Norali Norboyev
Norali Norboyev | |
---|---|
Tavalludi |
1935-yil 7-mart Surxondaryo viloyati Angor tumani |
Istiqomat joylari | Surxondaryo, Buxoro, Toshkent |
Fuqaroligi | O‘zbekiston SSR, O‘zbekiston Respublikasi |
Kasbi | olim, pedagog |
Sohasi | biologiya, fizika |
Taʼlimi | Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti) |
Ilmiy darajasi | biologiya fanlari doktori |
Ilmiy unvoni | professor |
Mukofotlari | O‘zbekiston Respublikasi xalq ma’orifi a’lochisi (1985); O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim a’lochisi (2001); O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi (2003). |
Norali Norboyev (1935-yilda tug‘ilgan) — radiatsion biofizika sohasidagi olim, fandagi biofizik radioekologiya yo‘nalishi asoschisi, biologiya fanlari doktori, professor.
Tarjimayi holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Norali Norboyev 1935-yil 7-martda Surxondaryo viloyati Angor tumanida dehqon oilasida tug‘ilgan. 1954-yili shu tumandagi yetti yillik A.S. Pushkin nomli maktabni tugatib, 1955-yili Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ning fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirdi[1]. 1960-yili fizika-matematika fakulteti fizika bo‘limini tugatganidan keyin, Angor tumanidagi Partiya XXV syezdi nomli maktabda ishlay boshladi.
Norali Norboyev 1961-yilda SSSR Fanlar akademiyasi huzuridagi Biofizika institutiga aspiranturaga qabul qilindi. SSSR Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, professor A.M. Kuzin rahbarligida u elektrofizik parametrlar bilan birgalikda nur kasalligiga olib keluvchi ortixinon, ortofenol kabi moddalarni elektron-polyargrafik xususiyatlarini radiatsiya miqdoriga bog‘lab o‘rgandi. 1967-yil 3-martda Norali Norboyev fizika fanlari nomzodligi uchun dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi[2]. Shu yili Termiz davlat pedagogika instituti (hozirgi Termiz davlat universiteti) fizika-matematika kafedrasi o‘qituvchisi, dekabrda kafedra mudiri bo‘ldi.
U 1974—1976-yillarda doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib bordi. SSSR Fanlar akademiyasi huzuridagi Biofizika ilmiy-tekshirish institutining radiobiologiya, radiatsion biofizika bo‘limlarida, M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining radiatsion biofizika problematik laboratoriyasida, SSSR Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi A.M. Kuzin va professor Y.B. Kudryashov laboratoriyalarida ilmiy tajribalar o‘tkazdi va 16 ta ilmiy ishini e’lon qildi.
Norali Norboyev 1970-yillardan boshlab atom nurlarining tirik organizmga ta’siri va chidamliligi masalasi bilan shug‘ullandi. Tabiiy radioaktivlik katta miqdorda bo‘lgan tuproqda o‘simliklarning chidamliligi borasida izlanishlar olib bordi. Radioaktivlik quvvati oddiy joylarga nisbatan juda yuqori bo‘lgan yerlarda o‘simlik atom nurlariga chidamli ekanligini fanda birinchi bo‘lib aniqladi. U 1981-yili M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti ilmiy kengashida biofizika mutaxassisligi bo‘yicha doktorlik dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 1983-yili esa fizika kafedrasining professori bo‘ldi.
Norali Norboyev SSSR Davlat gidrometeorologiya qo‘mitasi va Moskva davlat universiteti olimlari bilan hamkorlikda Yerning sun’iy yo‘ldoshlari orqali yorug‘lik intensivligini o‘lchash bilan shaharlar ustidagi atmosfera ifloslanishi darajasini aniqlash va elektron hisoblash mashinasi yordamida uni ogohlantirish ustida ilmiy izlanishlar olib bordi.
Mukofotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- O‘zbekiston SSR xalq ma’orifi a’lochisi (1985);
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim a’lochisi (2001);
- O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi (2003)[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Қодиров Б. Сурхондарё олимлари (библиографик маълумотлар). Тошкент: Меҳнат, 1990 — 17-bet.
- ↑ Норбаев Н. Полярографическое исследование количественных закономерностей образования хинонов в облученных тканях. Автореферат дис. на соискание ученой степени кандидата биологических наук, Ташкент, 1967 — 18-bet.
- ↑ „Нарали Нарбаев“. Qaraldi: 2023-yil 25-iyul.