Kontent qismiga oʻtish

Ikrom domla

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ikrom domla
Muhammad Ikrom ibn Abdusalom
Tavalludi 1847-yil
Bog‘ikalon qishlog‘i, Buxoro
Vafoti 1925-yil
Buxoro
Fuqaroligi Buxoro amirligi → BXSR →  SSSR
Taʼlimi Badalbek madrasasi
Kasbi Mufti, mudarris
Faoliyat yillari 18801925

Ikrom domla, Mulla Ikromcha (taxalluslari; asl ismi Muhammad Ikrom ibn Abdusalom, 1847-yil, Buxoro — 1925-yil, Buxoro) — Buxorodagi taraqqiyparvar ulamolardan, muftiy va mudarris[1]. Buxoro madrasalarida tahsil olgan. Ahmad Donishning maʼrifatparvarlik gʻoyalariga qoʻshilib, madrasalardagi taʼlim tizimini tanqid qilgan, uni isloh qilish yoʻllarini ishlab chiqqan.

Muhammad Ikrom ibn Abdussalom 1847-yilda Buxoro shahri yaqinidagi Bog‘ikalon qishlog‘ida dunyoga kelgan, keyinchalik Poyi Ostona guzarida (hozirgi Galaosiyo tumani) yashagan. Boshlang‘ich maktabni tugatgach, 1860—1880-yillari Badalbek madrasasida[2] qozikalon va yirik amaldor, „Oyat“ taxallusi bilan ijod qilgan shoir Abdushukur ibn Abdurasul Buxoriydan tahsil olgan[3]. Ikrom Domla „Akram“ taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. „Tazkirat ash-shuaro“ asarida Domla Ikrom Mir Arab madrasasida, „Afzal at-tizkor“ asarida esa Abdullaxon madrasasida dars bergani aytiladi. Bundan tashqari Jaʼfarxoʻja va Tursunjon madrasalarida ham mudarrislik qilgan. Ikrom domla 1894—1896-yillarda Muhammad Avaz Xo‘jandiy hamrohligida haj safariga borgan. Ziyorat qilish chog‘ida Rossiya, Turkiya, Eron va Misrda bo‘lgan[4]. O‘sha vaqtda Istanbul, Bag‘dod, Sheroz va boshqa islomiy shaharlardagi taraqqiyotni ko‘rib taʼsirlanadi. Safardan qaytgach, Buxoro madrasalaridagi taʼlim dasturlarini tanqid qilib, ularni isloh qilish zarurligini taʼkidlaydi. Domla Ikrom madrasalar taʼlimiga tafsir, hadis fanlarini kiritishni yoqlab chiqqan[5] va diniy ilmsizlik hamda davlatning taraqqiy etishiga toʻsqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etish taklifi bilan chiqqan. U jadid maktablari tashkil etish tarafdori bo‘lib, ularni qo‘llab-quvvatlagan. 1910-yil boshida Buxorodagi maktablarni taftish qilish uchun Toshkentdan kelgan K.Palen boshchiligidagi hay’at bilan qoʻshbegi Nasrulla buyrugʻiga koʻra Domla Ikrom muzokara olib boradi[6]. Ularning yangi maktab, hijob va soliqlar haqidagi savoliga Domla Ikrom shariat yuzasidan javob berib, jadid maktablari islom diniga hech qanaqa zid emasligini aytib o‘tadi.

1909-yilda Mirzo Abdulvohid Munzimning maktabida o‘qiyotgan bolalarni imtihon qilish marosimi so‘ngida yig‘ilish bo‘lib, unda maktabni yopish yoki ochiq qoldirish masalasi ko‘riladi. Yig‘inda Domla Ikrom yangi maktabni islom odobiga muvofiq ekanligini aytib, bu turdagi maktablarni rivojlantirishni islom dini nuqtai nazaridan lozim ekanligini taʼkidlaydi va yangi usul maktablarining halol ekaniga muhr bosib, fatvo beradi[7].

XX asr boshlarida mufti sifatida Buxorodagi jadid — yangi usul maktablarini mulla Abdurazzoq boshchiligidagi qadimiychilarning guruhlaridan himoya qilgan. „Bedorin xobidagan va ogahi nodonon“ risolasida Buxorodagi amirlik tuzumidan norozilik kayfiyatlari aks ettirilgan. Ushbu risoladan soʻng Ikrom domla Buxorodan surgun qilinib, Peshkuga qozi qilib joʻnatilgan (1912—1914), har oy unga 1000 tanga maosh belgilangan. Qorakoʻlda qozilik qilgan davrda uyida jadid maktabi ochadi. Bu maktab haqida keyinchalik „Hurriyat“ gazetasida maqola beriladi.

1914-yilda amir Olimxon Ikrom domlani saroyga chaqiradi va uni muftiy etib tayinlaydi.

Buxoroda 1917-yil aprel namoyishlaridan keyin mulla Ikrom Gʻuzorda qamoqqa olinadi. BXSR tuzilgach, qisqa muddat adliya vazirligida nozir boʻlib xizmat qiladi. Fayzulla Xoʻjayev tomonidan shoʻrolar qozisi etib tayinlanadi[8]. Muhammad Ikrom 1924-yilda nafaqaga chiqadi va 1925-yilda 78 yoshida vafot etadi.

Ikrom domla Buxoroda koʻplab shoirlarga, jumladan, Sadriddin Ayniyga ustozlik va homiylik qilgan. Fayzulla Xoʻjayev va Ayniy oʻzlarining Buxoro inqilobi tarixiga bagʻishlangan asarlarida Ikrom domlaning taraqqiyparvarlik faoliya-tiga yuksak baho berishgan.

  • Ayniy S, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, Asarlar, 1-j., T., 1963;’ Xoʻjayev F., Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1997.[9]
  1. Шодмон Вохидов „Домулло Икромча Муфти Бухори (1847-1925): жизнь и деятельность“. Qaraldi: 18-iyul 2023-yil.
  2. Lola Asrorova. Buxoro madrasalari tarixidan. Toshkent, 2017 — 48-bet. ISBN 978-9943-4818-6-2. 
  3. I.Qodirov, F.Shirinova. So'nggi sulola tarixi. Toshkent Muharrir 2009 — 67-bet. ISBN 978-9943-354-44-9. 
  4. „Некоторые замечания о жизни и творчестве Домулло икромчемуфтий Бухары“. 2023-yil 18-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 18-iyul.
  5. Шодмон Вохидов. [https://dzen.ru/a/Y_jNR6TgzUCgmrav „ДОМУЛЛО ИКРОМЧА (1847 - 1925) 24 февраля“]. Qaraldi: 2023-yil 18-iyul.
  6. Dilnoza Jamolova. Buxoro amirligida jadidlar va qadimchilar faoliyati. Toshkent, 2021 — 71-bet. ISBN 978-9943-6834-8-8. 
  7. Anvar Hikmatov „Buxoroda ilmiy muassasalarning vujudga kelishi va faoliyati tarixi (XX asrning 20-30-yillari)“ (oʻzbekcha) (2018). Qaraldi: 8-iyul 2023-yil.
  8. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi nofeiy. Toshkent Akademiya 2001 — 75-bet. 
  9. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil