Kontent qismiga oʻtish

Islom Karimov maqbarasi

Koordinatalari: 39°39′48.4301″N 66°58′59.7202″E / 39.663452806°N 66.983255611°E / 39.663452806; 66.983255611
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Islom Karimov maqbarasi

Islom Karimov maqbarasi. Samarqand. Hazrati Xizr masjidi.
Joylashuv Samarqand, O'zbekiston
Binokor O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bosh boshqarmasi
Turi Maqbara
Material Marmar
Balandligi 7,55 metr
Qurila boshlagan 2016-yil
Qurilish tamomlangan 2018-yil
Xarita
Koordinatalari 39°39′48.4301″N 66°58′59.7202″E / 39.663452806°N 66.983255611°E / 39.663452806; 66.983255611
Hazrati Xizr masjidi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Islom Karimov qabriga hurmat bajo keltirmoqda
Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov maqbarasiga gul qo‘yishi

Islom Karimov maqbarasi — Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov dafn etilgan joy. Bu maqbara Samarqand shahridagi Shohi Zinda va Toshkent koʻchalari chorrahasidagi Hazrati Xizr masjidi ichida joylashgan.

Islom Karimov vafoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2016-yil 2-sentabrda Islom Karimovning olamdan oʻtgani rasman eʼlon qilindi. U bosh miyada qayta tiklanmaydigan oʻzgarishlarga va poliorgan yetishmovchiligiga olib kelgan miya qon aylanishining oʻtkir buzilishi (insult) oqibatida vafot etgan[1]. Erta tongdan poytaxt koʻchalari chetida tizilgan odamlar orasidan motam korteji oʻtgan, odamlar unga gullar tashlaganlar. Toshkent aeroportida vidolashish uchun mingdan ortiq odam toʻplangan. Karimov tobuti oq mato va davlat bayrogʻi bilan yopilgan. Karimovning jasadini kuzatib kelgan yaqinlari ichida xotini Tatyana Akbarovna va kichik qizi Lola boʻlgan. 2016-yil 3-sentabr kuni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov „Hazrati Xizr“ masjidi hududida dafn etildi[2]. Islom Karimov 1989-yilda Oʻzbekiston kommunistik partiyasi birinchi kotibligiga tayinlangan va 1991 yildagi mustaqillikdan soʻng prezident etib saylangandi[3]. U chorak asrdan koʻproq Oʻzbekistonni boshqargan. Rasmiy maʼlumotga binoan, mahalliy vaqt bilan 2016-yil 2-sentabr soat 20.55 da 78 yoshli prezidentning oʻlimi qayd etildi.

Samarqandga Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov, Afg'oniston Prezidenti Ashraf Gʻanilar borganlar. Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Tojik xalqi qardosh Oʻzbek xalqi bilan hamdard ekanini aytgan.

Rossiya delegatsiyasiga Bosh vazir Dmitriy Medvedev, Qozogʻiston hay’atiga Bosh vazir Karim Masimov boshchilik qilgan. Prezident Putin „muvaqqat prezident Senat raisi Nigʻmatulla Yoʻldoshevga“ Islom Karimov vafoti bilan taʼziya bildirgan.

Biroq Afgʻoniston vitse-prezidenti, general Abdurashid Doʻstum oʻzining taʼziyasini Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga yoʻllagan.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev, Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboev, Belorus Prezidenti Aleksey Lukashenko, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdoʻgʻon, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy ham Islom Karimov vafoti munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga hamdardlik yoʻllaganlar.

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Prezident Islom Karimov vafotidan qaygʻuga botganini maʼlum qilgan.

AQSh prezidenti Barak Obama Oʻzbekiston rahbari Islom Karimovning vafoti munosabati bilan qilgan bayonotida Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekiston xalqining qaygʻusiga sherikligini aytdi va „AQSh Oʻzbekiston bilan hamkorlikka, uning mustaqilligi, xavfsizligi va uning barcha fuqarolari huquqlariga asoslangan kelajagiga sodiq qolishi“ni qayd etdi. Sobiq Ittifoqning birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachyov ham Oʻzbek xalqiga taʼziyasini bildirgan.

ShHT bosh kotibi Rashid Alimov Oʻzbekiston xalqi va marhumning yaqinlariga oʻzining chuqur hamdardligini izhor etdi. Samarqandda Islom Karimovni oxirgi yoʻlga kuzatish uchun 17 mamlakat delegatsiyalari tashrif buyurishgan[4]

Bunyod etilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dafn marosimidan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bosh boshqarmasida uning qabri ustidagi maqbara loyihasini ishlab chiqish boshlandi. Loyiha ustida ishlashdagi asosiy qiyinchilik Hazrati Xizr masjidining YUNESKO homiyligida ekanligi edi. Shu sababli, nafaqat turli davrdagi ikkita binoni yagona meʼmoriy uslub bilan bogʻlash, balki Jahon merosi ob’ektining tarixiy qiyofasini saqlab qolish ham muhim edi.

Maqbarani qurishda 2000 ga yaqin kishi, jumladan, Hindistondan kelgan ustalar ishtirok etgan. Ishlarni 2017-yil sentabriga qadar yakunlash rejalashtirilgan edi, biroq so‘nggi lahzada Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga to‘g‘rilab ochilishiga qaror qilindi. 2018-yil 30-yanvar kuni maqbara tantanali ravishda ochildi va uning birinchi tashrifchisi O‘zbekistonning amaldagi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bo‘ldi[5].

Islom Karimov qabri ustidagi sagʻana

O‘zbekiston Birinchi Prezidenti qabri ikki qismdan — anʼanaviy ayvon va maqbaraning o‘zidan iborat bo‘lib, umumiy balandligi 7,55 metr bo‘lgan markazlashgan kompozitsiyadagi bir gumbazli inshootdir. Tuzilishi oq marmardan yasalgan boʻlib, koʻp rangli hajmli relyefli mayolika (oddiy keramikadan farqli oʻlaroq, bir emas, balki ikki qatlamli sir bilan qoplangan, oq yoki kulrang pishirilgan loydan gʻovak „shard“ bilan tayyorlangan sopol buyumlarning bir turi) bilan bezatilgan. Maqbaraning yertoʻlasi toʻq yashil marmardan yasalgan va devorlarning yuqori qismi oʻyilgan sirlangan terakotadan tiklagan katta hajmli stalaktit kamar bilan tugaydi. Maqbaraning asosiy hajmi gumbaz bilan qoplangan. Tashqarida gumbaz terakota rangli sopol koshinlar bilan qoplangan. Maqbaraning jabhalari arkli nishlar shaklida qilingan. Janubi-sharqiy tokchada kirish joyi jihozlangan, qolgan boʻshliqlar oʻyilgan marmar panjaralar bilan qoplangan.

Qabrning ichki qismi rangli yarim qimmatbaho toshlar bilan qoplangan oq marmardan qilingan. Maqbara gumbazi sopol stalaktit kamar bilan bezatilgan. Maqbara devorlarining pastki qismi och yashil rangdagi oniks bilan qoplangan. Maqbara oʻrtasida oq oniksdan sagʻana koʻtarilib, uning atrofida Qurʼon oyatlari hamda Amir Temur va Temuriylar davriga oid yozuvlar bitilgan.

Maqbaraga kiraverishda marmar plita o‘rnatilgan bo‘lib, uning ustiga o‘zbek va ingliz tillarida „Bu muqaddas dargoh O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining aziz va suyukli farzandi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning mangu panohidir“[6] soʻzlari yozib qoʻyilgan.