Kontent qismiga oʻtish

Oqma yaralar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oqma yara („fistula“) deb, odatda, patologik sharoitda kovak organlarni, boʻshliqlarni (shu jumladan, patologik) yoki chuqur joylashgan toʻqimalarni badan yuzasi — tashqi muhit bilan tutashtirib turuvchi ingichka kanalga (patologik yoki artifitsial) aytiladi. Shuningdek, kovak organlarni bir-biri bilan ham tutashtirish mumkin. Oqma granulyatsion toʻqimalar yoki epiteliylar bilan qoplangan boʻladi.

Oqma yaralarning paydo boʻlish yoʻllari juda ham xilma-xil, bunga yalligʻlanish jarayonlari (infeksiya), yot jismlar, toʻqimalarning zararlanishi yoki oziqlanishining buzilishi, oʻsmalar, tugʻma anomal hollar sabab boʻlishi mumkin. Qator hollarda oqma yaralar sunʼiy ravishda yuzaga keladi, biroq ular jarrohlik yoʻli bilan davo qilingandan soʻng yaraning yiringlashi va infeksiya tushgan choklar tufayli (bunday hollarda oqma yara infeksiyalashgan barcha qon tomirlar, toʻqimalar tikilganda ishlatilgan iplar (ligaturalar)dan infeksiya olib tashlanmaguncha bitmaydi) rivojlanishi mumkin. Yiringli oqma yaralar koʻpincha osteomiyelit, suyak boʻgʻimi sili, yot jismlar, shuningdek qorin boʻshligʻi organlari operatsiyasidan keyin uchraydi. Oqma yaralardan chiqayotgan ajratma xususiyati rang-barang boʻlib, u etiologiya bilan bogʻliqdir. Bu jinsiy aʼzo hosilalari (siydik, safro, nafas va boshq), yiringli ekssudat, toʻqima detriti, shilliq moddalar boʻlishi mumkin.[1]

Oqma yaralar turlicha belgilarga qarab ajratiladi. 1. Kelib chiqishiga koʻra, tugʻma va hayotda orttirilgan turlari farqlanadi. Tugʻma oqma yaralar — tugʻma nuqsonlar (anomaliyalar) sababli: kistalar va boʻyin oqma yaralari (ular rudasimon oyquloq ravoqlarga oiddir); kindik oqma yarasi (uraxusning qoldigʻiga xosdir). 2.Tashqi va ichki oqma yaralar ham farqlanadi. Tashqi oqma yaralar ichki organlarni, boʻshliqlarni yoki chuqur joylashgan toʻqimalarni badan yuzasi bilan tutashtiradi (sterkoral, pararektal, bronxotorakal oqma yaralar). Ichki oqma yaralar yonma-yon joylashgan kavak organlar yoki organ bilan chuqur joylashgan patologik boʻshliqlar oʻrtasida paydo boʻladi (meʼda-ichak, bronx-plevral, bronx-ezofagal teshik yarasi).[2]

  1. Oripov. Oqma yaralar, 2, Toshkent: Yangi asr avlodi, 2008-yil — 470-474-bet. ISBN 978-9943-08-238-0. 
  2. Кузин. Дифференциальная диагностика. Москва: Медицина, 2002-yil — 181-182-bet. ISBN 978-5-225-00920-4.