Jüri Lossman
Jüri Lossman | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Jinsi | erkak |
Fuqaroligi | Estoniya Shvetsiya |
Tavallud sanasi |
4-fevral 1891-yil Kabala, Pilistvere parish, Estoniya |
Vafot sanasi |
1-may 1984-yil (93 yoshda) Stokgolm, Shvetsiya |
Boʻyi | 169 sm |
Vazni | 69 kg |
Sport | |
Mamlakat | Estoniya |
Qaysi sport | yengil atletika |
Klubi | Kalev Tallinn, Tallinn |
Jüri Lossman (talaffuzi: Yuri Lossman; 4-fevral 1891-yil, Kabala, Pilistvere parish – 1-may 1984-yil, Stokgolm) — estoniyalik yengil atletikachi, 1920-yilgi yozgi Olimpyiya oʻyinlarida marafon yugurishi musobaqasida kumush medal sohibi. 1924-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlarining ochilish marosimida Estoniya terma jamoasi bayroqdori.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jüri Lossman Lasnamae shahrida (hozirgi Tallindagi tuman) sport bilan shugʻullana boshlagan va futbolni yaxshi koʻrgan. 18 yoshida „Merkuriy“ futbol klubida oʻynay boshlaydi va 1913-yilda yengil atletika bilan shugʻullana boshlagan. 1915-yilda bir soatlik yugurish musobaqasida Rossiya chempioni boʻladi. 1916-yilda 5000 m masofaga yugurishda ushbu muvaffaqiyatini takrorlaydi va 10 000 m masofaga yugurish boʻyicha Rossiya chempionatining bronza medali sovrindori boʻladi . Oʻsha yili birinchi marta marafon yugurishi musobaqalarida qatnashib, Reveldagi (hozirgi Tallin) birinchi marafonida gʻalaba qozonadi. Uning sportdagi faoliyati Birinchi jahon urushi sababli toʻxtab qoladi, sababi Lossman urushda ishtirok etishga majbur boʻladi va urushda yaralanadi[1]. Urushdan keyin sportga qaytadi, 1918—1922-yillarda 5000 m masofaga yugurishda uch marta va 10 000 m masofaga yugurishda ikki marta Estoniya chempioni boʻlgan, shuningdek, 3000 dan 30 000 m gacha boʻlgan masofalarda 13 marta Estoniya rekordini oʻrnatgan. 1920-yil 22-avgustda Antverpenda boʻlib oʻtgan VII yozgi Olimpiya oʻyinlarida Lossmann marafon yugurish musobaqasida 2 soat 32 daqiqa 48,6 soniya natija bilan oldingi 1912-yilgi V yozgi Olimpiya oʻyinlari 15000 va 10 000 m, 12 000 m krossda uch karra chempion boʻlgan finlyandiyalik Hannes Kolehmainendan atigi 7 soniya ortda qoladi, ammo musobaqada 3-oʻrinni egallagan italiyalik Valerio Arriadan deyarli 4 daqiqa oldinda oʻzib, kumush medalni qoʻlga kiritadi. Bundan 3 kun oldin Lossmann ham 10 000 m masofaga yugurish musobaqasida ishtirok etgan, biroq gʻolib boʻlolmagan. Uning marafondagi ushbu natijasi 1929-yilda bir soatlik yugurish musobaqasida koʻrsatilgan vaqti bilan birga uzoq vaqt davomida Estoniya milliy rekordi boʻlib qoldi. Lossmann toʻrt yildan soʻng Parijda ikkinchi marta Olimpiadada qatnashadi. 1924-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlarining ochilish marosimida 33 yoshli estoniyalik sportchi oʻz mamlakatining bayroqdori boʻlgan. Marafon poygasida qatnashib, 2 soat 57 daqiqa 54,6 soniya natija bilan 10-oʻrinni egallaydi. Bu musobaqada 2 soat 41 daqiqa 22,6 soniya natija bilan gʻalaba qozongan finlyandiyalik Albin Stenroos chempion boʻlgan. Stenroosning natijasi avvalgi Olimpiadada ikkinchi oʻrinni egallagan Lossmannikidan deyarli 9 daqiqaga yomonroq boʻlgan. 1923-yilda Lossmann Shvetsiyaning Gyoteburg shahrida shaharning 300 yilligini munosabati bilan oʻtkazilgan xalqaro marafonda gʻolib chiqadi. 1928-yilda 37 yoshida Amerika Qoʻshma Shtatlari boʻylab (Los-Anjelesdan Nyu-Yorkkacha) oʻtkazilgan yugurish musobaqasida qatnashadi. Birinchi eston sport kalendarlari va maʼlumotnomalarini tuzuvchi (1917-yildan boshlab) Yoxannes Villemson bilan birga 1928-yilda Tallinda Oʻgʻil bolalar sport federatsiyasiga asos soladi, Lossman soʻngra federatsiyaning rahbari va mukofotlar yetkazib beruvchisi boʻlgan. 1922-yildan 1936-yilgacha Lossmann Estoniyaning mashhur KAWE shokolad fabrikasida ishlagan. 1930-yillarda bir muncha vaqt estoniyalik uzoq masofalarga yuguruvchilar uchun murabbiy boʻlib ishlaydi, ammo muvaffaqiyatga erisha olmaydi. 1942—1944-yillarda Xalq taʼlimi bosh boshqarmasi sport boʻlimida „Eesti Sport“ni boshqargan. 1944-yilda Lossmann Shvetsiyaga koʻchib ketadi. Shvetsiyada sobiq sportchi zargar boʻlib ishlagan va 1964-yilda Shvetsiyadagi Estoniya hamjamiyatiga minnatdorchilik bildirish uchun qirol Gustaf VI Adolfga kumush qadah yasagan[1][2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 „Jüri Lossman Bio, Stats, and Results“ (en). Olympics at Sports-Reference.com. 2020-yil 17-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 14-may.
- ↑ „ESBL“. www.esbl.ee. 2018-yil 15-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 14-may.