Hisoblar rejasi
Hisoblar rejasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hisoblar rejasi[1] – bu buxgalteriya hisobining hisoblar tizimi boʻlib, ularning miqdorini, guruhlashni va raqamli belgilanishini ob’ektlar va maqsadiga qarab taʼminlaydi. Hisoblar rejasi birinchi darajali sintetik hisoblarni va ularga mos keladigan analitik subhisoblar, yoki ikkinchi darajali hisoblarni oʻz ichiga oladi. Hisoblar rejasining yaratilishi buxgalteriya hisobining koʻrsatkichlarini joriy hisobot koʻrsatkichlariga muvofiqligini taʼminlaydi.
Ikki yoqlama yozuv usuli buxgalteriya hisobi tizimi hisoblaridagi oʻzgarishlarni aks ettirish uchun qoʻllaniladi. Yaʼni har qanday operatsiya ikki marta – bitta hisobning debeti boʻyicha va ikkinchi bogʻliq hisobning krediti boʻyicha aks ettiriladi. Har bir hisob oʻz nomiga, raqamiga va vazifasiga ega.
Tartibga solish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobining hisoblar rejasi 21-sonli BHMS bilan tartibga solinadi. Tashkilotlar oʻz hisoblarining rejasini shu asosda tasdiqlaydi. Ularning aksariyati, ayniqsa kichik tashkilotlar, BHMS da belgilangan barcha hisob yozuvlaridan foydalanishi shart emas. Buxgalter muayyan korxona uchun zarur boʻlgan barcha hisoblar roʻyxatini oʻz ichiga olgan dolzarb ish rejasini ishlab chiqadi.
Buxgalteriya hisoblaridan qanday foydalanish kerak?
Buning uchun 21-sonli BHMSning 2-ilovasida[2] tasdiqlangan maxsus Yoʻriqnoma mavjud boʻlib, u buxgalteriya hisobi hisoblarida hisob operatsiyalarini aks ettirish tartibini belgilaydi. Yoʻriqnomada har bir hisobning batafsil tavsifi, undan foydalanish boʻyicha tavsiyalar, rejadan foydalanish qulayligini taʼminlaydigan va operatsiyaning xarakteriga qarab qoʻllaniladigan standart hisob oʻtkazmalari keltirilgan. Bundan tashqari, oʻng ustunda maydonda hisoblarning qaysi guruhga tegishli ekanligini tushunishga yordam beradigan shartli belgilar joylashtirilgan:
- Aktiv
- Kontr-aktiv
- Passiv
- Kontr-passiv
- Tranzit
- Balansdan tashqari
Ish rejasining tarkibi quyidagilarga bogʻliq:
- tarmoqning oʻziga xos xususiyatlari;
- korxona faoliyatining hajmi va yoʻnalishi;
- tashkiliy-huquqiy shakl;
- alohida hisoblarni yuritish zarurati;
- buxgalteriya hisobotini shakllantirish talablari.
Korxona buxgalteriya hisobi tizimining tahlilini mustaqil ravishda belgilaydi. Asosiysi, tahlil koʻrsatkichlari hisoblarning sintetik qoldiqlari va aylanmalariga mos kelishi kerak.
Qonunchilik
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston Respublikasining „Yagona hisoblar rejasi“ 2-sonli BHMS byudjet hisobi meʼyoriy tizimining elementi hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlariga muvofiq belgilangan. Ushbu Standart gʻaznachilik xizmati boʻlinmalariga, xoʻjalik va moliya organlariga, davlat va boshqa maqsadli mablagʻlarni taqsimlovchi organlarga, shuningdek barcha byudjet tashkilotlariga tatbiq etiladi.
Ushbu standartda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Aktiv hisob (A) – aktivlarni aks ettirish uchun moʻljallangan hisob boʻlib, unda iqtisodiy resurslarning qoldigʻi va koʻpayishi hisobning debeti boʻyicha, kamayishi esa kredit boʻyicha aks ettiriladi;
Analitik hisob – byudjet hisobi ob’ektlari haqida batafsil hisob maʼlumotlarini shakllantiradigan hisob. Byudjet tashkilotlari yagona hisoblar rejasiga qoʻshimcha analitik hisoblardan foydalanishlari mumkin;
Balansdan tashqari hisoblar (BT) – byudjet tashkilotiga tegishli boʻlmagan, lekin vaqtincha uning tasarrufida boʻlgan, aktivlar, shartli huquqlar va majburiyatlarning mavjudligi va harakati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni umumlashtirish uchun moʻljallangan hisoblar. Bu hisoblar boshqa hisoblar bilan oʻzaro bogʻliq emas va byudjet tashkiloti hisobotida aks ettirilmaydi;
Daromadlar boʻyicha debitorlik qarzi – byudjet tizimi byudjetlariga va boshqa byudjetdan tashqari fondlarga daromadlarni hisoblash asosida vujudga keladigan debitorlik qarzi;
Ichki hisob-kitob markazlari – gʻaznachilik boʻlinmalarining tegishli filiallari pul mablagʻlarini hisobga oladigan, bir gʻaznachilik boʻlinmalari filiali ichida va filiallar oʻrtasida hisob-kitoblarni amalga oshirishni taʼminlaydigan axborot tizimi;
Kassa usuli – pul mablagʻlari va ularning ekvivalentlari kelib tushganda yoki toʻlanganda barcha operatsiyalar, daromadlar, xarajatlar va boshqa hodisalar qayd etiladigan buxgalteriya hisobi usuli;
Kontr-aktiv hisob (KA) – moliyaviy hisobotda aktivning sof qiymatini aks ettiradigan hisob boʻlib, u aktiv hisobining qoldigʻidan ayiriladi;
Kontr-passiv hisob (KP) – moliyaviy hisobotda majburiyat yoki investitsiyaning sof qiymatini aks ettiradigan hisob boʻlib, u passiv hisobining qoldigʻidan ayiriladi;
Passiv hisob § – majburiyatlar va qoʻyilmalarni aks ettirish uchun moʻljallangan hisob boʻlib, unda majburiyatlar va qoʻyilmalarning qoldigʻi va koʻpayishi hisobning krediti boʻyicha, kamayishi esa debet boʻyicha aks ettiriladi;
Sintetik hisob – byudjet hisobi ob’ektlari haqidagi maʼlumotlarni muayyan iqtisodiy belgilari boʻyicha umumlashtirilgan axborotni shakllantiruvchi hisob;
Tranzit hisoblar (T) – bu hisobot yili davrida foydalaniladigan, lekin hisobot davri oxirida qoldiqqa ega boʻlmaydigan vaqtinchalik hisobga oluvchi hamda moliyaviy natijalarni aks ettiruvchi hisoblar;
Tranzit hisobvaraq – pul mablagʻlarini vaqtinchalik hisobga oluvchi hisobvaraq;
Xarajatlar – byudjet tizimi byudjetlarining va boshqa byudjetdan tashqari jamgʻarmalarining pul mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan xarajatlar;
Xarajatlar boʻyicha majburiyatlar – byudjet tizimi byudjetlarining va boshqa byudjetdan tashqari jamgʻarmalarining mablagʻlari hisobidan xarajatlarning hisoblanishi asosida yuzaga keladigan majburiyatlar;
Hisob-kitoblar markazi – oʻzida yagona gʻazna hisobvaragʻini hamda ichki hisob-kitob markazlarini qamrab olgan, yagona gʻazna hisobvaragʻiga mablagʻlarni kirim qilinishini, xarajatlarini amalga oshirilishini va qaytarilishini hamda ichki hisob-kitob markazlari orqali gʻaznachilik boʻlinmalarining bir filiali ichida hamda filiallari oʻrtasida toʻlovlarni amalga oshirilishini taʼminlovchi axborot tizimi;
Hisoblangan daromadlar – byudjet tizimi byudjetlariga yoki boshqa byudjetdan tashqari jamgʻarmalarga oʻtkazib berilishi hisobga olingan daromadlar;
Hisoblangan xarajatlar – byudjet tizimi byudjetlari va boshqa byudjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlaridan gʻaznachilik boʻlinmalarida hisobga olingan moliyaviy majburiyatlar;
Hisoblangan haqiqiy xarajatlar – byudjet tashkilotlari tomonidan byudjet yoki byudjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha hisoblangan xarajatlar;
Hisoblash metodi – buxgalteriya hisobida sodir boʻlgan barcha operatsiyalar va boshqa hodisalar, ular sodir boʻlgan paytda qayd etiladigan (pul mablagʻlari va uning ekvivalenti kelib tushgan yoki toʻlanishidan oldin) buxgalteriya hisobi metodi.
Gʻaznachilik boʻlinmalari, davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar Oʻzbekiston Respublikasining byudjet tizimi byudjetlarining va boshqa byudjetdan tashqari jamgʻarmalarining hamda byudjet tashkilotlari moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining byudjet hisobini mazkur Standartning 1-ilovasida keltirilgan yagona hisoblar rejasiga muvofiq yuritadi. Byudjet tashkilotlari mazkur Standartda keltirilgan Byudjet tashkilotlarining byudjet hisobida yagona hisoblar rejasini qoʻllash tartibiga muvofiq byudjet hisobini tashkil etadi. Byudjet tizimi byudjetlarining va boshqa byudjetdan tashqari jamgʻarmalarning byudjet hisobida yagona hisoblar rejasini qoʻllash mazkur bob hamda ushbu Standartning 2-ilovasidagi namunaviy oʻtkazmalar asosida amalga oshiriladi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „СУҒУРТАЛОВЧИЛАР МОЛИЯВИЙ-ХЎЖАЛИК ФАОЛИЯТИНИНГ БУХГАЛТЕРИЯ ҲИСОБИ СЧЁТЛАР РЕЖАСИНИ ТАСДИҚЛАШ ТЎҒРИСИДА“. 2023-yil 12-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 5-noyabr.
- ↑ „O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BUXGALTERIYA HISOBINING MILLIY STANDARTI (BHMS №21) “XO‘JALIK YuRITUVChI SUBYEKTLARNING MOLIYA-XO‘JALIK FAOLIYATI BUXGALTERIYA HISOBI HISOBOTLAR REJASI VA UNI QO‘LLASh BO‘YIChA YO‘RIQNOMANI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA”“. 2002-yil 23-oktabrda 1181-sonda asl nusxadan arxivlangan.