Mirzo Gʻolib
Mirzo Gʻolib, Mirzo Asadullaxon Gʻolib [1797.27.12, Akbar-obod (hozirgi Agra) — 1869.15.2, Dexli] — shoir, faylasuf, tarixchi, lugʻatshunos olim.
Asli samarqandlik. Buvasi Mirzo Qoʻqonbek Xon 1748—1749 yillarda Samarqanddan Hindistonga keladi va Lohurda lashkarboshi etib tayinlanadi. Otasi Abdullabek Xon Lakxnau, Haydarobod va Alvarda yollanma harbiy askar boʻlib xizmat qilgan. 15 yoshida Asad va Gʻolib taxalluslarida sheʼrlar yoza boshlagan shoir keyinchalik Dehliga koʻchib ketadi. Bu yerda fors shoirlari asarlari bilan tanishadi, ayniqsa, Bedil sheʼriyatiga koʻngil bogʻlaydi. 1817-yil u yana Agraga qaytadi.
Mirzo G'olib 2 qismdan iborat "Partaviston" ("Nuriston"), "Mehri nimroʻz" ("Peshin quyoshi", 1885) nomli tarixiy asarlar muallifi. Mirzo G'olib Bahodir Shoh Zafar saroyida solnomachi unvoniga ega boʻlgach, unga temuriylar sulolasi tarixini yozish ishi topshiriladi. "Mehri nimroʻz" kitobi ayni shu maqsadda yozila boshlagan. Mirzo G'olib uning faqat 1 kitobini yozib tugatgan. Bu asar Humoyun hukmronligi davrigacha boʻlgan voqealarni oʻz ichiga olgan. Mirzo G'olibning "Kulliyoti nazmi forsi" ("Forscha sheʼrlar toʻplami"), "Sabadchin" ("Guldasta") sheʼriy toʻplamlari badiiy ijodning gʻazal, qasida, masnaviy, ruboiy, tarkibband va tarjiʼband kabi janrlaridan tashkil topgan.
Mirzo Gʻolibning urdu devoni — "Devoni Gʻolib" (1841) asari mashhur. 1800 baytdan iborat bu sheʼriy majmua urdu tilida 100 marta nashr etilgan. Fors tilida yozilgan "Kulliyoti Gʻolib" asari ham bor. "Ud i hindiy" ("Hindning xushboʻy novdasi") va "Urduye muallo" ("Oliy urdu") kabi asarlari Mirzo G'olibning doʻstlari, zamondosh shoirlar va boshqa tanishlariga yoʻllagan maktublarini oʻz ichiga olgan.
Mirzo Gʻolib tilshunoslik va lugʻatchilikda ham katta yutuklarga erishdi. Uning "Tegʻi tez" ("Oʻtkir togʻ"), "Latoyifi gʻaybi" ("Maxfiy latifalar"), "Savoloti Abdulkarim" ("Abdulkarim savollari") kabi asarlarida fors va arab tili lugʻatlari, umuman, lugʻatchilikning mohiyati haqidagi fikrlar bayon etilgan. Mirzo Gʻolibning diqqatga sazovor asarlaridan yana biri — "Panj ohang" ("Besh ohang") boʻlib, u 5 qismdan iborat. 1-qismida noma yozishning tartib va usullari, 2-qismda lugʻatchilik haqida soʻz boradi. Asarning 3-qismida nomalarda sheʼriy parchalardan foydalanish haqida yozilgan. 4-qismda esa Mirzo Gʻolibning boshqa shoir va adiblar asarlariga yozgan taqriz va debochalaridan iborat. Soʻnggi qism esa shoirning 1826—1852 yillar mobaynida oʻz doʻstlari — davrning peshqadam shoir va mutafakkirlariga yozgan maktublaridir.
Urdu adabiyotining rivojida Mirzo G'olbning hissasi katta. U gʻazalni faqat nozik tuygʻularni emas, iqtisodiy, falsafiy va siyosiy fikrlarni ham ifodalash vositasi deb bildi. Shoir sufiylikdagi mistitsizmga qarshi ilgʻor gʻoyalarni ilgari surdi. Mirzo Gʻolib inson — mutlaq haqiqatning inʼikosi, degan falsafiy konsepsiyada turdi. U inson boshqa jonli mavjudotlardan ishonch, istak va qobiliyatga ega boʻlganligi bilan farq qilishini taʼkidlaydi.
Mirzo Gʻolib Dehlidagi Nizomiddin Avliyo qabristoniga dafn etilgan. Sheʼrlar toʻplami (Rahmonberdi Muhammadjonov, Yongʻin Mirzo tarjimasi), gʻazallari (Shoislom Shomuhamedov tarjimasi) oʻzbek tilida nashr etilgan. Toshkent shahridagi ayrim koʻcha, mahallalar Mirzo Gʻolib nomiga qoʻyilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Shaydo, 1965; Gʻazallar, T., 1975.
- Muhayyo Abdurahmonova.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |