Qirqqiz qalʼasi
Qirqqiz qalʼasi yohud O‘zbekiston hududidagi qizlarning ilk Islom Akademiyasi | |
---|---|
Umumiy maʼlumot | |
Turi | qalʼa |
Manzili | Termiz tumani |
Shahar | Termiz |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 37°16′01″N 67°17′25″E / 37.26686820555968°N 67.29025128472472°E |
Qurilishi boshlangan | IX asr |
Qurilishi tugagan | XV asr |
Buzilgan sana | XII-XII asrlar |
Egasi | davlat himoyasida |
Texnik holati | |
Material | loy, pishiq gʻisht |
Qavatlar soni | 2 |
Binoning ichki maydoni | 53.3 x 54.8 metr |
Qirqqiz qalʼasi |
Qirqqiz qalʼasi-O‘zbekiston hududidagi qizlarning ilk Islom Akademiyasi— Surxondaryo viloyatida joylashgan meʼmoriy yodgorlik (9—10-asrlar). Termiz tumanida vayrona holida saqlanib qolingan. Nima maqsadda qurilganligi (qalʼa, saroy, xonaqoh, karvonsaroy) haqida maʼlumot mavjud emas. Tadqiqotchilar tomonidan ushbu yodgorlik qanday vazifada foydalanilgani haqida turli farazlar mavjud. Shahar tashqarisidagi zodagon saroyi, qizlar madrasasi, xonaqoh, karvonsaroy va boshqa taxminlar bildiriladi. Oʻrta asrlarda Termiz shahrining tashqarisida joylashganligi qalʼa shahar tashqarisidagi qoʻrgʻon vazifasini oʻtaganligini koʻrsatadi. U dunyo tomonlariga moslab qatʼiy mujassamot tarzida bunyod etilgan.
Qurilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qirqqiz qal’asi IX asrda somoniylar tomonidan bunyod etilgan. Qal’a qurilishida Eron va Hindistondan olib kelingan ustalar qatnashgan. XII-XIII asrlarda moʻgʻullar hujumi vaqtida binoning ikkinchi qavati buzib tashlanadi.
Bu qal’a IX-XV asrlar davomida bir necha marotaba qayta bunyod etilgan[1].
Tuzilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qirqqiz qal’asi toʻrtburchak tarhli (53,3×54,8 m), 1 qavatli, faqat yoʻlaklardan tashkil topgan boʻlib, umumiy balandligi 2 qavatli. Jami 54 ta hujraga ega. Inshoot xom gʻisht (30×30×5 — 5,5 sm)lardan qurilgan, toq va ravoqlarida shu oʻlchamdagi pishiq gʻishtlar ham ishlatilgan. Qal’a tashqi tomoni qalin devor bilan oʻralgan (tashqi devor qalinligi 2—2,5 metr), burchaklari hajmdor burjlar bilan mustahkamlangan; burjlar oraligʻida toklar bilan yopilgan ayvonlar joylashgan, tarzlariga bir maromda takrorlanuvchi tuynuklar ishlangan. Qalʼaning barcha xonalari va markazdagi sahn (11,5×11,5 m) oʻzaro yoʻlaklar bilan bogʻlangan; markaziy sahn hovli yoki gumbazli zal boʻlgan deb taxmin qilinadi.
Qirqqiz qal'asi shimol, janub, g‘arb va sharqqa moslab qat'iy mujassimotda bunyod etilgan. Ayvon va yoʻlaklar binoni 4 qismga boʻlgan. Ular 2 ta bir xil tuzilgan qismlar boʻlib, har birida 5 xona va 3 tomonidan oʻralgan yoʻlakka ega, yoʻlak eni 2,1 metrga teng. Shimoli-gʻarbiy va shimoli-sharqiy hamda 2 ta janubi-gʻarbiy (2 ta yoʻlakcha bilan bogʻlangan 5 ta xona) va janubi-sharqiy (yoʻlakcha bilan bogʻlangan 2 ta xona va 3 ustunli katta mehmonxona) qismlardir. Yoʻlaklar va xonalar devordagi tuynuklar orqali yoritilgan. Qirqqiz qalʼasi yopmasida balxi hamda kesishgan gumbazsimon toqlar, boshqa turlardagi gumbazlar, toqlar va ravoqlar qoʻllangan. Qal'ada darsxona, hammom, hojatxonalar ham bo'lgan. Suv ariqlar orqali kirgan.
Qal’aga toʻrt tomonidagi darvozalar orqali kirish mumkin boʻlgan. Bu dunyoning toʻrt tomonidan kirish imkoni bor degan maʼnoda qurilgan.
Nomlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ogʻzaki maʼlumotlarga koʻra, xalq dostonlarida zikr etilgan dushmanlar hujumini qaytara olgan qahramon qiz Guloyim va uning 40 dugonasi aynan shu yerda yashagan[2].
Yana bir rivoyatga koʻra, 40 nafar xotini boʻlgan hukmdor 41-ayolga uylanmoqchi boʻladi. Unga qarshilik qilgan 40 ayolini shu qal’aga tiriklayin koʻmib yuboradi.
Mahalliy aholi qal'a mintaqadagi ilk qizlar akademiyasi vazifasini o‘taganiga ishonadi.
Shuningdek, 20-asrgacha xalq tomonidan Qirqqiz qalʼasi manzili „Shahri Somon“ deb ham atalgan[3].
Foydalanailishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Eng ishonchli faktlarga ko'ra, «Somoniylar hukmronligi zaiflashgan, taxt uchun yangi kurashlar boshlangan bir paytda Eski Termiz yaqinida qal'a qurdiriladi. Qal'a qizlar uchun xos akademiya, ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun yagona maktab sifatida ilk o‘quvchilarini qabul qilgan. Aytishlaricha, akademiyaning birinchi tinglovchilari yurtning eng iqtidorli va oqila 40 nafar qizi bo‘lgan. Shu tufayli, qal'a nomi aholi tomonidan Qirqqiz nomini oladi.
Hudud hukmdorlarining qizi shu yerda diniy va dunyoviy ilmlardan tahsil olgan. Qal'ada yashagan qizlar Islom dini, tibbiyot, hisob-kitob, astronomiya va kimyo, chorvachilik va harb ishidan puxta bilim olgan. Ular zamondoshlaridan ilg‘or, zehni o‘tkir olimalar bo‘lishgan. Afsuski, ular Chingizxon istilosi payti halok bo‘ladi. Rivoyatlarda aytilishicha, mo‘g‘ul askarlari qal'a himoyachilari qizlar ekanligidan xabardor bo‘lmay, qamal uchun katta kuch tashlaydi. Shunga qaramay, qizlar qal'ani mardonavor himoya qilib, ular kuchlar notengligi tufayli halok bo‘lgan. Eng so‘nggi himoyachining niqobi ochilib, mo‘g‘ul askarlarini esankiratib qo‘yadi», — deydi xalq dostonlari.
Oʻz vaqtida bu bino davolash majmuasi sifatida ham faoliyat yuritgan[4].
Arxeologik tadqiqotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]1926 yilda Sharq madaniyati muzeyi tomonidan o’tkazilgan ekspeditsiyada Qirq qiz birinchi marta o’rganilib, ekspeditsiya a’zosi V.Zgura yodgorlikni katta bo’lmagan saroy yoki shahar tashqarisidagi qal’a deb ta’riflaydi. Xorun ar-Rashid (786-809) qurdirgan Frot daryosi yaqinidagi Xigarka qal’asiga o’xshashligini aniqlaydi. V. Zgura inshootning yaqin orada qurilmaganini va mo’g’ullar bosqini arafasida XIII asrda vayron etilganini aytib o’tadi. Bir vaqtning o’zida 1927 y. Sharq madaniyati muzeyi tomonidan B.N.Zasipkin rahbarligidagi ikkinchi ekspeditsiya o’tkaziladi. Zasipkin Qirq Qiz qal’asining markaziy qismida qazishma ishlarini olib boradi. 1928 yilgi hisobotida avvalari yodgorlikning tom qismida gumbaz boʻlib, keyinchalik buzib tashlanganligi aniqlangan. Qirq qizni mo’g’ullargacha bo’lgan davrda qurilganini va yodgorlikni honaqo deb ataydi. 1948-yilgi tadqiqotlarida majmuani VIII-IX asrlarda qurilgan deb taxmin qiladi. 1936-yilda М.Y. Masson rahbarligida TAKE ekspeditsiyasi yodgorlikni o’rganib, VI-VOO asrlarga oid deb hisoblaydi. G.A.Pugachenkovaning fikriga ko’ra, shahar tashqarisidagi zodagon saroyi bo’lgan. Keying tadqiqotlari natijasida Ilk O’rta asrlarda qurilganini va keying asrlarda bu joylar “Shahri Somon” deb atalib, inshootda Somoniylar bilan bog’liqlik bo’lganini taxmin qiladi. 1940 yilda B.V. Veymarn Qirq qizni karvonsaroy deb ataydi. 1983-yilda Z.Hakimov yodgorlikda olib brogan qazishmalari natijasida katta maydonda yong’in bo’lganligini aniqlaydi. Poldan topilgan tangalarni E.V.Rtveladze XIV-XV asrlarga, bir tanga esa XII asrga oid ekanligini aniqladi. Termizlik arxeolog T.J.Annayev Qirq qizda 2016 y. juda keng ko’lamli ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi va buning natijasida ushbu binoni XIV-XV asrlarda qurilgan deb taxmin qildi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Qirqqiz qalʼasi“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi: 10-jild (Sharq — Qizilqum). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2005 — 656-bet.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Termiz tumanidagi Qirqqiz qal'asi“. meros.uz. Qaraldi: 08-2023.
- ↑ „Surxondaryoning arxeologik yodgorliklari“. uzbekistan.travel. Qaraldi: 08-2023.
- ↑ "Qirqqiz qalʼasi" OʻzME. Q-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Mo'minov, Qahramon. „Qirqqiz qal’asi. Afsona va haqiqatlar leytenant talqinida“ (o'zbek). xabar.uz (2019-yil 17-iyun).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
- ↑ „O‘zbekiston hududidagi qizlarning ilk Islom Akademiyasi haqida bilasizmi?“ (15:34 / 05.04.2019). 2023-yil 14-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 26-oktyabr.