Issiqkoʻl soyligi
Issiqkoʻl soyligi - Tyanshandagi soylik (Qirgʻizistonda). Issiqkoʻl soyligini shimolida Kungay Olatov tizmasi (balandligi 4771 m gacha), janubida Terskay Olatov tizmasi (balandligi 5216 m gacha) oʻrab turadi. Tubini Issiqkoʻl (dengiz sathidan 1608 m) egallagan. Issiqkoʻl soyligi kenglik boʻylab choʻzilgan. Uzunligi 240 km, eni 90 km gacha. Tez-tez zilzila boʻlib turadi. Issiqkoʻl tubida va sohillarida qadimgi koʻl terrasalari (balandligi 35—40 m) bor. Koʻlga togʻdan 50 dan ortiq daryo oqib keladi. Issiqkoʻl soyligi gʻarbiy qismining iqlimi quruq (yillik yogʻin 200 m dan kam), choʻl va chala choʻl landshaftiga ega. Sharqi dasht (yiliga 500 mm, togʻlarda 800 mm yogʻin yogʻadi). Togʻ yon bagʻirlarida tyanshan qoraqaragʻayi, undan yuqorida subalp va alp togʻ oʻtloqlari, 3500 m dan yuqorida qor va muzliklar bor. Sharqida toshkoʻmir koni (Jirgʻalan), janubi-sharqida qay-noq mineral buloqlar va kurortlar (Jetioʻgʻuz, Oqsuv), Issiqkoʻl qirgʻoqlarida Choʻlponota, Tamgʻa kurortlari mavjud. Issiqkoʻl soyligi Qirgʻizistonning muhim gʻallakorlik va chorvachilik rayoni. [1]