Nosir Mirzo
Nosir Mirzo | |
---|---|
Tavalludi | 1487 |
Vafoti | 1512 boshqa manbalarda 1515 |
Fuqaroligi | Temuriylar davlati |
Dini | Islom |
Otasi | Umarshayx Mirzo |
Onasi | Umid Ogʻocha |
Nosir Mirzo (1487—1512) — temuriy hukmdor Umarshayx Mirzoning kenja oʻgʻli, Bobur Mirzoning ukasi, shuningdek, Kosonsoy hokimi. Nosir Mirzo Umarshayx Mirzoning Umid Ogʻocha ismli rafiqasidan tugʻilgan farzandi boʻlib, unga Vays Logʻariy ismli kishi bek atkalik qilgan[1]. Umarshayx Mirzo oʻlgan vaqtda Nosir Mirzo Kosonsoyda boʻlgan. Shahzoda keyinchalik akasi ortidan Kobulga ketadi. Bobur Mirzo unga bir qancha viloyatlarni boshqarish ishlarini topshirgan. Nosir Mirzo akasining harbiy yurishlarida ham ishtirok etib kelgan. Xususan, Bangash va Bannu viloyatlarini boʻysundirishda ishtirok etgan. 1505-yilda Boburdan yuz oʻgirgan Nosir Mirzo Badaxshonga yoʻl oladi va badaxshonlik mahalliy beklar yordamida hokimiyatni oʻz qoʻliga oladi. Ikki yillik hukmronlikdan keyin Badaxshon mahalliy beklari boʻlgan Muborakshox va Muhammad Koʻrchi kabi beklarning isyoni yuz beradi. Boʻlib oʻtgan toʻqnashuvda Nosir Mirzo yengilib, yana akasining yoniga — Kobulga qaytadi. Bobur Mirzo tomonidan 1507-yilda amalga oshirgan Qandahor yurishida ishtirok etgan Nosir Mirzo u yerga hokim etib tayinlanadi. Muhammad Shayboniyxon Qandahorni qamal qilgan vaqtda Nosir Mirzo akasi Jahongir Mirzo yoniga qochib borgan. Bu vaqtga kelib Jahongir Mirzo vafot etadi va Bobur Mirzo uning oʻrniga Nosir Mirzoni hokim etib tayinlagan. 1511-yili yana Samarqand yurishi uchun ketgan Bobur Mirzo Nosir Mirzoni Kobulda qoldirib ketgan. Biroq janglarda yengilgan Bobur Hisor orqali Kobulga qaytib keladi. Kobulni yaxshi boshqargani uchun ukasiga minnatdorchilik bildirgan Bobur uni Gʻaznaga qaytib ketishi mumkinligini aytgan. Lekin Nosir Mirzo joʻnat ketishga ulgurmay vafot etgan[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Babur, Zahir-ud-din. Baburnama — a Memoir — translated from the original Turkish text by Anna Sussanah Beveridge. New Delhi: Rupa Publications, 2017 — 7–8-bet. ISBN 978-81-291-4175-0.
- ↑ Rustamjon Ummatov. Gʻaznai Namangon. Toshkent: Sharq — 81-bet.