Maymana xonligi
Maymana xonligi (dariycha: خانات میمنه, eski oʻzbek yozuvida:میمنه خنليغى) – Shimoliy Afgʻonistonda oʻzbek[1] xonligi, markazi Maymana shahri atrofida barpo etilgan. U 1747-yilda Nodir Shoh vafotidan keyin tashkil etilgan. Minglar 1621-yildan beri Maymana hokimi sifatida faoliyat olib borishgan. Hoji Biy Ming xonlikning birinchi mustaqil hukmdori boʻlgan. 1814-yilda Ahmadxon vafotidan keyin Saripul xonlikdan ajralib chiqadi. 1830-yillarda Saripul Maymanadan Gurzivan tumanini ajratib oladi. Murgʻobning aymoq qabilalari 1845-yilga kelib Maymanadan ajralib chiqadi. 1847 va 1850-yillarda Hirot amirligining oʻz hududiga qoʻshib olishga qaratilgan urinishlariga qarshilik koʻrsatadi. 1875-yilda xonlik Afgʻoniston amirligiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtaradi, ammo u tor-mor etiladi va shahar talon-toroj qilinadi. 1892-yilda xonlik Afgʻonistonga qoʻshib olinadi[2].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yormuhammadxonning bosqinchiligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1844-yilda Chohor viloyati hukmdorlari yana ochiq urushga kirishadilar. Maymanalik Mizrabxon va Shibirgʻonlik Rustamxon yangi Andxuy hukmdori Gʻazanfarxonga qarshi hujum uyushtiradilar. Gʻazanfar taxtdan agʻdarilib, uning amakisi Soʻfixon yangi hukmdor etib tayinlanadi. Gʻazanfar Buxoroga qochib, Nasrulloxon uni Andxuy taxtiga tiklasa, soliq toʻlashga rozi boʻladi. Nasrullo bu taklifni qabul qiladi va Gʻazanfarni Xulmlik Mir Valiy (Buxoroning ittifoqchisi boʻlgan) huzuriga joʻnatadi. Mir Valiy Balx va Mozori Sharif eshonlari yordami bilan Chahor viloyatiga yurish qiladi. Saripuldan chetlanib, Shibirgʻonga hujum uyushtiradi. Rustamxon Mizrabxondan yordam soʻraydi, ammo 1845-yil boshida Mizrabxon oʻz xotinidan biri tomonidan zaharlanganidan soʻng vafot etadi. Natijada uning ikki oʻgʻli (Hukumatxon va Shermuhammadxon) bir-biri bilan sulh tuzibgina qolmay, Buxoro bosqinini qoʻllab-quvvatlaydilar. Shuning uchun Shibirgʻon Saripulga qoʻshib olinadi va Gʻazanfarxon yana Andxuy hukmdori etib tayinlanadi. Biroq Gʻazanfar Buxoroga soliq toʻlashdan bosh tortadi va natijada Amir Nasrulloh Shibirgʻonni qaytarib olishda va Gʻazanfarxonni taxtdan agʻdarishda Rustamxonni qoʻllab-quvvatlaydi va Soʻfiyxonni yana Andxuy afshorlari boshligʻi etib tayinlaydi.
Ayni vaqtda Hukumatxon va Shermuhammadxon oʻrtasidagi sulh buziladi va ikkalasi Maymana ustidan nazorat qilish uchun kurashadi. Yormuhammadxon aralashib, nizoni vaqtincha hal qiladi. Shermuhammadga Maymana ustidan nazorat beriladi, Hukumatxon esa qishloq xoʻjaligi va savdoni nazorat qilib, Shermuhammadning devonbegiga lavozimida faoliyat yuritish yuklatiladi. Bundan tashqari, Yormuhammad Hirotga sodiq qolish umidida ikkita tojik batalonini tuzishga ham harakat qilgan.
1847-yilning yozida Hukumatxon Shermuhammadxonga qarshi jang qilishda Yormuhammadxondan yordam soʻraydi, bu esa Yormuhammadga kerak boʻlgan urush uchun bahona boʻladi. Yormuhammad 20 000 askar bilan Maymanaga qarshi yurish qiladi (ularning yarmi oʻljaga intilgan aymoq va turkman qabilalaridan iborat edi). Qoʻshin Hirot bilan Maymana chegarasiga yetib borgach shahar talon-toroj qilinadi.
Tez orada ular Shermuhammadxon qoʻrgʻoni Xayrobodga yurishadi va qal’a parchalanib ketadi. Shermuhammad avvaliga qochib ketgan va keyinchalik ukasi bilan yarashgan. Andxuylik Gʻazanfarxon ham Soʻfiyxonni agʻdarishda Yormuhammadxondan yordam soʻraydi. Soʻfiyxon oʻldiriladi, Andxuy shafqatsizlarcha talon-toroj qilinadi. Yormuhammad qishda boʻlsa ham, Aqcha va Balxga yurishni davom ettirish niyatida boʻladi. U tezda Aqchani egallab oladi, lekin Shibirgʻonni qoʻlga kirita olmaydi va Maymanaga chekinishga majbur boʻladi. Aholi oʻz darvozalarini ochishdan bosh tortadi, shuning uchun Hukumatxon qoʻshinni poytaxtni aylanib oʻtadigan yoʻl orqali borishga buyuradi. Bala Morgʻabga yurish halokatli boʻaldi va koʻplab Hirot askarlari sovuq yoki ochlik tufayli halok boʻlishadi. Yormuhammadxon 1848-yil fevral oyining oxiri yoki mart oyining boshlarida Hirotga qaytib keladi.
1849-yil noyabrda Yormuhammad Hukumatxondan Hirotga soliq toʻlashni talab qiladi. Bu taklif rad etilganda, Maymana 6000 kishilik qoʻshin bilan qamal qilindi va shahar 11 oy davomida oʻrab olinadi. Biroq, Maymana qarshilik koʻrsatishda davom etadi va bu Hirotning mustaqil davlat sifatidagi kelajagiga zarar yetkazadi.
1849 va 1850-yillarda Barakzaylar Afgʻoniston Turkistonining muhim qismlarini oʻz saltanatiga qoʻshib olgan edilar va agar butun mintaqa qulasa Hirotga bir vaqtning oʻzida Maymana va Qandahor tomonidan hujum qilish mumkin boʻlib qoladi. Maymani qamal qilinishi ham Barakzaylarga yordam beradi, chunki u Maymananing qudratli armiyasi mintaqaning mayda davlatlariga yordamga kelmasligiga ishonch hosil qiladi. Nihoyat, 1850-yil sentyabrda Yormuhammadxon magʻlubiyatga uchraydi[3].
Hukmdorlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Quyida Jonathan Lining kitobiga koʻra Maymana xonligi hukmdorlarining roʻyxati keltirilgan[4]:
- Ataliq Oʻraz Ming ibn Barutiy Biy (1612-30/1653 – 56)
- Hoji Biyxon Ming (1731-1772)
- Jan Xon (1772-1795)
- 1795-yilda Jan Xonning oʻrniga toʻngʻich oʻgʻli qisqa vaqt davomida taxtga oʻtirdi, ammo ism koʻrsatilmagan.
- Muhammad Rahimxon (1795-804)
- Otaliq Ahmad Qolixon (1804-1814)
- Aliyor Xon (1814-1830)
- 1830-yilda nomi nomaʼlum fors noibi xonlikni boshqargan.
- Abdulmoʻminxon (1830-1831)
- Mizrab Xon (1831-1845)
- Hukumatxon va Shermuhammadxon (1845-1848)
- Hukumatxon (1845-1862)
- Muhammad Husayn Xon ibn Mizrabxon (1862 – 1876-yil mart)
- 1876-yil martdan 1879-yil fevralgacha Maymana xonligi Afgʻonistonga qoʻshib olinadi va afgʻon hokimlari boshqaruvga tayinlandi.
- Muhammad Husayn Xon (1879-yil fevral – may)
- 1879-yil maydan noyabrgacha xonlik yana Afgʻonistonga qoʻshib olinadi.
- 1879-yil noyabrdan 1880-yil fevralgacha Maymanada taxtga ikki asosiy daʼvogar: Dilavar Xon va Muhammad Husaynxon oʻrtasida taxt urushi boʻladi. Oxir-oqibat Dilavarxon gʻalaba qozonadi.
- Dilavarxon (1880-yil fevral – 1884-yil 21-may)
- Muhammad Husayn Xon ibn Mizrabxon (1884-yil 21-may – 1888)
- 1888-yilda Sardor Ishoqxon qoʻzgʻoloni tufayli Maymana Hirot qoʻl ostiga oʻtadi.
- Muhammad Sharif Xon (1889-1892)
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Noelle, Christine (2012-06-25). State and Tribe in Nineteenth-Century Afghanistan: The Reign of Amir Dost Muhammad Khan (1826-1863). Routledge. ISBN 978-1-136-60317-4.
- ↑ Lee, Jonathan L. (1987). „The History of Maimana in Northwestern Afghanistan 1731-1893“. Iran. 25: 107-124. doi:10.2307/4299788. ISSN 0578-6967. JSTOR 4299788.
- ↑ Lee, Jonathan L.. Afghanistan: A History from 1260 to the Present (en). Reaktion Books, 2019-01-15. ISBN 978-1-78914-010-1.
- ↑ Lee, Jonathan L.. The "Ancient Supremacy": Bukhara, Afghanistan and the Battle for Balkh, 1731-1901 (en). BRILL, 1996-01-01. ISBN 978-90-04-10399-3.