Madaniyatlar toʻqnashuvi
Madaniyatlar toʻqnashuvi yoki Tamaddunlar toʻqnashuvi — Sovuq urushdan keyingi dunyoda xalqlarning madaniy va diniy xususiyatlari mojarolarning asosiy manbasi boʻlishi haqidagi teoriya. Amerikalik siyosatshunos Samuel Huntington keyingi urushlar mamlakatlar oʻrtasida emas, balki madaniyatlar oʻrtasida boʻladi, degan fikrni ilgari surgan. Olim bu fikrni 1992-yil Amerika tadbirkorlik institutida soʻzlagan nutqida ilk bor taqdim etgan. 1993-yil oʻz fikrlarini Foreign Affairs siyosiy-ilmiy jurnalida nashr etilgan “Madaniyatlar toʻqnashuvi?“ maqolasida kengroq bayon qilgan. Buning ortidan Huntington oʻz tezisini yanada kengaytirib, 1996-yil „Madaniyatlar toʻqnashuvi va dunyo tartibining oʻzgarishi“ (inglizcha: The Clash of Civilizations and the Remaking of World Order) kitobini yozgan.
„Madaniyatlar toʻqanshuvi“ atamasini 1946-yilda Albert Camus, 1988-yilda Girilal Jain, 1990-yil Bernard Lewis oʻzining „Musulmonlar gʻazabi ildizlari“ (inglizcha: The Roots of Muslim Rage) maqolasida hamda 1992-yilda Mahdi El Mandjra oʻz kitoblarining birida qoʻllangan. Ushbu atama Basil Mathewsning 1926-yil chop etilgan „Yosh Islom sayohatda: Madaniyatlar tarixi boʻyicha tadqiqot“ (inglizcha: Young Islam on Trek: A Study in the Clash of Civilizations) kitobida ham uchraydi.
Huntington post-Sovuq urush davridagi global siyosat boʻyicha turli qarashlarni oʻranib chiqib, oʻz teoriyasi ustida ishlay boshlagan. Ayrim siyosatshunoslar va yozuvchilar Sovuq urushdan keyingi davrda xalqlar oldida faqat inson huquqlari, liberal demokratiya hamda kapitalist bozor iqtisodiyoti mafkuralarini tanlash imkoni qoladi, degan fikrni ilgari surdi. Xususan, Francis Fukuyama Georg Wilhelm Friedrich Hegel qarashlari nuqtai nazaridan soʻzlaganda, dunyo tarixi „oʻz yakuniga yetdi“, degan fikrni taklif qildi.
Huntington ideologiyalar davri oʻz yakuniga yetgan boʻlsa-da, dunyo madaniy konfliktlardan iborat odatiy holatga qaytganiga ishondi. Oʻz risolasida olim kelajakda mojarolar asosan turli madaniyatlar oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar tufayli sodir boʻladi, degan fikrni ilgari surdi. Huntington potensial mojarolarni tahlil qilishda turli madaniyatlar tushunchasi qoʻl kelishini taʼkidlab keladi.
Shuningdek, Huntington madaniyatlar toʻqnashuvi tarixiy hodisa, deb hisoblaydi. Oʻtmishda jahon tarixi asosan monarxlar, xalqlar hamda mafkuralar oʻrtasidagi tortishuvlardan iborat boʻlgan. Ammo Sovuq urush oʻz yakuniga yetganidan keyin, jahon siyosatida yangi davri boshlandi. Huntingtonga koʻra, bu davrda gʻarb madaniyatlaridan boshqa madaniyatlar ekspluatatsiya yoʻli bilan gʻarb madaniyatini qabul qilish bilan cheklanib qolmay, jahon tarixi shakllanishida muhim oʻrin tutgan qoʻshimcha kuchga aylandi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „The World of Civilization“. 2007-yil 12-martda asl nusxadan arxivlangan. (Wayback Machine saytida 2007-03-12 sanasida arxivlangan)