Kontent qismiga oʻtish

Lipidlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Lipidlar (yunoncha:lipos — yogʻ) — barcha tirik hujayralar tarkibida boʻladigan yogʻsimon moddalar. Tirik organizm hayot faoliyatida lipidlar muhim ahamiyatga ega. Lipidlar biologik membrananing asosiy komponentlaridan biri boʻlib, hujayralarning oʻtkazuvchanligiga, koʻpgina fermentlarning faolligiga taʼsir koʻrsatadi, nerv impulsini uzatishda, muskullar qisqarishida, hujayralararo kontaktlarni yuzaga keltirishda va immunokimeviy jarayenlarda qat-nashadi. Lipidlarning yana bir funksiyasi energiya rezervi, hayvon va oʻsimliklarda suv qochiruvchi himoya va termoizolyasiya qoplamasi hosil qilish, shuningdek, turli organlarni mexanik taʼsirlardan saqlashdan iborat.

Koʻpchilik lipidlar yuqori yogʻ kislotalari, spirtlar yoki aldegidlarning hosilalaridir. Kimyoviy tarkibiga koʻra, Lipidlar bir necha sinfga boʻlinadi. Oddiy Lipidlar yogʻ kislotalari (yoki aldegidlar) va spirtlar qoldigʻidan tarkib topgan moddalardan iborat. Bularga yegʻlar (triglitseridlar va boshqa tabiiy glitseridlar), mum (yogʻ kislotalari va yogʻ spirtlari efirlari) va diol Lipidlar (yogʻ kislotalari va etilenglikol yoki b. ikki atomli spirtlar efirlari) kiradi. Murakkab Lipidlar ortofosfat kislota hosilalari (fosfolipidlar) hamda qand qoldiqlari (glikolipidlar)dan tarkib toptan moddalardan iborat. Murakkab Lipidlar molekulalarida koʻp atomli spirtlar — glitserin (glitserin-fosfatidlar) yoki sfingozin (sfingolipidlar) ham boʻladi. Koʻpchilik Lipidlar sirt faol moddalar hisoblanadi. Lipidlar organizmda lipazalar taʼsirida fermentativ gidrolizga uchraydi. Bu jarayonda ajralib chiqayotgan yogʻ kislotalar (adenozintrifosfat kislotalar — ATF) va koferment A bilan taʼsirlashib faollashadi, soʻngra oksidlanadi. Koʻpchilik Lipidlar hujayralarda oqsillar bilan kompleks murakkab moddalar (lipoproteidlar) holida boʻladi.

Lipidlar ekstraksiya usuli bilan olinadi. Oziq-ovqat sifatida, tibbiyotda kasallarni davolashda hamda turli sanoat tarmoqlarida ishlatiladi (yana qarang Yogʻ).[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil