Omina Fayozova
Omina Fayozova (1917.5.1, Buxoro 1993.12.11, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq artisti (1973). Moskva davlat konservatoriyasi krshidagi Oʻzbek opera studiyasida oʻqigan (1934—1935). Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan (1961). Buxoro teatrida (1932—1934), Yosh tomoshabinlar teatrida (1935—1939), 1939-yildan Muqimiyteatrida ishlagan. „Halima“ (Gʻulom Zafariy) spektaklidagi oʻgʻil bola roli uning sahnadagi ilk obrazidir. Keyinchalik „Halima“ da Halima, „Arshin mol olon“ (U. Hojibekov)da Gulchehra, „Paranji sirlari“ (Hamza)da Guljon, „Tohir va Zuhra“ (S. Abdulla)da Yulduz, „Ravshan va Zulxumor“ (Komil Yashin va T. Jalilov)da Oqqiz, „Momo yer“ (Ch. Aytmatov)da Toʻlgʻanoy, „Togʻ goʻzali“ (S. Saidmurodov va A. Muhammedov)da Idimoh, „Qaynona“ (M. Shamxalov)da Qaynona, „Onasining qizi“ (Shuxrat) da Hojar, „Maysaraning ishi“ (Hamza)da Oyxon, Maysara, „Farhod va Shirin“ (Xurshid)da Yosuman kabi obrazlarni yaratdi. Plastik ifodaviylik, soʻzlarni donadona ishlatish, ayniqsa, oʻtkir hajv va yumor vositalaridan foydalanish, oʻtkir ijtimoiy xarakterlar yaratish Fayozova ijodiga xos xususiyatlardir. „Nurxon“ (Komil Yashin va T. Jalilov)dagi Xalcha obrazi aktrisa ijodida alohida oʻrin tutadi. „Qaynona“ televizion spektaklidagi Qaynona roli unga katta shuxrat keltirdi. Fayozova filmlar („Chinor ostidagi duel“ va boshqalar)da ham suratga tushgan. „Tabassum“ radiojurnali va televizion miniatyuralar teatrining faol ishtirokchisi boʻlgan. „Yer qimirlaganda“, „Qaynona bilan kelin“, „Erka kampir“ kabi kichik kulki xikoyalarning muallifi. U 1947-yildan dublyaj sanʼati bilan shugʻullanib, koʻp kinofilmlarda ovoz bergan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |