Atatürk inqiloblari
Atatükning inqiloblari (yoki Atatürk reformatsiyasi, Kamolistlar inqilobi, Turk inqilobi, respublika inqilobi kabi nomlar bilan qayd qilingan), Birinchi jahon urushidan keyingi teokratik va koʻp millatli Usmonli davlatining sekulyar (dunyoviy), demokratik, milliy Turkiya respublikasiga aylantirilishi bilan yakunlangan inqiloblar sanaladi. Bu Turkiya respublikasining quruvchisi va birinchi prezidenti Mustafa Kemal Atatürkning shaxsiy tashabbusi, tavsiya va koʻrsatmalari orqali amalga oshirilgan tub oʻzgarishlar boʻlib, siyosiy, madaniy va iqtisodiy jabhalarni qamrab olgan edi. Baʼzi mutaxassislar Usmonli davlatining istilo qilinganidan soʻng, Onadoʻluda boshlangan qarshilik koʻrsatish harakatiga Atatürkning yetakchilik qilishi bilan bu inqiloblar amalga oshirilishi boshlab yuborilganini eʼtirof etishadi.[1]
Usmonli davlatida 1919 va 1923-yillarda „Passiv inqilob“ amalga oshiriladi.[2] Bu inqilob natijasida eski rejimga xizmat qilgan aristokrat kadrlar olib tashlanadi. Shundan soʻng markaziy hokimiyat kuchaytirilib, sanoat inqilobi ham amalga oshiriladi.[1]
Atatürk inqiloblarini 1839-yilda boshlangan „Tanzimot davri“dan, 1876-yilgacha davom etgan birinchi mashrutiyat (konstitutsiyaviy monarxiya)ning davomi sifatida qabul qiladiganlar ham bor.[3] Faqat, Mustafa Kemal Atatürk konstitutsiyaviy monarxiya uchun kurashgan ziyolilarning gʻoyalari bilan cheklanib qolmasdan; ilgʻor fikrlilarning fikri boʻlgan lotin alifbosiga oʻtish, gʻarbdan fuqorolik tushunchalarining olish, madrasa va takyalarning yopilishi va respublikaning eʼlon qilinishi, xalifalikning bekor qilinishi, sekulyar tuzum hamda ayollarning siyosiy haq-huquqlarining tan olinishi kabi inqilobiy oʻzgarishlarni ham amalga oshiradi.[3]
Atatürk tomonidan amalga oshirilgan bir qancha inqiloblar musulmon jamiyatidagi muhofazakor (konservativ) qarashli kishilar tomonidan qattiq tanqid qilib kelinadi. Pokiston bosh vazirining koʻrsatmasi bilan 1951-yilda tashqi ishlar vaziri Muhammed Zafirullah Xon Turkiyaga rasmiy tashrif bilan keladi. U oʻz xotiralarida Atatürkdan keyingi Turkiya haqida quyidagilarni aytib ketgan edi: „Atatürkning inqiloblaridan keyin, islom oʻlkalarining markazlaridan biri Turkiyada islom diniga hurmatsizlik qilinyapti deb yurardim. Ammo men bu yerga kelgach buning mutlaqo aksiga guvoh boʻldim va endi bu gaplarning safsata ekaniga aminman“[4]
Inqilobning maqsadi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Atatürk 1925-yil 30-avgust kuni Kastamonuda qilgan nutqida inqilobning maqsadini shunday tushuntiradi: „Turk millatining keyingi asrlarda qoloq boʻlib qolishiga sabab boʻlgan eski muassasalar oʻrniga, turk millatining xarakteriga uygʻun, davrning talab va shartlariga mos, taraqqiyotni taʼminlaydigan yangi davlat organlarini tashkil qilmoq va Turkiyani zamonaviy madaniyat darajasiga olib chiqmoq asl maqsadimizdir“.[5]
Atatürk amalga oshirgan islohotlar bugungi zamonaviy Turkiya davlatining qurilishiga asosiy poydevor boʻlib xizmat qilgan edi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 „Türk devrimi ve egemenlik anlayışındaki dönüşüm“ (2016-yil 10-oktyabr). 2016-yil 11-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 21-avgust.
- ↑ „Türk devrimi ve egemenlik anlayışındaki dönüşüm“ (2016-yil 10-oktyabr). 2016-yil 11-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 21-avgust.
- ↑ 3,0 3,1 „Atatürk, Türk Kimliği ve Ötekileştirme“ (2016-yil 26-avgust). 2016-yil 10-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 21-avgust.
- ↑ Sir Mohammad Zafrullah Han, Tahdis-i Ni’met, Tahir Composing Centre, Gaba Bilding, Railpark, Lahore, 1994. s. 594
- ↑ S. N. Eisenstadt, "The Kemalist Regime and Modernization: Some Comparative and Analytical Remarks, " in J. Landau, ed., Atatürk and the Modernization of Turkey, Boulder, Colorado: Westview Press, 1984, 3-16.