Kontent qismiga oʻtish

Maʼmurjon Uzoqov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Maʼmurjon Uzoqov (1904.20.4 Margʻilon – 1963.12.6) – Oʻzbekiston xalq hofizi (1939), "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni sohibi (2000)[1]. Mamatbuva hofiz, Boltaboy Rajabov, Hamroqul qori singari hofizlar taʼsirida ashula aytishni boshlagan. Hasan qoridan dutor chalish va yallalarni, J.Jultoiovdan katta ashulaning murakkab yoʻllarini oʻzlashtirgan. 1922 –25-yillar Xudoybergan hofiz Maqsumov, 1926—32-yillar Hasan qori, 1933—62-yillar J.Sultonov bilan hamnafaslikda kuylagan. Dastlab xalq toʻy-sayillarida, choyxonalarda xizmat qilgan. Margʻilon teatrida xonanda (1937—39), Muqimiy teatrida [Tohir, Jarchi (S. Abdulla; T. Jalilov, „Tohir va Zuhra“) rollarini oʻynagan] artist va xonanda (1939—50), Oʻzbekiston radio qoʻmitasi (1950—52), Oʻzbek davlat estradasi (1952—62)da yakkaxon xonanda. Baland, shirador va oʻta taʼsirli ovoz sohibi. Repertuaridan xalq ashula, yalla va katta ashulalar („Ul kun jonon“, „Nasihat“, „Keldim“, „Jonon kelur“, „Koʻzlaring“, „Bayet“, „Parvo etib ket“, „Kalam qoshing“, „Aylading“, „Yolgiz“, „Koʻp erdi hasratim jono“, „Sayding qoʻyaber, sayyod“), bastakorlar asarlari (ayniqsa, M. Mirzayevning „Yakka bu Fargʻonada“, „Surating“, „Dogʻman“, „Yor istab“, „Bahor“, „Qachon boʻlgʻay, kim“, „Bir kelib ketsin“ kabi), mumtoz ashulalar („Feruz“, „Mustahzod“, „Bayet V“) oʻrin olgan. Uzoqov Fargʻona xonandalik maktabi anʼanalarini davom ettirgan va oʻzbek musiqa madaniyati tarixida chuqur iz qoldirgan. Ijrolari Oʻzbekiston radiosi jamgʻarmasiga, bir nechta gramplastinka va kompakt disklarga yozilgan. Vafotidan soʻng „Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni (2000) bilan taqdirlangan. Margʻilon koʻchalardan biri, bolalar musiqa maktabi hamda shahar madaniyat va istirohat bogʻiga Uzoqov nomi berilgan. 1997-yildan Margʻilonda J.Sultonov va M.Uzoqov nomidagi xonandalar tanlovi oʻtkazilmoqda.





  1. „„Xalq so‘zi" gazetasi 2000-yil 26-avgust soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 25-avgustdagi "O‘zbek milliy madaniyatini rivojlantirishga buyuk hissa qo‘shgan adabiyot va san’at ustalarini mukofotlash to‘g‘risida" Farmon“ (http://press.natlib.uz/).