Kontent qismiga oʻtish

Hindiston geogrаfiyаsi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Hindiston-Janubiy Osiyoda, asosan Hindiston yarimorolida joylashgan mamlakatdir. Hindistonning qirgʻoq uzunligi 7ming km ni tashkil qiladi. [1]Mamlakat janubi-sharqdan Hind okeani, Bengaliya qoʻltigʻi bilan chegaradosh boʻlsa, janubi-gʻarbdan Arabiston dengizi suvlari bilan yuviladi. Hindistonning maydoni 3 287 263 km² boʻlib, bu koʻrsatkich boʻyicha dunyoda yettinchi oʻrinda turadi.[2]

Hindistonning topografik xaritasi

Hindiston iqlimiga Himolay togʻlari va Tar cho‘li kuchli taʼsir oʻtkazib, mussonlarni shu hududda paydo boʻlishiga bevosita zamin yaratadi. Himolay togʻlari Markaziy Osiyo hududidan keluvchi shamollarga toʻsiq boʻlib xizmat qiladi. Shu tariqa Hindistonning katta qismida iliq iqlimli tabiatni hosil boʻladi.[3] Tar choʻli yoz mussonining nam janubi-gʻarbiy shamollarini jalb qilishda asosiy rol oʻynaydi, ular iyundan oktyabrgacha Hindistonning koʻp qismini yomgʻir bilan taʼminlaydi. Hindistonda toʻrtta asosiy iqlim tipi shakillangan: nam tropik, quruq tropik, subtropik. Hindiston hududining katta qismida uch fasl mavjud: janubi-gʻarbiy musson hukmronlik qiladigan issiq va nam (iyun-oktyabr); shimoli-sharqiy passat ustunlik qiladigan nisbatan salqin va quruq (noyabr-fevral); juda issiq va quruq oʻtish fasli (mart-may). [4] Nam mavsum davomida yillik yogʻin miqdorining 80% dan ortigʻi yogʻadi. Gʻarbiy Gat va Himolay togʻlarining shamol esadigan yonbagʻirlari eng nam (yiliga 6000 mm gacha), Shillong platosining yonbagʻirlarida esa Yer yuzidagi eng yomgʻirli joy – Cherrapunji (taxminan 12000 mm) joylashgan. Eng quruq hududlar – Hind-Gang tekisligining gʻarbiy qismi boʻlgan Tar choʻlida 100 mm gacha yogʻin tushadi. Yogʻin miqdori turli yillarda keskin oʻzgarib turadi. Tekisliklarda yanvar oyining oʻrtacha harorati shimoldan janubga qarab 15 dan 27 °C gacha koʻtariladi, may oyida hamma joyda 28-35 °C, baʼzan 45-48 °C gacha yetadi. Nam davrda mamlakatning katta qismida harorat 28 °C ga teng boʻladi. Togʻlarda 1500 m balandlikda yanvarda −1 °C, iyulda 23 °C gacha yetadi.[5]

Xalqaro kosmik stansiyadan Himoloy tog'larining ko'rinishi.

Hindistonning katta qismi Kembriygacha boʻlgan davrga oid ekani aniqlangan va bu hududlar Hindiston tektonik plitasiga kiritiladi. Bu plita Hindiston yarim orolini va Hind-Gang tekisligini oʻz ichiga oladi. Hududning paydo boʻlishidagi geologik jarayonlar taxminan 75 million yil oldin boshlangan. Oʻsha paytda Gondvana janubiy superkontinentining bir qismi boʻlgan hind subkontinenti shimoli-gʻarbiy yoʻnalishda hali mavjud boʻlmagan Hind okeani orqali harakatlana boshlagan. Bu jarayon taxminan 50 million yil davom etgan.[6] Hindiston hududida bir nechta parallel togʻ tizmalari mavjud, ular gʻarbda Gujaratdagi Arabiston dengizi qirgʻogʻidan sharqda Jarkxanddagi toshkoʻmirga boy Chhota Nagpur yassi togʻligigacha choʻzilgan. Hindiston yarimorolining ichki qismini Dekan yassitogʻligi egallagan boʻlib, u choʻqqilari tekislangan past va oʻrta balandlikdagi togʻlarga va baland yassi yoki toʻlqinsimon platolarga boʻlingan. Gʻarbiy va Sharqiy Dekan yassi togʻligi yuqoriga koʻtarilib, mos ravishda Gʻarbiy va Sharqiy Gatlarni hosil qiladi. Dekan yassi togʻligida Hindistonning eng qadimgi togʻ jinslari joylashgan boʻlib, baʼzilarining yoshi 1 milliard yildan ortiq. Bu yer temir, mis, marganes, volfram rudalari, boksit, xromit, slyuda, oltin, olmos, nodir va qimmatbaho toshlar, shuningdek, toshkoʻmir, neft va gaz konlariga boy.[7]

  1. Manorama Yearbook 2006 (India - The Country). Malayala Manorama, 2006 — Pg 515-bet. 
  2. India Yearbook 2007. Publications Division, Ministry of Information & Broadcasting, Govt. Of India — Pg. 1-bet. ISBN 81-230-1423-6. 
  3. „Territorial extent of India's waters“. developments till 1965. THE INTERNATIONAL LAW OF THE SEA AND INDIAN MARITIME LEGISLATION (2005-yil 30-aprel). 2007-yil 28-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 16-may.
  4. Manorama Yearbook 2006 (India - The Country). Malayala Manorama, 2006 — 516-bet. 
  5. The Eastern Coastal Plain
  6. http://india.gov.in/knowindia/ut_andaman.php
  7. Manorama Yearbook 2006 (India - The Country). Malayala Manorama, 2006 — 518-bet.