Jahongir Mirzo (temuriy)
Jahongir Mirzo | |
---|---|
Tavalludi | 1485 |
Vafoti |
1508 Gʻazna |
Fuqaroligi | Temuriylar davlati |
Dini | Islom |
Otasi | Umarshayx Mirzo |
Onasi | Fotima Sulton |
Jahongir Mirzo (1485—1508) — temuriy hukmdorlaridan Umarshayx Mirzoning oʻgʻillaridan biri, Bobur Mirzoning ukasi, onasi Fotima Sulton boʻlgan. Bobur Mirzoning Samarqandga qilgan yurishi davrida qochqin Ahmad Tanbal va Axsi hokimi Uzun Hasan oʻzaro til biriktirib isyon koʻtarganida Jahongir Mirzoni hukmdor deb eʼlon qilishgan. 1499-yilda Bobur Fargʻonadagi hokimiyatini qayta tiklaganidan keyin ham Ahmad Tanbal isyoni davom etadi. Harbiy kuchining ozligi tufayli Bobur Mirzo sulh tuzishga majbur boʻladi. Sulhga koʻra Sirdaryoning shimolidagi hududlar Jahongir Mirzo tasarrufida ekanligi tan olinadi[1]. Fargʻona vodiysi Shayboniyxon tomonidan egallangandan keyin Jahongir Mirzo Bobur Mirzoga qoʻshilib Kobul tomonga yuradi. Lekin yoʻlda ajralib chiqib Xuroson tomonga ketadi. Bobur Kobul taxtiga oʻtirgach, Gʻazna shahrini Jahongir Mirzo ixtiyoriga topshirgan. Bobur Mirzo birinchi marta Hindiston yurishiga ketgan vaqtida fitnachilarning gapiga aldanmagan Jahongir Mirzo uning oʻrniga taxtga oʻtirish taklifini rad etgan. Bobur Mirzo oʻzining Boburnona asarida ukasining bu ishi bilan „…tugʻishganlikni bajo keltirga“ligini taʼkidlab oʻtgan.
Jahongir Mirzo, shuningdek, Boburning Hirot safarida ham ishtirok etgan. Safar davomida aka-uka temuriylar Husayn Boyqaroning taʼziyasida qatnashib, Hirot saroy ahli bilan ham uchrashishgan[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Zahiriddin Muhammad Bobur (1483–1530)“. sirstat.uz. Qaraldi: 2023-yil 8-avgust.
- ↑ Rustamjon Ummatov. Gʻaznai Namangon. Toshkent: Sharq — 75-bet.