Nazirbek Аbdujabborbekov
Nazirbek Аbdujabborbekov | |
---|---|
Tavalludi |
1878-yil |
Fuqaroligi | SSSR |
Taʼlimi | Mir Arab madrasasi |
Kasbi | imom, mudarris |
Otasi | Abdujabborbek |
Nazirbek Abdujabborbekov (1878-yil, Samarqand – ?) – imom, mudarris. Sovet hukumatining xufya xizmatlarini bajargan. Stalin qatagʻoni davrida qamalgan.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nazirbek Abdujabborbekov 1878-yilda Samarqand shahrining Xayrobod mavzeyida, Xoja Zummurod mahallasida tugʻilgan. Otasi Abdujabborbek Samarqand shahridagi mashhur boylardan hoji Mansurboyning mirzasi boʻlgan. Nazirbek Abdujabborbekov dastlab eski maktabda, keyin Sharbatdor mavzeyida joylashgan rus-tuzem maktabida tehsil olgan. Shundan keyin 14 yil mobaynida Hoja Zummurod madrasasida, toʻrt yil davomida Buxoro shahridagi Mir arab madrasasida taʼlim olgan. Madrasada mulla Abduroziqcha domla unga ustozlik qilgan. N.Abdujabborbekov madrasa taʼlimini bitirgandan keyin, Samarqandga qaytib mudarrislik bilan shugʻullanadi.
Nazirbek Abdujabborbekov 1919-yildan 1920-yilgacha Xayrobodda joylashgan Qoʻshbegi, 1920-yildan 1932-yilgacha Xoʻja Zummurod masjidiga imomlik qiladi. Mulla Nazirbek 1921-yilda „Milliy ittihod“ jamiyatiga aʼzo boʻlgan. Biroq, siyosiy hayotdan oʻzini uzoqroq tutgan. Koʻp vaqtini talabalari bilan birga oʻtkazgan. Shoʻrolar hokimiyati mustahkamlanib madrasalar deyarli talabasiz qolayotgan 1924—1926-yillarda ham Xoʻja Zummurod madrasasida Nazirbek Abdujabborbekov yonidan Turkistonning turli shaharlaridan kelgan 50 nafardan ortiq talaba bor edi[1]. Yetuk ulamo va mudarris sifatida Mahkamai shariyaga aʼzosi boʻladi.
1932-yilda imomlik paytida OGPU xodimlari buyrugʻi bilan qamoqqa olinib, xufya ishlarga majburan jalb etilgan. 1933-yilda Nazirbek Abdujabborbekov qori Narzullo ismli kishi bilan birgalikda Karkidan Afgʻonistonga yuboriladi. Ular birgalikda 8-10 kun ichida Andxoʻyga yetib keladilar. Nazirbek Abdujabborbekov sovet maʼmurlari birgalikda Afgʻoniston vaziri bilan koʻrishadilar. Ularni Afgʻonistonga yuborishning asosiy sababi sovetlar afgʻon hukumati vakillari bilan muzokaralar vaqtida afgʻonlarga SSSRdagi musulmon kishilar turmushining yaxshi ekanligi haqida maʼlumot berishlari kerak boʻlgan. Shundan keyin ular Samarqandga qaytadi.
Nazirbek Abdujabborbekov Oʻzbekiston SSR Jinoyat Kodeksining 58-, 66-moddaning 2-qismi, 67-moddalar bilan aybdor deb topilgan. Shunday keyin besh yil muddatga siyosiy huquqlarini yoʻqotgan holda, mol-mulklari konfiskatsiya qilinib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan[2].
2022-yil 19-dekabrda reabilitatsiya qilingan[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Nazirbek Аbdujabborbekov“. Qaraldi: 16-sentabr 2023-yil.[sayt ishlamaydi]
- ↑ „Совет даврида қатағон қилинган 173 нафар ватандошимиз оқланди“. oyina.uz (2023-yil 7-yanvar). Qaraldi: 16-sentabr 2023-yil.
- ↑ „Абдужабборбеков Мулла Нарзыбек (1878)“. Qaraldi: 16-sentabr 2023-yil.