Moskva oʻzbek drama studiyasi
Moskva oʻzbek drama studiyasi — oʻzbek professional aktyor va rejissyorlari tayyorlab bergan birinchi teatr oʻquv yurti. Oʻzbekiston hukumatining karori bilan 1924-yil Oʻzbekiston maorif komissarligining Moskvadagi maorif uyi qoshida ochilgan. Choʻlpon studiyaning adabiy emakdoshi, avvaliga A. Otaullayev, Abdulhay Tojiyev, keyin Sh. Rahimiy direktori boʻlgan. Studiyaga dastavval Mannon Uygʻur boshliq namuna oʻzbek davlat drama teatri (sobiq "Turon")ning Abror Hidoyatov, Yatim Bobojonov, Muzaffar Muhamedov, Tursunoy Saidazimova, Sora Eshontoʻrayeva, Obid Jalilov, Fatxulla Umarov, Zamira Xidoyatova, Toshxon Sultonova, Hojisiddiq Islomov singari 24 kishidan iborat oʻzbek milliy teatr poydevorini yaratgan jamoasi yuboriladi. Maksad teatr studiyalariga xos vazifa — yangi oʻquvijodiy izlanishlar utkazish, Moskva yetakchi teatr jamoalari sahna amallari bilan yaqindan tanishish, tajribalarini ijodiy oʻzlashtirish, oʻz amaliyotiga joriy qilish edi. Studiya mashgʻulotlarini Uygʻur, Choʻlponlar bilan Moskva teatr studiyasi va bilim yurtlarining koʻzga koʻringan mu-allim, rejissyor va aktyorlaridan R. Simonov, I. Tolchanov, O. Basov, V. Kansel, L. Sverdlinlar olib borganlar. 1924— 27 yillar orasida oʻzbek studiyachilari "Xasis", "Revizor", "Aks sado" (xdmmasining rejissyor V. Kansel), "Qorovul uyqusi" (rejissyor L. Sverdlin), "Yana uylanaman" (rejissyor V. Kansel, L. Sverdlin), "Malikai Turondot" (rejissyor V. Kansel, L. Sverdlin, O. Basov), "Yorqinoy" (rejissyor M. Uygʻur) kabi spektakllarni sahnalashtirib jahon teatr standartlari darajasida sahna asari yaratish tajribalarini amalga oshiradilar. 1927-yil 3 yillik muddattugagach, 1928-yil studiyaga 2qabul amalga oshiriladi. Lekin 1-studiyadan farqli oʻlaroq bu safar bir jamoada ishlagan hamfikrlar emas, terma aʼzolar qabul qilinadi. Studiyaga qabul qilinganlar Oʻzbekistonning turli viloyat teatrlarida ishlashga rejalashtirilgan boʻlib, oʻzlari ham turli shahar teatrlaridan edilar. Ular Nazira Ahmedova, Xolida Xoʻjayeva, Anvara Alimova, Poʻlatoy Rahmonova, Mirobid Musayev, Rahim Pirmuhamedov, Hamidulla Hapumonov, Afandixon Ismoilov, Joʻra Koʻldoshev, Zanjirali Mirzatov, Bahodir Jamolov, Mamadali Haydarov, Aʼzam Hasanov va boshqadir. 1930-yil oʻqish tugagach, bitiruvchilar Oʻzbekistonning turli teatrlariga ishga yuboriladi va studiya uz faoliyatini tugatadi.
Toshpoʻlat Tursunov.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |