Komil Yashin
Komil Yashin, (taxallusi; asl nomi Komil Nuʼmonov) (1909.25.12, Andijon — 1997.25.09, Toshkent) — shoir, dramaturg, publitsist va jamoat arbobi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1969), Oʻzbekiston fanlar akademiyasi akademik (1968), Mehnat Qahramoni (1974). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1939). Halima Nosirovaning turmush oʻrtogʻi. Leningraddagi oʻrmon xoʻjaligi institutida oʻqigan (1925—28). Andijon maktablarida oʻqituvchilik qilgan (1928—30). Andijon viloyat va Oʻzbek musiqali drama teatrlarida adabiy emakdosh (1930—36), Sanʼat ishlari bosh boshqarmasida boshliq (1946—49), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida rais (1958—80), „Oʻzbek tili va adabiyoti“ jurnalda bosh muharrir (1969—80, jamoatchilik asosida). Adabiy faoliyati 1925-yildan boshlangan. Uning shu yillardan boshlab yozgan sheʼrlari „Quyosh“ (1930), „Kurash“ (1931) va boshqalar toʻplamlariga kiritilgan. Ayni paytda teatr sanʼati bilan ham qiziqib, „Kar quloq“ (1926), „Teng tengi bilan“, „Lolaxon“ (1927), „Quyosh“ (1929) kabi bir pardali pyesa va inssenirovkalar yozgan. „Lolaxon“ pyesasining Qori Yoqubov rahbarligidagi Etnografik ansambl repertuariga kiritilishi (1927), ayrim pyesalarining Andijon teatrida sahnalashtirilishi (1929) Yashindagi teatr sanʼatiga boʻlgan maylni kuchaytirgan. Uning 30-yillar voqeligida kechayotgan murakkab jarayonlarni aks ettiruvchi „Oʻrtoqlar“ (1930), „Yondiramiz“ (1931), „Ichkarida“ (1933, 1935 yilda qayta ishlanib, „Gulsara“ nomi bilan sahnalashtirilgan), shuningdek, „Nomus va muhabbat“ (1935) pyesalari maydonga kelgan. Yashin dramaturgiya sohasidagi bu dastlabki asarlari bilan shoʻro davri adabiyotining gʻoyaviylik tamoyiliga qatʼiy rioya qiluvchi yozuvchi sifatida tanilgan.
Yashin tarixiy-ijtimoiy davr talabi bilan „Nurxon“ (1940) pyesasini yozgan va uni musiqiy drama teatri sahnasiga olib chiqqan. Dramaturg bosh qahramonning halokati bilan yakunlanuvchi ushbu asarida jamiyat va shaxs erkinligi mavzusini adabiyotning insonparvarlik tamoyili asosida yechishga uringan.
Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmning bosqinchilik mohiyatini ochishga qaratilgan „Oʻlim bosqinchilarga“ (1942), front orqasida qahramonona mehnat qilgan fidoyi kishilar haqidagi „Davron ota“ (1942, Uygʻun, Sobir Abdulla, Chustiy bilan birga), „Oftobxon“ (1944), urushdan keyingi yillarda esa „General Rahimov“ (1949) pyesalarini yozgan. Shaxsga sigʻinish fojialari fosh etilib, taniqli davlat, jamoat va madaniyat arboblarining nohaq qatagʻon etilgani oshkor boʻlgan davrda Fayzulla Xoʻjayevga bagʻishlangan „Inqilob tongi“ (1974) pyesasini yaratgan.
Yashinning dramaturg sifatida shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatgan omillardan biri uning Hamza bilan ijodiy hamkorligidir. Yashin Hamzaning kichik sahna uchun moʻljallangan „Boy ila xizmatchi“ pyesasini 1939-yilda qayta ishlagan. Uning saʼyharakati bilan Hamzaning „Paranji sirlaridan bir lavha“ va „Maysaraning ishi“ pyesalari ham topilib, sahnalashtirilgan. „Maysaraning ishi“ komediyasi asosida opera spektakli va kinofilm yaratilgan. Yashin ijodida Hamza obrazini yaratish masalasi ham markaziy oʻrinlardan birini tashkil etadi ["Hamza" (1940, A. Umariy bilan birga) dramasi, „Hamza“ (Sobir Muhamedov bilan birga) filmi (1960, rejissyorlar Zohid Sobitov, N.Radov) ssenariysi va shu nomdagi opera librettosi (1961, kompozitor S. Boboyev), B. Privalov va Sh. Abbosov bilan birga „Olovli yoʻllar“ (1975—84, rejissyor Sh. Abbosov) 14 seriyali telefilm ssenariysi]. Shoʻro hukumati buyurtmasi bilan yaratilgan „Olovli yoʻllar“ teleserialida Yashin Hamza obrazini haddan ziyod sovetlashtirib, tarixiy haqiqatning buzilishiga yoʻl qoʻygan. Shunday nuqson Yashinning „Hamza“ (1987) romanida ham seziladi.
Ashrafiy va Sergey Vasilenkoning 1916-yil qoʻzgʻoloniga bagʻishlangan „Boʻron“ (1939) birinchi oʻzbek operasi, yana shu kompozitorlarning Katta Fargʻona kanali qurilishi haqidagi „Ulugʻ kanal“ (1940, Mahmud Rahmon bilan birga), Navoiy dostoni asosidagi „Dilorom“ (1958, Muzaffar Muhamedov bilan birga) opera librettolarini yozgan. Bundan tashqari, Yashin musiqali drama teatri uchun Navoiy dostoni asosida „Farhod va Shirin“ (1944), Ergash Jumanbulbul dostoni asosida esa „Ravshan va Zulxumor“ (1956) dramalarini yaratgan.
„Asal“ (1940, rejissyor M. Yegorov, B. Kazachkov), „Hamza“ (1960), „General Rahimov“ (1967, I. Lukovskiy va Zohid Sobitov bilan birga, rejissyor Zohid Sobitov), „Shiddat“ (1971, rejissyor Ali Hamroyev) kabi badiiy va „Salom, Bahor“ (rejissyor Ali Hamroyev) hujjatli filmlari uchun ssenariylar ham yozgan.
William Shakespearening „Antoniy va Kleopatra“, U. Gajibekovning „Arshin mol olon“, I. Brusilovskiyning „Er Torgʻin“, B. Kerboboyevning „Maxtumquli“, M. Husaynning „Olov“, I. Qosimovning „Inson mehri“, L. Sobolevning „Xoʻjayin“ pyesalarini tarjima qilgan.
Toshkent va Andijon shahrilaridagi koʻchalardan biri Yashin nomi bilan ataladi. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1968).
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Tanlangan asarlar. 1—4j.,T.. 1970— 72; Yodnoma, T., 1989.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdusamatov H. Samatov M.. Yashin, T., 1964; Abdusa m atov H., Tradipiya va novatorlik problemasi. T., 1974; Abdusamatov H., Estetika va hayot, T., 1976; XX asr oʻzbek adabiyoti tarixi, T., 1999. Naim Karimov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |