Oʻzbek tilining izohli lugʻati (2006–2008)
„Oʻzbek tilining izohli lugʻati“ I jildining titul beti | |
Asl nomi | Ўзбек тилининг изоҳли луғати |
---|---|
Muharrir(lar) | Abduvahob Madvaliyev |
Til | oʻzbekcha |
Janr(lar)i | Izohli lugʻat |
Nashriyot | „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti |
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi | 2006–2008 |
Sahifalar soni |
680 (I jild) 672 (II jild) 688 (III jild) 608 (IV jild) 592 (V jild) |
„Oʻzbek tilining izohli lugʻati“ — oʻzbek tilining besh jildli izohli lugʻati. Bu lugʻat shu kungacha chiqarilgan eng keng koʻlamli oʻzbekcha izohli lugʻatlardan biridir. Lugʻat 1981-yil chop etilgan ikki jildli izohli lugʻatga asoslangan. 2006–2008-yillarda „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyotida bosilib chiqqan.
Lugʻatga hozirgi oʻzbek adabiy tilida keng qoʻllaniladigan 80 000 soʻz va soʻz birikmalari, fan, texnika, sanʼat va madaniyat sohalariga oid atamalar, ayrim shevaga oid hamda tarixiy va eskicha soʻzlar kiritilgan. Lugʻatda soʻzlarning qoʻllanishi oʻzbek adabiyoti va matbuotidan olingan misollar bilan dalillangan.
Izohli lugʻat Abduvahob Madvaliyev tahriri ostida tayyorlangan. Lugʻat Oʻzbekistonda lotin yozuvi kiritilganidan ancha vaqtdan keyin tayyorlangan boʻlsa ham, kirill alifbosida chop etilgan. 2014-yil „Oʻzbek tilining izohli lugʻati“da berilgan barcha izohlar Oʻzbekcha Vikilugʻatga maxsus bot yordamida qoʻshildi.
2020-yil „Oʻzbekiston nashriyoti“ davlat unitar korxonasida toʻldirilgan ikkinchi nashri eʼlon qilindi[1]. Yangi nashrda asosan texnik, imloviy va punktuatsiyon kamchiliklar tuzatilgan. 2022-yil ayni lugʻat asosida oʻzbek lotin yozuvida hozirlangan izohli lugʻat bosilib chiqdi.
Jildlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Birinchi nashr
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jild | Nashr yili | ISBN | Jilddagi maqolalar qamrovi |
---|---|---|---|
I | 2006 | ISBN 5-89890-132-9 | А – Д |
II | 2006 | ISBN 978-9943-07-051-6 | Е – М |
III | 2007 | ISBN 978-9943-07-051-6 | Н – Тартибли |
IV | 2008 | ISBN 978-9943-07-051-6 | Тартибот – Шукр |
V | 2008 | ISBN 978-9943-07-051-6 | Шукрона – Ҳ |
Ikkinchi nashr
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jild | Nashr yili | ISBN | Jilddagi maqolalar qamrovi |
---|---|---|---|
I | 2020 | ISBN 978-9943-6520-1-9 | А – Д |
II | 2020 | ISBN 978-9943-6520-2-6 | Е – М |
III | 2020 | ISBN 978-9943-6520-3-3 | Н – Тартибли |
IV | 2020 | ISBN 978-9943-6520-4-0 | Тартибот – Шукр |
V | 2020 | ISBN 978-9943-6520-5-7 | Шукрона – Ҳ |
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 10-sentabrdagi 311-sonli qarori bilan 1981-yil ikki jildli izohli lugʻat chop etilganidan keyingi davrda oʻzbek tilida roʻy bergan oʻzgarishlarni eʼtiborga olib koʻp jildli lugʻat tuzish davlat dasturiga kiritilgan. Lugʻatni tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti zimmasiga yuklangan.
Lugʻat 1981-yilda nashr etilgan izohli lugʻat materiallaridan foydalanib tayyorlangan. Lekin yangi lugʻatda uning 1981-yilgi lugʻatning toʻldirilgan yoki yangi nashri emas, balki roʻy bergan leksikografik oʻzgarishlar aks ettirilgan mutlaqo yangi lugʻat ekanligi aytilgan:
Bir umumiy lugʻaviy maʼnoga ega boʻlgan soʻz shakllaridan asosiysini berish, qolganlarining esa, maʼnoda muayyan siljish, oʻzgarish boʻlmagan hollarda berilmasligi; avvalgi lugʻatda „eskirgan“, „diniy“ kabi belgilar ostida berilgan (yoki umuman berilmagan) tarixiy, etnografik, diniy terminlarga yangicha yondashuv; oʻzbekcha yoki umumturkiy boʻlmagan soʻz va terminlarga (arabcha, forscha, baynalmilal, ruscha va boshqa tillarga mansub soʻzlarga) mumkin qadar toʻliq etimologik maʼlumot berish kabilar ham ushbu lugʻatning oʻziga xos xususiyatlaridan hisoblanadi.[2]
Lugʻat normativ (meʼyoriy) boʻlib, unda adabiy oʻzbek tilining imlo, talaffuz, soʻz yasash va uni ishlatish normalari tavsiya qilingan. Lugʻatda har bir soʻzning toʻgʻri yozma shakli, oʻzlashma soʻzlarning etimologiyasi, ayrim hollarda talaffuzi ham berilgan. Soʻzlarning aniqlangan maʼnolari va shu maʼnolarda toʻgʻri qoʻllanishi oʻzbek badiiy adabiyoti va matbuotidan olingan misollar, iqtiboslar bilan tasdiqlangan.
Kartotekasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Lugʻatni tuzishdan avval kartoteka, yaʼni lugʻatning leksik asosi tuzilgan va boyitilgan. Kartotekaga XX—XXI asrlarda chop etilgan ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-texnikaviy, ilmiy-ommabop asarlar, darsliklar, matbuotdan olingan uch millionga yaqin misol-kartochka toʻplangan.[2]
Yoʻriqnoma
[tahrir | manbasini tahrirlash]Lugʻat kartotekasini boyitish bilan bir vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori, professor Azim Hojiyev tomonidan „Oʻzbek tilining koʻp jildli izohli lugʻatini tuzuvchilar uchun yoʻriqnoma“ ishlab chiqilgan. Yoʻriqnoma qoʻlyozmasi mutaxassislar orasida keng muhokama qilinganidan keyin 2000-yil nashr etilgan.[2]
Muharrirlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tahrir hayʼati E. Begmatov, Abduvahob Madvaliyev, N. Mahkamov, N. Toʻxtayev, E. Umarov, D. Xudoyberganova, Azim Hojiyevlardan iborat boʻlgan. Hayʼatga Toʻra Mirzayev rahbarlik qilgan.
Lugʻatning ayrim harflarini Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori, professor Shonazar Shoabdurahmonov, Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov, filologiya fanlari doktorlari, professorlar A. Nurmonov, N. Mahmudov va A. Mamatov, fizika-matematika fanlari doktori, professor Sh. Egamberdiyev, geografiya fanlari doktori S. Qoriyev, filologiya fanlari nomzodi S. Olimovlar koʻrib chiqqan.
Lugʻat qoʻlyozmasining dastlabki va soʻnggi, yakuniy tahriri, etimologik maʼlumotlarni tegishli manbalar asosida aniqlashtirish, muhokama va taqrizlarda bildirilgan barcha fikr-mulohazalar hisobga olingan holda filologiya fanlari nomzodi Abduvahob Madvaliyev tomonidan amalga oshirilgan.[2]
Tuzuvchilar
[tahrir | manbasini tahrirlash]„Lugʻatning tuzilishi va undan foydalanish“ qismini Azim Hojiyev yozgan. A, V, Ye, I, Y, K, L, M, T, U, Sh, E, Yu, Ya, Oʻ, Q, Gʻ, H harflari Azim Hojiyev, B, D, F, harflari filologiya fanlari doktori, professor E. Begmatov, (B, D harflari Abduvahob Madvaliyev bilan hamkorlikda), N, O harflari filologiya fanlari nomzodi N. Mahkamov, P, R harflari filologiya fanlari nomzodi Z. Mirahmedova, S, X, Ts, Ch harflari filologiya fanlari nomzodi D. Xudoyberganova (S harfi Abduvahob Madvaliyev bilan hamkorlikda) tomonidan tuzilgan. S harfining dastlabki variantini tuzishda filologiya fanlari doktori M. Sodiqova ishtirok etgan.[2]
Komputer nusxasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Lugʻatning dastlabki tahrirdan keyingi komputer nusxasini kichik ilmiy xodimlar R. Qilichev, I. Panasenko va D. Hakimovlar tayyorlagan. Soʻnggi tahrirdan keyingi komputer nusxani esa katta ilmiy xodim E. Panasenko tayyorlagan.
Texnik ishlarni bajarishda kichik ilmiy xodimlar J. Mamatov, N. Chinniqulov, D. Akbarova, S. Sattorova va O. Jumayevlar ishtirok etgan.[2]
Elektron versiyalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]2014-yil „Oʻzbek tilining izohli lugʻati“da berilgan barcha izohlar Oʻzbekcha Vikilugʻatga maxsus bot yordamida qoʻshildi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „"Oʻzbek tilining izohli lugʻati" yangi tahrirda“. Oʻzbekiston Resublikasi Fanlar akademiyasi (3-iyul 2020-yil). Qaraldi: 23-iyul 2023-yil.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 „Soʻzboshi“, Oʻzbek tilining izohli lugʻati (I jild). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2006 — 5-bet.