgan quroq nusxasi esa “Ogoyo va Texas yulduzi” nomi bilan atalgan[8].

1876-yilda Filadelfiyada boʻlib oʻtgan Butunjahon koʻrgazmasida yangicha krezy (crazy) texnikasida, ipak matolardan tikilgan quroqdo’zlik namunalari namoyish etildi. Qo’l ishining yangi turi haqida 1879-yilda “Peterson” jurnalida maqola chop etiladi. Quroqdo’zlikning bu yo’nalishi “guldor kvilt” yoxud “Yapon ipagi” nomini oldi.

1910-yillarga kelib, kreziy uslubining dovrug’i pasayib, odatiy petchwork uslubiga yoʻl ochdi.[9].

1970-yillarda Qoʻshma Shtatlarda quroqdo’zlikka qiziqish qayta jonlandi. Kvilt-klublar ommalashdi, maxsus do’konlar ushbu turdagi sanʼat va hunarmandchilik uchun barcha kerakli materiallarni, keng qamrovli mavzudagi kitob va jurnallarni taklif qila boshladi. 1971-yilda Yves Saint Laurent modaning yangi tendentsiyasini – xalq romantizmidan foydalangan holda jozibador quroqdo’zlik modelini yaratdi[10].

Qadimgi rus xalqlarida azaldan matoga nisbatan tejamkorlik bilan munosabatda bo’lishgan. XVIII asrda mamlakatda asosan qo’lda tikilgan choyshablardan foydalanilgan. XVI asr rus adabiyoti to’plami hisoblangan “Domostroy”da keltirishilicha, tayyor liboslarni qayta tiklash boʻyicha batafsil koʻrsatmalar keltirilgan.[11].

Mintaqada quroqdo’zlik XIX asrning ikkinchi yarmida sotuvda chetdan keltirilgan chit matosining paydo bo’lishi bilan yanada avj oldi. Eni 40 sm.dan iborat bo’lgan uy choyshablaridan farqli o’laroq, chetdan keltirilgan chitlarning eni 75-80 sm. bo’lgan. Ulardan biror narsa tikilganda esa, juda ko’p miqdorda qiyqimlar ortib qolgan. XIX asrning oxirlariga kelib Rossiyada quroqdo’zlik avj cho’qqisiga chiqadi. Tikuv mashinalarining paydo bo’lishi esa, o’z navbatida ushbu san’atning rivojiga hissa qo’shdi. Quroqdo’zlikning asosiy namunalari xristianlar tomonidan tayyorlanib, sovuqdan himoya qilishda qo’llanilgan. Dastavval yamoqlardan tikilgan liboslar tartibsiz nusxalangan bo’lsa, XIX asr oxiri XX asr boshlariga kelib, liboslarga kashtachilik va quroqdo’zlik elementlari qo’shildi.

Rus an’anaviy quroqdo’zligining o’ziga xosligi shundaki, u kashta tagligidan foydalanmasdan, har xil o’lchamdagi mato parchalarini o’zaro birlashtirib, qo’l mehnati orqali buyumlar yaratilgan[12].

O’zbekistonda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonda ham quroqdoʻzlik sanʼati qadimdan maʼlum va oʻziga xos anʼanalari bilan boshqa xalqlar sanʼatidan ajralib turadi. Quroqdoʻzlik hunarining yurtimizda qachon paydo boʻlgani haqida aniq maʼlumotlar yoʻq. Ammo u xalq ehtiyojidan kelib chiqib yaratilgani aytiladi.

Qadim davrlardanoq kamchiqim oilalar mato va gazlamalardan avaylab foydalangan. Eski kiyim va matolarning butun qismlari ajratib olinib, ularni birlashtirib, yangi roʻzgʻor buyumlari yoki liboslar tikilgan. Dastlab tejamkorlik maqsadida yaratilgan quroqdoʻzlik buyumlari bugunga kelib sanʼat darajasiga koʻtarildi[13].

Yurtimizda quroqqa oid ayrim manbalar bizgacha ham yetib kelgan. Quroq, yaʼni yamoq darveshlar choponida uchragan boʻlib, ular marqaʼ va hirqa deb atalgan. XV asr tarixchisi Husayn Voiz Koshifiyning yozishicha, marqaʼ va hirqa yirtiq-yamoq boʻlgan eski choponlarga nisbatan aytilgan[14].

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-Muhabbattazkirasida “muraqqaʼ” soʻzi uchrab, bu soʻz ham darveshlarning libosi oʻrnida qoʻllangan[15]. Oʻrta asr tasavvuf ahli, asosan, muraqqaʼ va shunga oʻxshash liboslarda tasvirlanadi. Masalan, Kamoliddin Husayn Fanoiyning “Majolis ul-ushshoq” asarida shunday tasvirlarni uchratishimiz mumkin. Muraqqaʼ yoxud quroqdan tikilgan liboslar yomon nazar va balolardan asraydi, deb ishonilgan[16].

Har bir viloyatning oʻziga xos quroq tikish usullari bor. Jumladan, “qatlama quroq”, “turna nusha”, “koʻz”, “oqqush”, “turna”, “tegirmon”, “tuduq” va “qoraqosh” singari turlari oʻziga xos ramziylikka ega. Hunarmand ularda nafaqat oʻzining estetik didi, balki mahalliy urf-odat, anʼanalarni ham namoyon etadi[17].

Quroq tikishda, avvalo, turli matolar: rangi, shakl-shamoyili jihatidan mos keluvchi mato parchalari tanlab olinadi. Keyin mato parchalaridan har xil geometrik shakllar, asosan, uchburchak, kvadrat yoki romb qirqib olinadi. Keyingi bosqichda mato parchalari rangi va shakliga qarab bir-biriga qoʻshib tikib chiqiladi. Soʻng har bir parcha birlashtirilib, bir butun shaklga keltiriladi[18].

Quroqdoʻzlik sanʼati nafaqat kerakli shakl va rangni toʻgʻri tanlay bilish, balki yangi gʻoya va fantaziyalar yaratishni ham talab qiladi. Oʻzbek xonadonlarida oddiy uy bekasidan tortib mohir hunarmandlargacha quroqdoʻzlikni sanʼat darajasiga olib chiqdi[19].

Naqshlar siri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Quroq tikishning ayrim turlarida turkiylar anʼanalari bilan bevosita bogʻliq boʻlgan toʻqqizta naqshdan foydalaniladi. Yozma manbalarga koʻra, turkiy xalqlarda toʻqqiz raqami ilohiy sanalgan. Shu boisdan ham baʼzi quroqlarda toʻqqizta yorqin, ajralib turuvchi quroq va uni oʻrab, birlashtirib turgan boshqa quroq parchalarini koʻrish mumkin. Quroq koʻrpa va koʻrpachalarning chetini birlashtirib turgan magʻiz (yupqa tasma shaklidagi mato) ushbu sanʼat asariga urgʻu berib, yanada jozibador boʻlishini taʼminlaydi hamda undan tayyorlangan roʻzgʻor buyumlarining chidamliligini oshiradi. Bu esa shu oilaning nazarlardan saqlanishiga ishora qilgan.

“Turna” uslubida tikilgan quroqda rang va oʻziga xoslik alohida ajralib turadi. Masalan, atlasnusxa shoyi mato quroqning jozibasini oshiradi. Oq-qora rang kompozitsiyani toʻldiradi. “Koʻz quroq”da esa ikki xil rangdagi mato parchasidan foydalanilib, hajmi jihatidan kichik boʻlgan parcha ikkinchisining oʻrtasiga qoʻshib tikiladi. Bu ham nazarlanishning oldini oladi, deb ishoniladi.

Quroqdo’zlikka oid an’analar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalqimizda quroq bilan bogʻliq urf-odatlar, anʼanalar ham bor. Masalan, Fargʻona viloyatining Soʻx tumanida bola tugʻilishi bilan uning umri davomida amalda boʻladigan bir anʼana mavjud. Yaʼni yangi tugʻilgan chaqaloq yetti kunlik boʻlgach, yettita xonadondan yaxshi niyatlar bilan xuddi shu xonadon vakillari kabi baxtli, saodatli, uvali-juvali boʻlsin, degan niyatda yetti xil mato parchasi yigʻib chiqiladi. Ushbu mato parchalaridan kichkinagina chopon tikib, chaqaloqning 40 kunlik chillasi chiqqunicha kiygizib qoʻyiladi[20].

Toʻy marosimlarida yangi kelin-kuyovga begona koʻzlardan saqlansin va farzandi koʻp boʻlsin, degan niyatda chimildiqning ikki tomoni ham “qatlama” quroq qilib tikiladi. Ostonaga esa dumaloq yoki toʻrtburchak “quroq poyondoz” solinadi. Yangi turmushi barakali boʻlsin deb kelin va kuyov oldiga “quroq dasturxon” yoziladi. Kelin-kuyovlarning yotogʻida ham bolalari koʻp boʻlsin, uvali-juvali boʻlsin, shu quroq kabi bir-biriga quroshib, jips boʻlib, ahil yashab ketsin, degan niyatda quroq koʻrpa va koʻrpacha toʻshaladi, yostiqlar qoʻyiladi[21].

Jizzax viloyatida “turna”, “koʻz”, “ulama”, “qatlama”, “tirna”, “quduq”, “shaxmat” kabi quroqlardan bolaga koʻz tegmasin degan maqsadda beshik buyumlari, kelinga hurmat maʼnosida poyondoz, yostiq, koʻrpa-toʻshaklar tikiladi. Anʼanalarga koʻra, qaynona yosh kelin-kuyovga atab 100 dan ortiq mato parchasini birlashtirgan koʻrpa tikib, bir uchiga tumor, boshqa uchiga qoʻyning oshiq-moshigʻini qoʻshib tikib qoʻyadi. Bu yoshlar baxtli-saodatli, qoʻsha qarisin, degan maqsadda qilinadi[22]. Sunnat toʻyida esa bir juft quroq yostiq, koʻrpa, xurjun va ot uchun tumor tikiladi.

  1. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashriyoti, 2000-2005
  2. Ucheniy XXI veka, Nauchniy jurnal, 1-2, 2001, O svoystvax uzbekskoy texniki tkanevoy mozaiki “kurok”, Lyudmila Sokolova, Namanganskiy gosudarstvennыy universitet, Uzbekistan
  3. Nagel O. Xudojestvennoye loskutnoye shitye: Osnovы loskutnogo shitya i traditsii narodnogo tekstilnogo loskuta: Uchebno-metodicheskoye posobiye dlya uchitelya. — M.: Shk.-Press, 2000. — 95 s. — (Biblioteka jurnala “Shkola i proizvodstvo”). — ISBN 5-88527-268-9
  4. https://ru.wikipedia.org/wiki/Лоскутное_шитьё#CITEREFНагель2000, Loskutnoye shityo, 12.06.2022
  5. Analiz texnik loskutnogo shitya, Kelesova U.S., Nikityuk Ye.A., Sinyavskaya A., Tarazskiy gosudarstvennыy universitet im. M.X.Dulati
  6. Shitye iz loskutkov, I. Muxanova, Nauka i jizn, №2, 1998
  7. Shtaub-Vaxsmut B. Pechvork i kvilt. Loskutnoye shityo. — Profizdat, 2007. — ISBN 978-5-255-01535-1
  8. Shtaub-Vaxsmut B. Pechvork i kvilt. Loskutnoye shityo. — Profizdat, 2007. — ISBN 978-5-255-01535-1
  9. Shtaub-Vaxsmut B. Pechvork i kvilt. Loskutnoye shityo. — Profizdat, 2007. — ISBN 978-5-255-01535-1
  10. Kibalova L., Gerbenova O., Lamarova M. Illyustrirovannaya ensiklopediya modi. — Praga: Artiya, 1988
  11. Ivanova Yu. Igra v loskuti, Veri Shyerbakovoy. — Tver: Kultura i traditsii, 2007. — ISBN 5-864-44126-0
  12. Ivanova Yu. Igra v loskuti, Veri Shyerbakovoy. — Tver: Kultura i traditsii, 2007. — ISBN 5-864-44126-0
  13. Loskutnoe shitye kak sposob ratsionalnogo ispolzovaniya otxodov shveynogo proizvodstva, Nauchniy statya, X. X. Saidova, Buxarskiy injenerno-texnologicheskiy institut, Buxara, UDK: 677.021.125, 2021
  14. Shahidlar shohi (Najmiddin Kubro tushlari), tarixiy-ma’rifiy qissa, Xurshid Davron, “Fan” nashriyoti, Toshkent, 2008
  15. Nasoyim ul-Muhabbat, Alisher Navoiy, Nasriy tabdil muallifi: Olimjon Davlatov, Yangi asr avlodi, 2018, ISBN: 978-9943-28-082-3
  16. Daholar dayrasi, Hamidjon Homidiy, Samarqand davlat universiteti, O’qituvchi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2011
  17. Quroqchilikning amaliy san’at turi sifatida o’quvchilarda ijodiy qobiliyatlarini shakllantirish yo’llari, Ilmiy maqola, Shohista Mamasoliyeva, Xalq ta’limi ilmiy-metodik jurnali, №3б 2018
  18. Giyasova D.R., Sadullayeva D.A., & Kazakova D.S. (2020). Improving the drawing mechanism of a drawing frame machine for forming threads by preliminary estimate fabric quality indicators. Journal of Critical Reviews, 7 (5), 370-375
  19. Izuchenie osobennosti loskutnoy texniki “kurokduzi”, Nauchnaya statya, Dilfuza Sadullayeva, Buxarskiy injenerno-texnologicheskiy institut, Uzbekistan, 2022
  20. Hikmati bisyor quroq yoxud quroq qaʼridagi sirlar xususida, M.Nazarova, Adolat ko’zgusi gazetasi, 2015
  21. Loskutnoe shitye kak sposob ratsionalnogo ispolzovaniya otxodov shveynogo proizvodstva, Nauchniy statya, X. X. Saidova, Buxarskiy injenerno-texnologicheskiy institut, Buxara, UDK: 677.021.125, 2021
  22. https://jizzax.uz/urf-odat-va-ananalar.html, Nikoh toʻyini oʻtkazish bilan bogʻliq marosimlar, Jizzax viloyati hokimli