Kontent qismiga oʻtish

Mormonlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mormonlar – 1830-yili Nyu-York (AQSH) shahrida Jozef Smit (1805-1844) ismli shaxs tomonidan asos solingan va „Mormon kitobi“ bosib chiqarilgan. Kitobdagi buyruqqa binoan yangi bir cherkov qurilgan. Bu cherkov, „Iso Masihning Oxirgi Kun Azizlari cherkovi“ deb nomlangan. Uning tarafdorlari esa shundan soʻng „Mormonlar“ deyila boshlangan.

Smit 1823-yilda Vermont shahridagi Sheron oʻrmonida kambagʻal va bechora tarafdorlariga Moroni nomli bir farishtaning oʻziga vahiy olib kelganini daʼvo qiladi. Unga koʻra Moroni, Smitga Nyu-Yorkdagi Kumora tepaligiga koʻmilgan, qadimgi Misr tilida yozilgan oltin lavhlar va ularni tarjima qilish uchun Urim va Thummin toshlarini keltirib bergan. Jozef Smit matnlarni oʻqigani va farishta yordamida tarjima qilganini eʼlon qiladi va uni nashr ettiradi.

Mormonlar eʼtiqodiga koʻra, amerikaliklar isroil qabilalaridan kelib chiqqan va qizil oq tanlilardan tashkil topgan. Iso tirilganidan keyin oq tanlilar orasida faoliyat olib borgan, lekin uning cherkovi qizil tanlilar tomonidan vayron qilingan. Oxirgi oq tanlilar XV asrda yashagan Mormon bilan uning oʻgʻli Moronidir. Lavhlarni ana oʻshalar koʻmgan va ularni Smit topib olgan. Smit 1831-yilda yangi Quddusning Kirtlandda (Ogayo shatati, AQSH) qurilishiga doir vahiy olganini aytgan. Tarafdorlar sonini orttirish maqsadida mormonlar faol ravishda missionerlik bilan shugʻullanganlar. Siquvga olingan Mormonlar, Kirtlandni tashlab Missuriga; u yerda ham ayni holga duch kelgach esa Illinoisga koʻchishga majbur boʻlishadi. 1840-yilda botqoqzor oʻrnida Navu shahrini qurib oʻz markazlarini shu yerda tashkil etadilar. Omadli kechgan bir-ikki yildan keyin Smit „Mormon kitobi“da aksi yozilgan boʻlishiga qaramasdan, yangi bir „vahiy“ga asoslanib, koʻpxotinlilikni targʻib qilgan va oʻzi bu ishni boshlab bergan. Uning bu fikriga jiddiy qarshiliklar boʻlgan, natijada Smit ukasi va taraforlari bilan qamoqxonaga tashlangan. Qisqa bir muddatdan keyin ular mahbuslar tomonidan oʻldirilgan.

Smitdan keyin mormonlarga Brijman Yang boshchilik qildi. U oʻlimi ortidan 178 ta xotin va 49 ta bolani qoldirib ketdi. Mormonlar Yutada „Buyuk tuz koʻli“ qirgʻogʻida, „Tuz koʻli shahri“ hozirgi Solt Leyk Siti shahrini qurganlar. Ular bu yerda kuchayib ketganlar va ulkan mormon ibodatxonasini barpo etishgan."Iso Masihning oxirgi kun azizlari" sifatida oʻzlariga baho beruvchi mormonlarning eʼtiqod asoslari J.Smit tomonidan tartibga solingan. Cherkov boshligʻi „rais“ deb nomlanadi. Mormonlar Ota-Xudo, Iso Masih va Muqaddas Ruh bilan bogʻliq eʼtiqodni tan oladilar. Ularga koʻra, Injil Xudoning soʻzidir, uni, xato qilmaslik sharti bilan tarjima qilish mumkin. Mormon kitobi ham Xudoning soʻzidir. Iso Masihning qayta tirilish joyi Amerika qitʼasidir. Yangi Quddus Amerikada quriladi. shaxsan Isoning oʻzi uni boshqaradi, dunyo yangilanadi va xuddi jannatdek koʻrinish oladi. Iso ming yillik saltanat quradi va unga imon keltirganlar, yordamchi boʻlgan(mormon)lar najot topadilar. Ular choʻqintirishda suvga boʻktirish usulini qabul qilganlar. Ulugʻlikda oldinga siljishni va hatto, ilohiylikkacha yuksalishni eʼtirof qiladilar. Eʼtiqod asoslari orasida joy olgan koʻp xotinga uylanish 1895-yilda V.Vudraft tomonidan bekor qilingan.

Prichasheniye yaʼni „Poklanish“ marosimi, sigaret va aroq harom boʻlgani sababli faqatgina non va suv bilan amalga oshiriladi.

Mormonlarning missionerlik faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mormonlar missionerlik faoliyatini olib boradilar va ushbu faoliyat butun dunyoga tarqalganligini ham aytib oʻtish joiz. Mormonlar nazdida har bir aʼzo ikki yil missonerlik qilishi kerak. Missionerlik faoliyati bugungi kunda 4000 dan ortiq ayol va erkak mormon tomonidan olib borilmoqda. Ularning aksariyatini yoshlar tashkil qiladi va ular oʻz hayotlarini missionerlik uchun bagʻishlagan. Bugungi kunda mormonlar dunyoning 160 mamlakatida faoliyat olib borib, taxminan 30 ming cherkov va 12 million izdoshlariga ega. Rasmiy xristianlik mormonlarni „adashgan oqim“ sifatida eʼtirof etadi[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 302.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.