Kontent qismiga oʻtish

Kursaviy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Vasr (Nasr) Kursaviy

Abu Nasr Kursaviy
Tavalludi 1776-yil
Vafoti 1812-yil
Uskudar, Istanbul, Turkiya
Fuqaroligi Rossiya imperiyasi
Taʼlimi Buxoro madrasalari
Kasbi Mudarris
Bolalari Ubaydulla, Muso, Muhammadzyan
Otasi Ibrohim bin Yormuhammad
Onasi Miherban binte Amin

Kursaviy Abu Vasr (Nasr) (1776, Kursa, Tatariston — 1812, Istanbul) — islomdagi islohotchilik harakati va tatar maʼrifatparvarligining asoschisi.

Kursaviy Tataristonning Kursa shahridagi savdogar oilasida tugʻilgan.

Madrasa taʼlimini Malmij uyezdida joylashgan Machkara qishlogʻida oʻqigan. Birinchi ustozi — Muhammadrahim Yusuf. Otasi vafotidan soʻng savdo-sotiq ishlarini qoʻlga olgan akasi uni Buxoroga olib keladi. XIX asr boshida Buxoroga kelib Niyozquli at-Turkmaniy (naqshbandiya — mujaddadiya tariqatining mashhur shayxlaridan biri) qoʻlida tahsil olgan. Madrasaning toʻrt yillik taʼlimni tugatib, oʻz yurtiga qaytadi. Buxorodan qaytgach, kuyovi va oʻgʻillari koʻmagida Korsa qishlogʻida madrasa qurdiradi vamuallimlik bilan bir vaqtda imom-xatib lavozimini ham egallagan. 1808-yilda Abu Nasr Kursaviy yana Buxoroga borib, u yerda oʻzining islohotchilik qarashlarini yoyish uchun faoliyat koʻrsatib, moturidiylar taʼlimotiga qarshi chiqadi[1]. Buxoro madrasalaridagi oʻquv tizimini isloh qilish boʻyicha oʻz dasturini ishlab chiqqan. Aqoid va Kalom masalalarida Buxoro ulamolari bilan tortishib qolgan. Yaʼni islom dinini faqat Qur’oni Karim orqali oʻrganish kerakligini uqtirgan. Yirik ilohiyotchi olim Saʼdaddin atTaftazoniy (1390-yilv.e.) kitobiga yozgan sharhida Kursaviy oʻz fikrini oshqora bayon qilgan. 1808—1809-yillarda Buxoro amiri Haydar huzurida boʻlgan ulamolar majlisida oʻz qarashlarini qatiyat bilan himoya qilgan. Majlis aʼzolaridan faqat Tursunbaqo ibn Abdurahim al-Bulgʻoriy Kursaviy fikrlarini yoqlagan. Majlis soʻnggida musulmonlar 7 yoki 8 diniy kitobni oʻqib oʻrganmasa, dindan qaytgan murtad deb oʻlim jazosiga hukm qilinishi haqida fatvo berilgan. Kursaviy esa dahriylikda ayblanib, qisqa muddat tutqunlikda saqlangan. Buxorodagi mudarris ustozi Shayx Niyozqul amirdan shogirdini ozodlikka chiqarishni soʻraydi Kursaviy ustozi iltimosiga koʻra ozod qilinadi va Shayx Niyozqul unga Buxorodan chqib ketishni maslahat beradi. Kursaviy Xiva xonligi orqali oʻz yurtiga ketadi. Yoʻlda Xiva ulamolari tomonidan kutib olinadi. Ular Abu Nasrga 200 oltin tanga hadya qilib, Xivadagi madrasalarda mudarrislik qilishni taklif etishadi. Berilgan takliflarni rad etgan Kursavi Astraxan orqali Qozon yaqinidagi Yuqori Kursa qishlogʻiga qaytib, mahalliy madrasada mudarris boʻlgan. U oʻz qarashlarini mashhur „Al-Irshod lil-ibod“ risolasida bayon qilgan. Oʻzi ishlab chiqqan dastur asosida madrasa dars bergan. Abu Nasr Kursaviy akalari bilan birga 1812-yilning bahorida Makkaga haj safariga otlangan. Shu yilning sentyabr oyida Istanbulda vabo kasalligiga chalinadi, 36 yoshida Istanbulda vafot etgan. Uskudarda dafn qilingan.

Kursaviy jamiyatni oʻzgartirishning asosiy yoʻlini islomga keyinchalik kirib kelgan yangi tartib qoidalarni tugatish, eʼtiqod qilishning bosh manbayi Qur’oni Karim va Sunnani qaytarishda, musulmon ilohiyot mutaxassislarining huquqlarini tiklashda deb biladi. U tasavvufning haddan ziyod soxtalashtirilib koʻrsatilishi, shariatga mos kelmaydigan turli marosimlar oʻtkazilishi va haddan ortib ketgan tarkidunyochilikni qoralaydi[2].

Kursaviy gʻoyalari hayotlik chogʻida unchalik shuhrat topmagan. 19-asr 2-yarmida Marjoniyning asarlari orqali K.ning islom ilohiyotchisi va maʼrifatparvarlik gʻoyalari tarqatuvchisi ekanligi tan olingan. Turkistonda uning qarashlari keng tarqalgan va koʻplab tarafdorlari boʻlgan[3].

  1. Ситдиков И.М. „Иджтихад у Курсави в исламском фикхе“. 2023-yil 24-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 24-iyul.
  2. Dilnoza Jamolova. Buxoro amirligida jadidlar va qadimchilar faoliyati. Toshkent, 2021 — 21-bet. ISBN 978-9943-6834-8-8. 
  3. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Islam v tatarskom mire: istoriya i sovremennost, Kazan, 1997; Islam va territorii bivshey Rossiyskoy imperii, vipusk-2, M., 1999.