Qora zirk
Qora zirk - Барбарис продолговатый - Berberis oblonga Sehneid
Biologik morfologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qora zirk (qoraqand) - zirkdoshlar oilasiga mansub boʻlib, boʻyi 4 metrgacha boradigan sershox buta. Oʻsimlikning eski shoxlarning kulrang, yosh novdalari qoʻngʻir boʻladi. Tikanlari uch boʻlakli. Barglari teskari tuxumsimon, choʻzinchoq, oʻtmas, chetlari biroz tishli yoki tekis, ularning uzunligi 2-6 sm keladi. Gullari sariq rangda boʻlib, gul shingili shoxlangan, rovaksimon. Mevasi qoramtir-binafsha rangda boʻlib, ellipsimon koʻrinishga ega.
Oʻsimlik may oyida gullab, iyun-iyul oylarida pishadi.
Tarqalishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mamlakatimizda tabiiy holda oʻsadigan zirklarning 12 turi qayd qilingan. Ular dengiz sathidan 1800 m balandlikda oʻsadi. Yovvoyi holdagi zirklar Yevropa, Oʻrta Osiyo hamda Uzoq Sharq hududlarida keng tarqalgan. Qora zirk tabiiy holda respublikamizning Toshkent, Samarqand, Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarining togʻli hududlarida, soy boʻylarida toʻp-toʻp boʻlib oʻsadi.
Respublikamizda zirkning qashqar, bergen, qizil, tugma, qoraqand kabi turlari uchraydi.
Tarkibi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qora zirk mevalari tarkibida vitamin C(250 mg), organik kislotalar (olma kislotasi, limon kislotasi, tatrat), xolinsifat moddalar, qand, mineral tuzlar va boshqa moddalar bor. Oʻsimlikning pishmagan mevalari, barglari, ildizi hamda poʻstloqlarida berberin, oksiksantin, berbamin, leontin alkaloidlar mavjud. Hosilga kirgan paytidagi barglari tarkibida vitamin E (tokoferol), efir moylari bor.
Xalq tabobatida qoʻllanilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Zirkning salomatlik uchun foydali neʼmat ekanligi juda qadim zamonlardan maʼlum. Ossuriya shoxi Ashshurbanipalning shaxsiy qiroatxonasida saqlanuvchi, bundan 2670-yil muqaddam sopol taxtachalarga yozilgan kitoblarga qaraganda, zirk "Qonni pokizalovchi" omil sifatida qadrlangan. Uning shifobaxsh xususiyatlaridan qadimiy Misr, Hindiston tabiblari tadbirkorlik bilan foydalanishgan
Abu Ali ibn Sino zirkni chanqoq qoldiruvchi, yurakka quvvat beruvchi hamda jigar kasalliklariga davo sifatida ishlatgan.
Qora zirk mevalari xalq tabobatida asab faoliyati sustlashganda, oshqozon-ichak, sariq kasalliklarini, hafaqonlikni davolashda ishlatiladi. Bundan tashqari undan haroratni pasaytiruvchi, ishtaha uygʻotuvchi, oʻt haydovchi, yalligʻlanishgaa qarshi vosita sifatida ham foydalaniladi. Xalq tabobatida zirk ildizidan tayyorlangan qaynatma (poʻsti ajratilganda) bezgak va bodning davosi hisoblanadi. Bu qaynatma xalq tilida "qiyomi zirk" deb atalib, uning suyuqlashtirilgani bilan ogʻiz boʻshligʻi kasalliklarida chayqash tavsiya etiladi.
Oʻsimlik barglarining suvli damlamasi bezgak asorati boʻlgan taloq shishida hamda jigar kasalliklarida ishlatilsa, ildiz poʻstloqlarining damlamasi oʻtdagi tosh, sariq, buyrak ogʻrigʻi, bod kabi kasalliklarni davolashda ishlatiladi.
Farmasevtikada qoʻllanilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ilmiy tibbiyotda, zirkdan tayyorlangan dori-darmonlar oʻt pufagi shamollashi bilan bogʻliq boʻlgan kasalliklarda, undagi tosh boʻlganda hosil boʻluvchi ogʻriqlarga yengillik beruvchi omil sifatida foydalaniladi. Zirk barglari asosida tayyorlangan spirtli aralashma qon toʻxtashi, yalligʻlanishga qarshi davo boʻlishi bilan birga qon tomirlarini toraytiradi, tomir urishini tezlashtiradi, oʻt ajralishini kuchaytiradi, bachadon mushaklarini qisqartiradi.
Sibir zirki ildizining sharbati suv bilan aralashtirilib suyuqlik tayyorlanganda, qon bosimini pasaytiradigan dori olinadi. Shuni aytish kerakki, tibbiyotda xavfli oʻsmalarni davolashda ishlatiladigan Zdrenko yigʻma dorisiga zirk oʻsimligining ildizi asos boʻlib xizmat qiladi.
Sanoatda qoʻllanilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Zirk mevalari ziravor sifatida keng koʻlamda qoʻllanadi. Uning mevalaridan murabbo tayyorlanadi. Oʻsimlik boʻyoqchilik sanoatida ham katta ahamiyatga ega. Uning ildiz va tanasidan junlarni boʻyash uchun sariq boʻyoq olinadi. Mevasidagi qizil rang esa jun matolarini boʻyash uchun yaxshi vosita hisoblanadi.
Zirkning poyasi och sariq rangda boʻlib, juda qattiq, mustahkam. Hind duradgorlari undan nafis buyumlar va mebellar yasashda foydalanadilar. Zirk gullaridan asal shirasi bor, ular oʻzidan koʻplab nektar ajratadi, ayniqsa, iliq va nam havoda olingan asali xushboʻy boʻladi. Zirk manzarali oʻsimlik sifatida ham qadrlanadi. Uning murgʻak novdalari, yashil barglari, tillarang gullari bahorda oʻzgacha dilbarlik kashf etadi.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Botanika va o`simliklar fiziologiyasi[sayt ishlamaydi]
- Dorivor o`simliklar va ularning inson hayotidagi roli
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Shifobaxsh ne`matlar M.Nabiyev, V.Shalnev, A. Ibrohimov Toshkent - «Mehnat» - 1989
- O`simliklarni yetishtirish texnologiyasi