Qozikalon madrasasi
Madrasa | |
Qozikalon madrasasi
| |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Hudud | Xorazm viloyati |
Shahar | Xiva |
Manzil | Ichan qalʼa MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi |
Maktab yoʻnalishi | sunniy |
Mulkdor | Davlat mulki. Xorazm viloyati madaniy meʼros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida |
Madrasa turi | Kichik |
Meʼmoriy uslub | Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi |
Binokorlik tashabbuschisi | Qozikalon Salim Oxun |
Binokorlik sanasi | 1905-yil |
Asosiy sana: | |
Maqomi | Davlat himoyasida |
Qozikalon madrasasi – Xivadagi meʼmoriy yodgorlik (1905); Ichan qalʼa tarkibida. Qozikalon madrasasi Ichan-qal’a muzey-qoʻriqxonasi yodgorliklari tarkibiga kiradi. Inshoot Juma masjidi va Matniyoz Devonbegi madrasasi orasida joylashgan. U 1905-yilda Xorazm bosh qozisi (qozikaloni) Muhammad Solih Oxund tomonidan qurilgan.
Madrasa asoschisi Bobooxun Salimovning oʻgʻli Xorazm Xalq Sovet Respublikasining birinchi adliya vaziri (nozir) boʻlgan. Salim oxun 30 yoshda ekanligida Xiva shahrining bosh qozisi mansabiga tayinlanadi. Shundan keyin oʻzining kuchli ilmi va iqtidori tufayli umrining soʻnggigacha uzoq payt bu mansabda faoliyat koʻrsatgan.
Hozirda u Oʻzbekiston madaniy merosi obyekti hisoblanadi. Bu sayyohlarga xizmat koʻrsatish va koʻrgazma obyekti boʻlib, u yerda „Xorazm musiqa sanʼati“ tarixi muzeyi joylashgan. Koʻrgazmada Xorazm musiqa sanʼatining qadim zamonlardan to hozirgi kungacha boʻlgan rivojlanish tarixini aks ettiruvchi buyumlar namoyish etiladi.
Madrasa qurilishida taniqli xorazm ustalari Xudaybergan hoji, Qalandar Koʻchum, Matjon Qulimov, Bagʻbek Abdurahmonov, Vais Kulol va boshqalar qatnashgan[1].
Meʼmorchiligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Madrasaning bosh fasadi shahar koʻchasiga qaragan. Inshoot sharqiy va gʻarbiy darvozalarni koʻndalang oʻqini bir-biri bilan birlashtirib turadi. Madrasa toʻrtburchak tarhli (32,5 x 23,4 m), peshtoq-gumbazli, darsxona (tarhi 4,7 x 4,7 m), hovli (16,6 x 9,8 m)dan iborat. Bosh peshtogʻining 2 burchagiga guldastalar ishlangan (ular yashil va koʻk koshinlar bilan bezatilgan); peshtoq orqali miyonsaroyga kiriladi, miyonsaroyning 2 yonida masjid va madrasa joylashgan. Madrasaning 16 ta hujrasi bor. Madrasa hujralarning eshik va derazalari ayvon tarafga qaratib qurilgan. Har bir hujrada alohida oʻchoq bor. Ayvonda quduq qazilgan, uning chuqurligi 8-10 metrga yetadi. Hovli atrofini balxi gumbazli 1, 2 xonali hujralar egallagan, jan. tomonida qoʻshimcha xonalar ham bor. Peshtoq va devordagi dandanalar rangli koshinlar bilan ziynatlangan; devorning tashqi va ichki tomonining yuqori qismi gorizontal yashil „bandak“ qatori bilan hoshiyalangan, devorlariga yassi ravoqlar ishlangan. Peshtoq ravogʻi kitobasida arab alifbosida falsafiy maʼnodagi sirkor bitiklar bor.
Madrasa oʻzining tashqi qiyofasi va sahnidan uncha katta boʻlib koʻrinmasada, oʻqitish uslubi jihatdan Xivadagi boshqa madrasalardan tubdan farq qilgan. Qozikalon madrasasida diniy ilmlar bilan bir qatorda fiqh-shariat qonunlari, turli zakot va soliqlar yigʻish, yani huquqshunoslik bilimlari berilgan[2]. Chunki podsho Rossiyasining yarim mustamlakasiga aylangan Xiva xonligida har xil mulkiy daʼvolar va islom diniga qarshi bid’at-xurofotlar ham tarqala boshlagan edi. Shunday vaziyatda jamiyatning islom fiqhi boʻyicha bilimlarini oshirish yana ham dolzarblashadi. Madrasada oʻqiganlar orasidan koʻplab odil qozilar, bilimdon raislar va mirzolar yetishib chiqqan[3]. Xalq ustasi Abdulla Boltayevning maʼlumot berishicha, madrasada 35 nafar talaba tahsil olgan.
Hozirgi holati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hozirda Qozikalon madrasasida „Xorazm musiqa tarixi“ muzeyi joylashgan. Koʻrgazma maydoni 125 kvadrat metrni tashkil etadi. Ekspozitsiyalardan Xorazm musiqa sanʼatida qadim zamonlardan boshlab hozirgi paytgacha boʻlgan rivojlanish tarixini koʻrsatuvchi 352 ta eksponat oʻrin olgan. Muzeyga tashrif buyuruvchilar ixtiyoriy holda qadimgi Xorazm maqomlari kuylari va qoʻshiqlarini tinglashlari mumkin[4].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Khiva-Qozi Kalon madrasa“ (inglizcha). turkestantravel.com. Qaraldi: 13-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Qozi - kalon madrasasi“. khivamuseum.uz. Qaraldi: 13-oktabr 2023-yil.
- ↑ Irzoyev, Bahrom „Mardikorlikdan qozikalonlikkacha – qirq yil xonga emas, xalqqa xizmat qilgan Muhammad Salim oxund“ (oʻzbekcha). oyina.uz (2022-yil 1-avgust). Qaraldi: 13-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Медресе Кази Калян“ (ruscha). meros.uz. Qaraldi: 13-oktabr 2023-yil.