Kontent qismiga oʻtish

Gyoteborg

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gyoteborg, Yyoteborg (got qalʼasi; germanlarning got qabilasi nomidan) — Shvetsiyaning jan.-gʻarbidagi shahar. Gyota-Elv daryosining Kattegat boʻgʻoziga quyilish joyida. Gyoteborg-Boxus lenining maʼmuriy markazi. Aholisi 433 ming kishi (1997, shahar atrofi bilan 761 ming kishi). Gyoteborgga 17-asr boshida asos solingan. 18—19-asrlarda tashqi savdo shahri sifatida tez oʻsdi. 18-asr oxirida Gyote kanali qazilgach, Gyoteborgning transport mavqei yanada yaxshilandi. Gyoteborg aholisining soni va sanoat mahsuloti i. ch. boʻyicha Shvesiya poytaxtidan keyin 2-oʻrinda. Gyoteborg portining yillik yuk ortib tushirishi 25 mln. t Temir yoʻl va suv yoʻllarining muhim tuguni. Asosiy sanoat tarmoklari: mashinasozlik (jumladan avtomobilsozlik), metallsozlik, kemasozlik (mamlakatda quriladigan kemalarning 2/3 qismi), toʻqimachilik sanoatlari. Elektrotexnika uskunalari, sharikli podshipniklar, dizel dvigatellari va turli xil mashinalar ishlab chiqariladi. Ip gazlama, trikotaj, tikuvchilik fabrikalari, neftni qayta ishlovchi zavod; universitet, politexnika va savdo institutlari, muzeylar, sobor (1802—15-yillar) bor. Har yili xalqaro sanoat yarmarkalari oʻtkazib turiladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil