Nalbandyan Mikael Lazarevich
Nalbandyan Mikael Lazarevich (1829.2(14). 11, Rostov-Don tumani – 1866.31.3.(12.4), Kamishin shahri) – arman yozuvchisi, faylasuf. Yangi arman adabiy tilining asoschilaridan biri. 1855-1858-yillar Moskva universitetining tibbiyot fakultetida tahsil olgan, soʻng shu yerda arman tilida nashr etiladigan „Yusisapayl“ („Shimol yogʻdusi“) jurnalida ishlagan (1858-1860-yillar). „Kolokol“ va „Sovrenemik“ jurnallarining taʼsirida inqilobiy demokratizm tomoniga oʻtgan. Nalbandyan 1860-1862-yillarda Turkiya, Hindiston va Gʻarbiy Yevropa mamlakatlariga sayohati davomida A. I. Gersen va N. P. Ogaryovlar bilan tanishgan. Keyinroq „Megu“ („Asalari“) jurnali qoshida yashirin inqilobiy tashkilot tuzgan, jamiyatni keskin tanqid etuvchi asarlari uchun qamoqqa olingan va keyinchalik surgunda vafot etgan. Nalbandyan falsafa, iqtisod, pedagogika, tilshunoslik bilan shugʻullangan, Feyerbax va Chernishevskiy fikrlarini rivojlantirgan. Nalbandyan falsafasi arman xalqi ijtimoiy tafakkuri rivojida muhim bosqich hisoblanadi. Asosiy publitsistik asari „Dehqonchilik haq yoʻl“ (1862). „Birovga soʻz, boshqaga kelin“ (1858), „Kundalik“ (1858-1860-yillar) romanlari bilan arman tanqidiy realizmiga asos solgan. Adabiy-estetik qarashlari „Arman yozuvi haqida soʻz“ (1854-1855-yillar), „Tanqid“ (1858) asarlarida oʻz ifodasini topgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |