Qaqshaltov tizmasi
Qaqshaltov tizmasi — Tyanshan togʻlari janubiydagi togʻ tizmasi. Qirgʻiziston bilan Xitoy chegarasida joylashgan. Uzunligi 400 km chamasida. Qaqshaltov tizmasining sharqiy, Sarijaz darasigacha boʻlgan qismini Boʻzqir deb ham ataydilar. Xontangri togʻ tuguni janubi-gʻarbidan boshlangan. Tizma shimolida sirtlardan 1000–1500 m koʻtarilgan. Oʻrta va sharqiy qismidagi muzliklar (600 dan ortiq) maydoni 983 km². Qaqshaltov tizmasi butun Tyanshan togʻlar guruhining yirik orografik birligi hisoblanadi. Balandligi 4000–6000 m. Eng baland joyi Gʻalaba choʻqqisi (7439 m). Gilli slanets, qumtosh, ohaktoshlardan tuzilgan, ular orasidan granitlar yorib chiqqan. Sarijaz, Qaqshal, Uzengegush daryolari tizmani tor daralar hosil qilib kesib oʻtgan. Janubiy yon bagʻri dasht oʻsimliklari bilan qoplangan, baland qismlarida esa oʻsimlik siyrak, qurum va toshloq togʻ tundrasidan iborat. Shimoliy yon bagʻri — baland togʻ oʻtloqlari va dashtlari.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |