Jon (tushuncha)
Jon — odamning ichki dunyosi toʻgʻrisidagi qarashlarni ifodalovchi tushuncha. Bu tushuncha tarixan oʻzgarib turgan. Kelib chiqishi inson va hayvon tanasida yashaydigan, uyqu vaqtida yoki oʻlgan vaqtda tanadan chiqib ketadigan alohida kuch haqidagi ibtidoiy tasavvurlarga borib taqaladi. Ibtidoiy odamlarning tasavvurida jon qandaydir moddiy narsa (soya, qon, nafas va boshqa) deb qaralgan. Diniy tushunchalarga koʻra, jon — qandaydir jismsiz, oʻlmaydigan, tanadan mustaqil holda yashay oladigan nomoddiy kuchdir. Kishi tanida boʻlganda unga hayot baxsh etadi, u hech qachon oʻlmaydi, uni xudo ato qiladi va xudo qaytib oladi. Soʻng narigi dunyoda abadiy yashaydi. Tush koʻrish ham jonning tanadan vaqtincha koʻchishi bilan izohlanadi. Jon haqidagi fikrlar Sharq falsafasida ham keng tarqalgan. Forobiy, Ibn Sino, Ibn Rushd taʼlimotlarida u inson tanasi bilan uzviy bogʻliq holda talqin etilgan. Forobiy jonni tanadan mustaqil ajratib qoʻyishni, uni tanadan tanaga koʻchib yuradi, degan taʼlimotni tanqid qildi.
Koinotning yoppasiga jonliligi gʻoyasi (gilozoizm) olamiy jon haqidagi taʼlimotning asosi boʻldi (Platon, neoplatonizm). Aristotel jonni tirik tanadan ajralmaydigan, faol maqsadga muvofiq ibtido ("shakl") deb bilgan. Panteistik qarashlarda jon yagona ruhiy substansiyaning alohida koʻrinishi sanaladi. Dekartning dualistik metafizikasi jon va tanni ikki mustaqil substansiyaga ajratadi. Hozirgi zamon psixologiyasida jon gʻayrishuuriylikni bildiradigan tushuncha sifatida ishlatiladi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |