Kontent qismiga oʻtish

Kiniklar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kiniklar (qadimgi yunoncha: κῠνικοί)[1] yoki kinizm (qadimgi yunoncha: κυνισμός) – Yunonistondagi Suqrot falsafa maktablaridan biri. Miloddan avvalgi IV asrda Antisfen asos solgan. Diogen Sinoplik, Kratet va boshqa uning vakillari boʻlgan. Antisfen Afinadagi Kinosarg tepaligida („Kiniklar“ nomi shundan) shogirdlari bilan shugʻullangan. Kiniklar Suqrot va Platonning yaxshilik, adolat, goʻzallik gʻoyalari kabi umumiy tushunchalarning obyektiv mavjudligi toʻgʻrisidagi taʼlimotini tanqid qildi va aniq, odamlar hissiy qabul qiluvchi narsalargina real mavjuddir, deb hisobladi. Etika masalalariga alohida eʼtibor berdi. Boylik, hashamdorlik, madaniyat yutuqlaridan voz kechib, „tabiiy holat“ga qaytishni talab qildi. Kiniklarning axloqiy qarashlari insonning ijtimoiy hayotdan ajralib yashashi, biron-bir qonun, ijtimoiy meʼyorlarga boʻysunishdan voz kechishiga asoslangan edi. Kiniklar Yunonistonda axloqiy gʻoyalarning rivojlanishiga, xususan, antik stoiklarning qarashlariga taʼsir koʻrsatgan.