Kontent qismiga oʻtish

Munozara:Boborahim Mashrab

Sahifa kontenti boshqa tillarda dastaklanmaydi.
Vikipediya, ochiq ensiklopediya


Mashrabman

Sanamning ishqida tinmay yurub, ovvora Mashrabman,
Koʻzi yoshligʻ, qadi xamligʻ, dili sadpora Mashrabman.

Koʻngulda zarracha dunyoni mehri boʻlmayin menda,
Seni deb ikki olamdin kechib, bezora Mashrabman.

Oʻlib ketsam, lahad ichra soʻngakdin ketmagay darding,
Jahonda topmadim choraki, men — bechora Mashrabman.

Anodin qay kuni boʻldum, sening ishqingda oh urdum,
Muhabbat dashtida yurgan boʻlub ovvora Mashrabman.

Muhabbat jomidin may tuttilar, ichmasga choram yoʻq,
Koʻzumdin qon yoshim tinmay oqar, xunbora Mashrabman.

Boshimga ming balo kelsa, tilarman vaslin, ey zohid,
«Tilim kessang, toʻyorim yoʻq, — degan, — diydora» Mashrabman.

Xaloyiqlar meni quvlar, yomon deb har shahar borsam,
Ajab mardud, ajab maxrum, ajab sangsora Mashrabman.

Oʻzumni xalq aro ixfoligʻimni hech kishi bilmas,
Dilu jonim fido aylab, ajab ayyora Mashrabman.

Meni devona Mashrabga muhabbatdin bayon aylang,
Namozu roʻzadin forigʻ boʻlub sayyora Mashrabman.


Keldi


Namangan shahridin, doʻstlar, mening yoronlarim keldi,
Otam birla onamni bilguchi mehmonlarim keldi.

Shijoat bobida har qaysisi bir Rustamu Suhrob,
Adolat taxtigʻa mingan bu kun sultonlarim keldi.

Inoyatli, diyonatli, yana ham murshidi komil,
Hama orif, hama sodiq, hama irfonlarim keldi.

Alarming xoki poyi koʻzlarimga toʻtiyo, Mashrab,
Charogʻimni munavvar qilgʻuchi xoqonlarim keldi.


Sigʻmamdur


Ajab majnun erurman, dasht ila sahrogʻa sigʻmamdur,
Dilim daryoyi nurdur, mavj urub dunyogʻa sigʻmamdur.

Shariat ham, tariqat ham, haqiqat mendadur mavjud,
Chu sultoni azaldurmanki, arshi aʼlogʻa sigʻmamdur.

Xaliloso bu yoʻlda otashi Namrud — meʼrojim,
Hamon durri haqiqatmanki, har dunyoga sigʻmamdur.

Rizo mulkidaman, halqumni tuttum tigʻI Akbarga,
Bu yoʻlda siynai poki Zabunullogʻa sigʻmamdur.

Agarchande ziyorat qilmadim men Kaʼbayi zohir,
Tariqat hojisidurmanki, Baytulloga sigʻmamdur.

Gahi boʻldum faqiru, gohi shohu, gah gadodurman,
Ajab devonaman, fardoki mahshargohgʻa sigʻmamdur.

Maqomi hayrat ichra gohi xudman, gohi bexudman,
Junun bozorida mastmanki, istigʻnogʻa sigʻmamdur.

Gah oʻrus, gohi cherkas, gohi moʻmin, gohi tarsoman,
Ne kavnayni miyoni lou illollogʻa sigʻmamdur.

Mudom miskin erurman chun gʻuloming — Mashrabingdurman,
Meni bechora bu dunyo bilan uqbogʻa sigʻmamdur.


Oʻttum


Ishq vodisidin bir kecha men «hay-ha»lab oʻttum,
Monandi nayiston guligʻa oʻt qalab oʻttum.

Ofoqni bir lahzada kezdim, na ajabdur,
Mino togʻidin akkasifat hakkalab oʻttum.

Ottim fashi-dostorini devonaligʻ aylab,
Parvonasifat jonimi oʻtqa qalab oʻttum.

Bildimki, vafosi yoʻq ekan ushbu jahonni,
Mardona boʻlub, balki, etak siltalab oʻttum.

Dunyo yasanib, jilva qilib oldima keldi,
«Borgʻil nari!» deb (ketigʻa) bir shattalab oʻttum.

Bildimki oni, dushmani makkorayi ayyor,
«Lo» tirnogʻI birla yuzini tirmalab oʻttum.

Mardoni xudo dediki: «Dunyo mayi achchigʻ»,
Achchigʻligini bilmak uchun bir yalab oʻttum.

Nafs kofiri birla tunu kun qildim urushni,
Tanho qilichi birla urub, qiymalab oʻttum.

Xomush pichogʻin har dam oning boʻgʻziga qoʻydum,
Choʻgʻ nayzasi birla koʻzini nayzalabb oʻttum.

Devonayi Mashrab, bu soʻzung dardga davodur,
Oshiq elining koʻngligʻa bir oʻt qalab oʻttum.


Oʻrtar


Agar oshiqligʻim aytsam, kuyub jonu jahon oʻrtar,
Bu ishq sirrin bayot etsam, taqi ul xonumon oʻrtar.

Kishiga ishq oʻtidin zarraye yetsa, boʻlur giryon,
Boʻlub besabru betoqat, yurak-bagʻri chunon oʻrtar.

Nechuk toqat qilay, doʻstlar, bu dard ila boʻlub hayron,
Gʻamim boshqa, alam boshqa, yuragimni figʻon oʻrtar.

Meni bexonumon tinmay kuyub har dam firoqingda,
«Nigoro!» deb oting aytsamki, shavqingdin zabon oʻrtar.

Qayu til birla, ey jono, sening vasfing bayon aylay,
Tilim lolu koʻzum giryon, soʻngaklarni nihon oʻrtar.

Na qattigʻ kun ekan, dilbar, visolingdin judo boʻlmoq,
Mening ohim oʻtigʻa bul zaminu osmon oʻrtar.

Yurakda dardu gʻam qat-qatki, menda qolmadi toqat,
Agar bu zarrasin bul vaqt desam, ishqi bayon oʻrtar.

Bu dard ila xarob oʻldum, kelib holimni soʻrmassan,
Unum chiqsa yurakdin, bu tanu jon, ustixon oʻrtar.

Bu Mashrab dardini, jonoki, hech kim boshigʻa solma,
Agar mahsharda oh ursam, bihishti jovidon oʻrtar.


Chidayolmas


Ishq mazhabiga taqviyu toat chidayolmas,
Tasbehu sano, zuhdu ibodat chidayolmas.

Kim koʻrsa oʻshal dilbari raʼnoni bayakbor,
Betoqat oʻlub, ayshi farogʻat chidayolmas.

Faryodu figʻonlar qiladurman kecha-kunduz,
Hayratda qolib, qad ila qomat chidayolmas.

Adhamsifat ul kirsa kishi faqr yoʻliga,
Osoyish ila xayri saxovat chidayolmas.

Arbobi muhabbatga yetib boʻyi sanamdin,
Aqli ketibon sabru qanoat chidayolmas.

Ey zohid, agar koʻrsang oʻshal mohliqoni,
Zuhdu varaʼu kashfi karomat chidayolmas.

Devona qilar ishqi sanam vasli chu Majnun,
Nomusu hayo, aybu qabohat chidayolmas.

Kim jomi muhabbat mayidin jur’aye ichsa,
Shohona hasham, izzatu hurmat chidayolmas.

Bu ishq elining har dam etar valvalasigʻa,
Beshubha, biling, dasti irodat chidayolmas.

Mashrab, kelibon koʻngul ila raqsi samoʻ qil,
Ishq mazhabida obi tahorat chidayolmas.


Men nola qilay shomu sahar…


Men nola qilay shomu sahar dod, eshigingda,
Jonimni beray, shoʻxi parizod, eshigingda.

Ul lolavu rayhonu suman, toqa qizil gul,
Ham sarv bukuldi, qadi shamshod eshigingda.

Xoʻboni jahon boʻlsa taqi Yusufi Kanʼon,
Sultonu amir bandayo, ozod eshigingda.

Zulfing seni bu jonima yuz domi balodur,
Jonim qushi sayd oʻldi chu sayyod eshigingda.

Olam borisi lazzati husnungni topibdur,
Giryonu figʻon, nolavu faryod eshigingda.

Savdoyi muhabbatga tushubman seni izlab,
Oʻlturdi gʻaming, koʻzlari jallod, eshigingda.

Ashkim toʻkubon hajru gʻamingda kecha-kunduz,
Vayrona vatan — manzul obod eshigingda.

Ul husnu jamoling oʻti Mashrabgʻa tushubdur,
Parvonasifat quydi, parizod, eshigingda.


Ne sababdin kelmading bir qoshima


Tushti savdoyi muhabbat boshima,
Or etar mardum kelurgʻa qoshima.

Vah, muhabbat koʻyida qon yigʻladim,
Yeti iqlim gʻarq boʻldi yoshima.

Sajda aylar zohid ul mehrobigʻa,
Men qilurman sajda egma qoshima.

Qil hazar, albatta, jonon, qahrdin,
Uzru zorim senga — bagʻri toshima.

Muhtasib toʻkturdi soqiy bodasin,
Yetmadi aqli aning sirdoshima.

Kunda yuz ming jabr qilsang, oʻrgulay,
Qoʻy qarab gʻam toshina bardoshima.

Mashrabi devonaman hayron qilib,
Ne sababdin kelmading bir qoshima.


Dardi sirimni kavlama


Ey sabo, gʻambodadurmen, bistarimni kavlama,
Chun shafaqoludaman, xokistarimni kavlama.

Har zamone Laylidin manga kitobatlar kelur,
Senki Majnun boʻlmasang, sardaftarimni kavlama.

Xonavayronlar bilur aftodalarning holini,
Eyki, mahram boʻlmasang, chashmi tarimni kavlama.

To kishiga dard tegmay, boʻlmadi bagʻri kabob,
Dilda darding boʻlmasa, dardi sirimni kavlama.

Hajr toshidin zarru ofat boshigʻa yetgan oʻzum,
Kishtiyi motamdadurman, langarimni kavlama.

Yeti doʻzax oʻrtanur aftodalarning ohidin,
Otashi hajrida kuygan mijmarimni kavlama.

Lomakonning shahrini bu hu bila sayr ayladim,
Jabrayil, borgʻil nari, bolu parimni kavlama.

Bahri rahmatga kirib, qildim vujudimni adam,
Maʼrifatdin bexabarsan, daftarimni kavlama.

Durri daryoyi maoniy boʻldi chun Mashrab, vale
Diydabino boʻlmasang, koʻz gavharimni kavlama.


Xohi inon xohi inomna


Sensan sevarim, xohi inon, xohi inonma,
Qondur jigarim, xohi inon, xohi inonma.

Gʻam shomi firoqingda kabob etti falakni
Ohi saharim, xohi inon, xohi inonma.

Nogah sari zulfung sori boʻldum sanga moyil,
Ey toji sarim, xohi inon, xohi inonma.

Laʼling gʻamidin koʻnglum erur gʻuncha kibi qon,
Gulbargi tarim, xohi inon, xohi inonma.

Zahri gʻami hajring meni oʻldurgʻali yetti,
Ey labshakarim, xohi inon, xohi inonma.

Mashrab, boʻlubon koʻyinga chun barqi tajalli,
Qolmay asarim, xohi inon, xohi inonma.


To Kiydi qizil…


To kiydi qizil oʻzini zebo qilayin deb,
Oʻt yoqti jahon mulkida gʻavgʻo qilayin deb.

Mastona xirom ettiyu koʻrguzdi qadini,
Mendek necha devonani shaydo qilayin deb.

Zebo sanamim gul yuzidin parda koʻtardi,
Olam hama koʻz boʻldi tamosho qilayin deb.

Zulfini tarab, qosh uchurub jilvalar etti,
Oshubi balo, fitnani barpo qilayin deb.

To ayladim oldigʻa borib arzi niyozim,
Chin soldi jabinigʻa tamanno qilayin deb.

Mastona samand sekrata keldi shahi xunrez,
Shamshiri jafoni yana burro qilayin deb.

Koʻp yilki, bu qul xizmatini qilmadi barjo,
Keldiki gʻazab birla chu sazo qilayin deb.

Boshimni kesib olgʻilu xushhol boʻlub ket,
Qonimni toʻkub, lolayi sahro qilayin deb.

Xanjar qoʻlida Mashrabin oʻldurgʻali keldi,
Gʻavgʻoyi qiyomatni huvaydo qilayin deb.


Hech kima maʼlum emas


Hech kima maʼlum emas holi parishonim mening,
Osmonni tiyra qildi ohu afgʻonim mening.

Men nechun shod etmayin bul xasta koʻnlumni bugun,
Keldi xolimni soʻrab ul shoʻx jononim mening.

Ey sitamgar, kelgilu emdi shahid etkil meni,
Mavj ursun Karbalo dashtida bu qonim mening.

Chun Surayyo bormusan, aflokdin bolomusan,
Bu falakda koʻrmadim, ey koʻzi choʻlponim mening.

Nozu istigʻno bila ketgil, meni holimni soʻr,
Termulib doim yoʻlungda chashmi giryonim mening.

Tobakay jabru sitam birla yurursan, ey rafiq,
Chiqti, Mashrab, ushbu gʻamdin bu aziz jonim mening.


Maqsud hosil eta qoldi


Nogoh koʻrunub koʻzlari shahlo boqa qoldi,
Parda koʻtarib qoshini ul dam qoqa qoldi.

Oshiq ekanimni bilib ul dilbari raʼno,
Aqlimni olib, jonima oʻtlar yoqa qoldi.

Ruhum eritib yoshini, vah-vah, yuzi otash,
Ishq chaqmogʻini jonima, naylay, chaqa qoldi.

Tarsobachani koʻrdimu din ketti qoʻlumdin,
Qil sajda debon boʻynuma zunnor taqa qoldi.

Men oning uchun kechayu kunduz yugururmen,
Yorim kelibon birgina holim soʻra qoldi.

Aydi: «Ne tilarsan?» Dedim: «Sham’I jamoling!»
Koʻrsatti yuzin, maqsud hosil eta qoldi.

Mashrab bu jahonda yurubon topmadi bir mard,
Yuz shukrki, oning bila ulfat boʻla qoldi.


Dargohidin Navmid Emam


Oshiq uldur to diliga saqlasa asrorini,
Barham ursa yoʻligʻa olamda y’oʻqu borni.

To oʻzungga dard tegmay, aylanib kelmas davo,
Bas, bu maʼnodin hakimlar koʻp soʻrar bemorni.

Garchi osiyman, aning dargohidin navmid emam,
Bir gul uchun suv berurlar sad hazoron xorni.

Oxiri manzilga yetmasdur kuduratlik koʻngul,
Dilga jo bermoq na hojat dushmani gʻaddorni.

To dilingga maʼrifatdin nuri imon boʻlmasa,
Soʻfilar, bir hugʻa almashlang ani — dastorni.

Xotiri pokingni mashgʻul qilma hargiz dunyogʻa,
Dil gʻuboroluda boʻldi, ul koʻrolmas yorni.

Avliyolardek muazzam boʻlayin desang, vale
Mashrabo, hech kanda qilma dildin istigʻforni.


Xudodin oʻzgasi barcha gʻalatdur


Bu tani xokiniyu ruhi ravonni na qilay?!
Boʻlmasa qoshimda jonona, bu jonni na qilay?!

Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak?
Ibrohimdin qolgʻan ul eski doʻkonni na qilay?!

Urayinmu boshima sakkiz bihishti doʻzaxin,
Boʻlmasa vasli menga, ikki jahonni na qilay?!

Arshning kungurasin ustiga qoʻydum oyogʻim,
Lomakondin joy olibman, bu makonni na qilay?!

Zarraye nuri quyoshdek bu jahon ichra tamom
Oshkoro boʻlmasa, sirri nihonni na qilay?!

Bir xudodin oʻzgasi barcha gʻalatdur, Mashrabo,
Gul agar boʻlsa qoʻlumda, ul tikonni na qilay?!


Qalandar Boʻl, Qalandar Boʻl


Murodingga yetay desang, qalandar boʻl, qalandar boʻl,
Sitam ahlin yutay desang, qalandar boʻl, qalandar boʻl.

Ogʻizdin dur sochay desang, sharobi ishq ichay desang,
Yomonlardin qochay desang, qalandar boʻl, qalandar boʻl.

Fasod ahlin quvay desang, (ketiga) bir uray desang,
Bu dargohdin suray desang, qalandar boʻl, qalandar boʻl.

Riyozatsiz boʻlay desang, tanim ozod yuray desang,
Jahonni sayr etay desang, qalandar boʻl, qalandar boʻl.

Razolat kuyduray desang, zalolat oʻlduray desang,
Hamasin supuray desang, qalandar boʻl, qalandar boʻl.

Bu taqvodin kechay desang, xonaqohdin qochay desang,
Haqiqatni ochay desang, qalandar boʻl, qalandar boʻl.

Guharrezlik qilay desang, hamani kulduray desang,
Chu Mashrabdek boʻlay desang, qalandar boʻl, qalandar boʻl.


Bihishti Jovidon Onam


Jamoling koʻrgali keldim, ayo ey mehribon onam,
Mening uchun ado boʻlgʻan yuragu bagʻri qon onam.

Xoʻtan dashtiga tushtum bul falakning gardishi birlan,
Eshitkil arzi holimni, men aytay senga, jon onam.

Ajoyib mehribonimsan, meni oromi jonimsan,
Murodi du jahonimsan, bihishti jovidon onam.

Meni bir jodu koʻzluk bul jahon ichra xarob etti,
Qadi sarvu sanavbar, qoshlari misli kamon, onam.

Boshimga tushti bul savdo, boʻlubman bulbuli shaydo,
Shabistoni jahonda qumridek shakkarfishon onam.

Bu ishq oʻti xarob etti, yurak-bagʻrim kabob etti,
Meni xoki turob etti yuzi mohi tobon onam.

Seni koʻp intizor ettim firoq oʻtigʻa, ey Kaʼbam,
Tavofi Kaʼbayi maqsuda keldim, dilkashon onam.

Iloho, avf qilgʻaysan bu Mashrabning gunohini,
Tufayli onayi zorim, gʻaribu notavon onam.


Oʻzginam


Ishq oʻtiga oʻrtanib devona boʻlgan oʻzginam,
Kuya-kuya kul boʻlub biryona boʻlgan oʻzginam.

Oshiqi diydorman, ey yor, bilmassan magar,
Mansuri Xallojdek dorga osilgan oʻzginam.

Kuya-kuya kul boʻlub dunyodin oʻtkan bormukin,
Ishq yoʻlida ming oʻlub, ming bor tirilgan oʻzginam.

Chok siynamni qilib mahsharda aylarman figʻon,
Ul kuni diydor deb mahsharni buzgan oʻzginam.

Ul sirot al-mustaqim oldida barcha yigʻlashur,
Ishqni rahbar qilibon andin oʻtkan oʻzginam.


Zamonga Sigʻmadim


Onqadar nurga toʻlibman osmonga sigʻmadim,
Toqi arshu kursiyu lavhu jinonga sigʻmadim.

Kimga soyam tushsa, bir nuri yaqin boʻldi u ham,
Daftari ruhi qudsdurman, zabonga sigʻmadim.

Jannatu kavsar manam, ham doʻzaxu saqar manam,
Bir oʻzumdurman bu dam, haft osmonga sigʻmadim.

Soyayi odamgʻa keldim, nuri maʼni izladim,
Jannatul firdavsdek oliy makonga sigʻmadim.

Bor edim Nuh vaqtida, gʻarq etmadi toʻfoni ham,
Hamrahi Muso boʻlub Turi Sinongʻa sigʻmadim.

Ellik yil Iso bilan yurdum oʻlukni tirguzub,
Boisi bir nuqtadin Mashrab zamonga sigʻmadim.


Boshimni Dorgʻa Tuta Qoldim


Dunyogʻa kelib, loyigʻa bilmay bota qoldim,
Darmon yoʻqidin necha ogʻiz soʻz qota qoldim.

Koʻrdumki ani, dushmani ruhu tan ekandur,
«Lo» oʻqi bila ikki koʻzigʻa ota qoldim.

Mayxonagʻa kirdim, bila qoldim kuyarimni,
Masjidgʻa kirib zohidi yaxdek qota qoldim.

Zohid, menga bir shishada may, senga namozing,
Ming taqvini bir kosayi maygʻa sota qoldim.

To telbaligim shuhrati olamni tutubdur,
Bir jilvasigʻa ikki jahondin oʻta qoldim.

Vahdat mayini piri mugʻon ilkidin ichtim,
Mansur kabi boshimi dorgʻa tuta qoldim.

Ayb aylamangiz Mashrabi bexudni, yoronlar,
Naylayki, bu gʻurbat koʻchasidin oʻta qoldim.


Har Jon Kelaru Ketgusidur


Dunyo sorigʻa bir kelibon, gʻamzada kettim,
Bir lahza dam olmay turubon, lahzada kettim.

Bir mushfiqi hamroz jahon ichra topolmay,
Hasrat oʻtidin kuydimu motamzada kettim.

Surtmay bu qaro yuzni borib ravzalarigʻa,
Armonda yurub lek buzugʻ kulbada kettim.

Har jon kelaru ketgusidur, bilsam oni ham,
Ketmascha yurubon yana gʻurbatzada, kettim.

Horis boʻlubon dunyoda yurdi necha gumroh,
Uryon kelibon munda, yana arbada kettim.

Gʻofil kishilar kechayu kunduz tilagay mol,
Dunyo ila dinni sotibon gʻamzada kettim.

To yorni xayol ayladi Mashrab, koʻzni ochti,
Yuz dardu alam birlaki, mehnatzada kettim.


Bir Nuqtada Ming Maʼno


To olami zohirgʻa kelib man guzar ettim
Tark ayladimu jumlani, qatʼI nazar ettim.

Ahvoli dilim aytgʻali bir mahrame topmay,
Zulmingni qarindoshu gʻamingni padar ettim.

Bir qushki, choʻloq, sen sori parvoz etayin deb,
Hajr oʻqlarini jonga suqub bolu par ettim.

Dushmanga chu harb etmak uchun chora topolmay,
Doʻstum qoʻlini tuttimu tigʻu tabar ettim.

Gʻam shomida qalbimgʻa guzor etti xayoling,
Koʻz yosh, yurak qoni bilan mohazat ettim.

Savdoyi sari zulfung uchun necha mahaldur,
Jon kishvarini buzdimu zeru zabar ettim.

Bir martabada turmas emish shoh ila darvesh,
Bas, jandani kiydim, oʻzimi darbadar ettim.

Koʻtahnazar el bilmasa deb xasta bu Mashrab,
Ming maʼnini bir nukta bila muxtasar ettim.


Mashrabi Moʻtabar Oʻzum


Gulshani bogʻI dahr aro bulbuli nagʻmagar oʻzum,
Bir buti bebadal uchun oshiqi darbadar oʻzum.

Koʻyunga dam-badam borib, navhavu zorlar qilib,
Shomu sahar figʻon etib, hofizi xush asar oʻzum.

Yo shahi mehribonmusan, yo mahi osmonmusan,
Yer bila koʻkni kuydurub kavkabayu qamar oʻzum.

Jomi mayi luob ichib, majnuni benavo boʻlub,
Nozu karashmalar qilib, layliyi ishvagar oʻzum.

Sham’I jamoling oʻrtadi jonu dilimni, ey sanam,
Bolu parimni kuydurub, bedili navhagar oʻzum.

Vaslingni istab, ey sanam, kechayu kunduz mudom,
Saharda bedor oʻl dedingki, doyayi sahar oʻzum.

Xisravi komron boʻlub, Rustami doston boʻlub,
Bir zoʻr pahlavon boʻlub, Hamzayi raxnagar oʻzum.

Olimi nuktadon manam, piri hidoyaxon manam,
Shuhrati sheʼr bobida Mashrabi moʻtabar oʻzum.


Eshit Arzimni, Ey Dilbar


Azaldan to abad koʻnglum qutulmas ishq balosidin,
Yurokim rahnalar boʻldi, bu ishqning mojarosidin.

Xayolimda sening vasling, topolmasman, meni hayron,
Magar vaslingga yetsam piri komilning duosidin.

Eshit arzimni, ey dilbar, yurak-bagʻrim kabob oʻldi,
Raqiblar shodmon boʻldi nigorimning jafosidin.

Sanam, sensiz bu dunyoda tiriklik qilmogʻim mushkul,
Kel, ey koʻngul, kecholi bu tiriklikning baqosidin.

Sanam, ishqing oʻti oxir meni bexonumon etti,
Kuyarman dam-badam tinmay bu dardi bedavosidin.

Xarob oʻldi mening koʻnglum, kishim yoʻqturki, roz aytsam,
Soʻngoklar raxnalar boʻldi dilimning ohi bosidin.

Seni ishqing bila yigʻlab, agar mahsharda oh ursam,
Kuyarlar moʻminu kofir bu Mashrabning navosidin.


Tanbur


Setor demang, holi dilim soʻrgʻuchi tanbur,
Koʻnglum girehin, gʻamlarini surgʻuchi tanbur.

Bir necha raqiblar soʻzidin gʻamzada boʻlsam,
Hamdard boʻlubon ogʻushima kirguchi tanbur.

Koʻtohnazar el buni hech qadrini bilmas,
Dargohi azaldin xabare bergʻuchi tanbur.

Gar yor jamolini koʻrub pardagʻa solsam,
Nagʻmasi oni siynaxarosh etgʻuchi tanbur.

Ham yor jamolidek oni nash’asi bordur,
Hayrat oʻtidin mahzi sanam qilgʻuchi tanbur.

Oshiq yuragidin chiqib, oʻttek kelibon ul,
Bir uchqunigʻa jumlani kuydurgʻuchi tanbur.

Mashrabni tamom aqlin olib ul buti xunrez,
Jonimni yoqib siynaxarosh etgʻuchi tanbur.


Oshiq Boʻlibsan, Boʻlmagʻil Gʻofil


Malaksan yo bashar, yo huru gʻilmonsan, bilib boʻlmas,
Bu lutfu bu nazokat birla sendin ayrilib boʻlmas.

Ajab berah dilbarsan, ajab shoʻxi sitamgarsan,
CharogʻI husni roʻyingdin koʻngulni ham uzub boʻlmas.

Yuzungni oftobini koʻrub hayron boʻlub qoldim,
Falakka qul uzotib, shamsi anvarni olib boʻlmas.

Yuzung misli qizil guldur, koʻngul chun bulbuli shaydo,
Bu gulning ishqidin bulbul chamandin ayrilib boʻlmas.

Kel, ey Mashrab, agar oshiq boʻlibsan, boʻlmagʻil gʻofil,
Bu gʻaflat uyqusidin, ey yoronlar, uygʻonib boʻlmas.


Oqilu Nodon Chidayolmas


Sharh aylasam ishq daftarini, jon chidayolmas,
Ham jonu jahon, odamu hayvon chidayolmas.

Avrodi muhabbat oʻqubon masjida kirsam,
Masjid kuyaru toqi farozon chidayolmas.

Mayxona kirib, vasli sanamdin xabar olsa,
Zohid kuyaru oqilu nodon chidayolmas.

Mahshar kuni gar barq urubon chiqsa nigorim,
Doʻzax kuyaru jannatu rizvon chidayolmas.

Ishq daftaridin gar oʻqusam sura bayakbor,
Beshubha, biling, oyati qur’on chidayolmas.

Gar nar’a urub tavsani himmat mina qolsam,
Olamgʻa tushub shoʻrishi afgʻon chidayolmas.

Mashrab, sen agar daʼviye ishqi sanam etsang,
Billohki, anga jisming ila jon chidayolmas.


Meni Yoʻqlar Kishim Bormu?


Namangondin ketar boʻlsam, meni yoʻqlar kishim bormu?
Gʻariblik shahrida oʻlsam, meni yoʻqlar kishim bormu?

Qani qavmu qarindoshim, bu yoʻlda boʻlsa yoʻldoshim,
Koʻzumdin oqizib yoshim, meni yoʻqlar kishim bormu?

Muhabbat sharbatin ichtim, qazondek qaynabon toshtim,
Bu foniy dunyodin kechtim, meni yoʻqlar kishim bormu?

Tushubdur boshima savdo, ramuzu ishqdin gʻavgʻo,
Oʻziga ayladi shaydo, meni yoʻqlar kishim bormu?

Turarga toqatim yoʻqtur, yurarga holatim yoʻqtur,
Yurakda ishq oʻti choʻqdur, meni yoʻqlar kishim bormu?

Qarorim yoʻq turay desam, Namangonda yuray desam,
Jahonni sayr etib kezsam, meni yoʻqlar kishim bormu?

Bu miskin zor Mashrabni kishi holini bilmaydur,
Bu yerdin bosh olib ketsam, meni yoʻqlar kishim bormu?


Xudo Bersun Panoh


Nafsi sarkash muddaosidin xudo bersun panoh,
Bul zamona muttakosidin xudo bersun panoh.

Hirqayi bechora kiymoqlikmu rohi bandalik,
Soʻfini dalqi riyosidin xudo bersun panoh.

Jomayi malla kiyib, qilgʻon ishi hiylavu makr,
Shayx noqis xonaqosidin xudo bersun panoh.

Oʻzlari komilsifat, har luqmasi haqqi sagʻir,
Yurtni ul sohib duosidin xudo bersun panoh.

Lof urar «Abdoli vaqt-man!» deb, soʻzida maʼni yoʻq,
Bul zamona rahnamosidin xudo bersun panoh.

Mard lashkar yoʻsinida qoʻliga tasbeh olib,
Shayxni rangin asosidin xudo bersun panoh.

Muttaqiylik daʼvi aylab, oʻzlarini pir tutub,
Oxiri vaqt porsosidin xudo bersun panoh.

Bul qalandar jandasining torida zunnori yoʻq,
Boshiga kiygan kulosidin xudo bersun panoh.

Mashrabi shoʻridani qilgʻan duosin qil qabul.
Ul saharxezni duosidin xudo bersun panoh.


Yaxshi Xalqlarni Birodar Tut


Tarozuyi amalni qoʻlga ol, soʻngra barobar tut,
Xatarlik yoʻldasan, to justijoʻ qil, yaxshi rahbar tut.

Imoning sham’ini ravshangaridur hamdami qobil,
Qoʻlingdin kelsa, doim yaxshi xalqlarni birodar tut.

Maqomi qurbat oʻtigʻa agar kirsang — huzur topsang,
Oʻzung zahroba yutgil, xalqni komigʻa shakkar tut.

Bagʻir qoni, koʻzung yoshi, qadi ham birla oh tortgil,
Shafoat vaqti boʻldi, anda domoni payambar tut.

Boshing gardunga yetsa, boʻlmagil zinhor xursande,
Oʻzungni har xasu xoshokdin, ey banda, kamtar tut.

Balo koʻrgan kishilar majlisini orzu qilgʻil
Ki, har shum lodani koʻrsang, oʻzungni munda behtar tut.

Taraddud aylagil, zangi diling shoyadki sof oʻlgʻay,
Hidoyat koʻchasining rindi boʻl, domain mahshar tut.

Ulugʻman deb, takabbur pesha qilma mushtiparlarga,
Sarafrozi topay desang, davomat qiydani tat tut.

Havas bozorini dur aylagil zinhor boshingdin,
Qoʻlungni ikki dunyodin uzub, dilni qalandar tut.

Bahoyimdek yemak-ichmakni sargardoni koʻp boʻlma,
Kafan bichgil oʻzungga, dilda oʻlmogʻni muqarrar tut.

Adam sahrosidin dunyoga kelding banda boʻlsam deb,
Kamar bogʻlab belingga, zikri tasbehi eranlar tut.

Bu zindonxonadin oʻttung, koʻrundi jannatul aʼlo,
Baland et himmatingni munda kelding, misli Haydar tut.

Oʻzini bilmagan bedardlarga ochmagil daftar,
Xalildek oʻtni gulzor aylagil, xoʻyi samandar tut.

Bu yerda yori bersa lutfi haqdin garchi iqboling,
Adolat mulkining sarrishtasini misli Umar tut.

Bu foniy dunyodin, Mashrab, yetishsang boqi uqbogʻa,
Sirotal mustaqimdin oʻtting, soʻngra rohi digar tut.


Murabbaʼ

(Yorga yetar kun bormu, yoronlar)

Hamdu sanolar aytay xudoga,
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?
Yetgaymu dodim nozuk adoga,
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Shum toleimdan koʻrdum jafoni,
Zolim raqiblar koʻrdi vafoni,
Holim soʻr emdi, bergil davoni
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Bulbuldayinkim faryod etarman,
Ishq daftarini bunyod etarman,
Koʻnlumni bir dam men shod etarman,
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Qachon visoling boʻlgʻay muyassar,
Ishqingda kezdim ham bahru ham bar,
Dardu alamga toʻldi koʻngullar,
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Gʻam bahri qildi mavjini bunyod,
Ishqingda qildim ming ohu faryod,
Oʻtti nigorim chun sarvi ozod,
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Hajr ahli keldi, tutti yoqamdin,
Bagʻrim tilindi paykoni gʻamdin,
Faryod etarman ushbu alamdin,
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Sham’I firoqing koʻksimda yondi,
Koʻz yoshim oqib bagʻrimga tomdi,
Gʻaflatda qolgan Mashrab uyondi
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Asosiy sahifadan oʻtkazildi. --Sociologist--munozara-- 14:45, 28-Aprel 2017 (UTC)