Nefise Melek Hatun
Nefise Melek Hatun | |
---|---|
turkcha: Nefise Melek Hatun' | |
Tugʻilishi |
1363-yil Bursa, Usmonlilar imperiyasi |
Vafoti |
1400-yil Karaman, Karamanoğulları bekligi |
Turmush oʻrtogʻi | Alâeddin Ali Bey |
Farzandlari |
Sultanzâde Nâsıreddin Mehmed Bey II Bengi Alâeddin Ali Bey II |
Uy |
Usmonlilar sulolasi (tugʻilish) Karamanoğulları (turmush) |
Otasi | Murod I |
Dini | Sunni Islom |
Nefise Melek Hatun (turkcha: Nefise Melek Hatun) — Karamanoğulları bekligida 1361-1398-yillar orasida hukmdorlik qilgan turk bekining turmush oʻrtogʻi, Usmonlilar imperiyasi sultoni Murod Ining qizi, Karaman beklari Sultanzâde Nâsıreddin Mehmed Bey II va Bengi Ali Beyning onasi. Karamanoğulları bekligi 1250-1487-yillar orasida Onadoʻlida hukm surgan boʻlib, XIV-XV asrlarda Onadoʻlida Usmonlilar imperiyasi bilan birga eng qudratli davlat hisoblangan.[1][2]. XIV asr oʻrtalarida Karaman bilan Usmonlilar imperiyasi oʻrtasida bir qancha toʻqnashuvlar boʻlib oʻtgan.
Tarix
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nefise Melek 1363-yilda Usmonlilar imperiyasining poytaxti Bursa shahrida tugʻilgan boʻlib, otasi sulton Murod I. Usmonli beklegi XIV asr boshidan buyon oʻz hududini Rumeli va Onadoʻli ichiga qarab kengaytirib borgan. XIV asr oʻrtalariga kelganda, Usmonlilar imperiyasi Onadoʻlidagi eng kuchli davlatlardan biriga aylandi. Onadoʻlidagi yana bir katta kuchga ega boʻlgan davlat Karamanoğulları bekligi edi. Davlatlar oʻrtasida koʻplab urushlar boʻlib oʻtdi. Mana shu urushlarni oldini olish, ikki mamlakat oʻrtasida tinchlikka erishish uchun 1377-yil yoki 1378-yilda usmonli sultoni Murod I qizi Nefise Melek Hatunni Karaman beki Alâeddin Ali Beyga turmushga berdi.
Usmonli sultoni Murod I imperiyaning Yevropa qismi boʻlgan Rumelida hududlarni fath etish bilan shugʻullangan bir vaqtda, Ali 1386-yilda Usmonli qalʼasi Beyşehirni egallashga urinib koʻrdi. Onadoʻluga qaytgan Murod I, poytaxt Koʻniya yaqinidagi Frenkyazısı degan joyda Alining kuchlarini magʻlub etdi. Professor Halil İnalcıkning fikricha, bu urushning ahamiyati shundan iboratki, u muntazam armiyaning (Yeniçeriler) qabila qoʻshinlaridan ustunligini koʻrsatdi. Nefise Melek Hatunning oʻrtaga tushishidan keyin Beyşehir Usmonlilarga qaytarib berilishi sharti bilan Murod I ortga qaytdi.
1389-yilda Birinchi Kosovo jangida Murod I shahit boʻlgach, Ali ikkinchi marta Usmonli yerlariga bostirib kirdi. Biroq 1390-yilda yangi sulton Boyazid I Yildirim Onadoʻluga qaytdi va kichik bekliklarni magʻlub etib, Karamanoğulları bekligiga qarshi soʻnggi hujumga tayyorgarlik koʻrdi. Onadoʻlining qolgan ikki hukmdori Kadı Burhâneddin va Candaroğulları bekligi beki Sulaymon kuchayib borayotgan Usmonli kuchidan qoʻrqib, ularga qarshi ittifoq tuzdilar. Shu sababdan Usmonlilar hujumni bekor qildilar.
Boyazid janubiy Ruminiya hududlarini fathi bilan ovvora boʻlgan vaqtda, Ali yana Usmonli tuproqlarini ishgʻol qildi. Bu safarga maqsad Anqarani egallash edi. Onadoʻli beklarbegi Kara Timurtaş Paşa qoʻlga olindi. 1398-yilda Alining tinchlik chaqiriqlarini qabul qilmagan Boyazid Yildirim, Koʻniyani egalladi va Alini qatl ettirdi.
Nefise Hatun Karamanni qamal qilgan ukasi Boyazid I Yildirimdan ikki oʻgʻli bilan birga avf tilaganidan soʻng, oʻgʻillari bilan birga Bursaga joʻnatilgan. Nefise Hatun 1400-yilda vafot etgan.