Hazorasp darvozasi
Hazorasp darvozasi | |
---|---|
Muqobil nom(lar)i | Qoʻy darvoza |
Joylashuvi | |
Hudud | Xiva Xorazm viloyati |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 41°22′37″N 60°22′18″E / 41.37704326096526°N 60.37177162506992°E |
Umumiy maʼlumotlar | |
Qurdirgan hukmdor | Olloqulixon |
Qurilishi boshlangan | 1842-yil |
Qurib bitkazilgan | 1842-yil |
Taʼmirlatgan hukmdor | Muhammad Aminxon |
Qalʼa (shahar) | Dishan qalʼa |
Arxitekturasi | |
Meʼmoriy uslubi | Xorazm meʼmorchiligi |
Qurilish materiali | pishgan gʻisht |
Hazorasp darvozasi (yana bir nomi Qoʻy darvoza) – Xorazm viloyati, Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Hozirda Xiva shahridagi Qumyasqa mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan. Xorazm viloyati madaniy meros boshqarmasi tasarufida.
Darvoza Dishan qalʼaning 10 ta darvozasidan biri boʻlib, 1842-yilda Olloqulixonning Dishan qalʼaning xavfsizligini taminlash uchun qurilgan. Darvoza pishiq gʻishtdan qurilgan[1]. Inshootning yon tomonida 2 ta kuzatuv minorasi bor. Darvoza Xiva—Hazorasp yoʻlida qurilganligi uchun unga Hazorasp darvoza nomini berganlar. 1930-yilda Xudoybergan Devonov darvozaning ichki qismini suratga olgan[2].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hazorasp darvozasi 1842-yilda Xiva xoni Olloqulixon tomonidan shaharni yovmutlar hujumidan mudofaa qilish maqsadida qurdirilgan[3]. Muhammad Rizo Ogahiyning maʼlumot berishicha, Olloqulixon 3 yil davomida Dishan qalʼa darvozalarini qurdirgan. Aholi bu qurilishda yiliga 12 kun bepul majburiy ishlab berishi shart boʻlgan. Qurilishda 200 mingga yaqin kishi ishtirok etgan[4].
Xivani Hazorasp bilan bogʻlovchi Dishʼan qal’aning sharqiy darvozasi boʻlgani uchun Hazorasp darvoza nomi berilgan. Darvoza atrofida qoʻy bozori boʻlgani tufayli ushbu darvoza aholi orasida Qoʻy darvoza deb atalgan.
Dastlab mazkur darvoza paxsadan qurilgan, darvoza eshiklari oddiy taxtalardan ishlangan. Xiva xoni Muhammad Aminxon davriga kelib, Dishan qal’adagi barcha darvozalar qaytadan qurilgan. Darvozaning devorlari pishiq gʻishtdan qurilgan[3]. Tashqi devorlarning uzunligi 5650 metr, balandligi 6—8 metr, poydevori qalinligi 4—6 metrni tashkil qilgan. Devorlar uchun tuproq Xivadan 2 kilometr uzoqlikda, shimolda joylashgan Govukkoʻl degan hududdan olib kelingan[4]
Darvozaning Yangiariqqa ketish yoʻli keng boʻlgan boʻlib, ikkita katta kuzatuv minoralariga ega boʻlgan. Darvoza ichki plani darvoza orqali oʻtuvchi yoʻlak boʻylab, ikki qadamli tarzda qurilgan boʻlib, yoʻlak atrofida har ikki tarafida ayvonchalar va xonalar mavjud boʻlgan. Darvozaning tashqari tomonida guldastalar ichkari tomonidagi guldastalardan kattaroq boʻlgan boʻlib, tashqi diametri 4,90 metr, ichki diametri 2,85 metr ikki qavatdan iborat boʻlgan. Mazkur tashqi guldastalarning birinchi qavatida faqat bitta doirasimon xonasi boʻlgan boʻlib, ushbu xonalarga ichki ayvonchalarga chiquvchi eshiklar orqali kirilgan. Ikkinchi qavatiga darvoza tomi orqali chiqilgan[3]. Bugungi kunda darvoza umumiy koʻrinishi toʻliq saqlab qolgan. biroq devorlarining yerga yaqin qismidagi gʻishtlari nuragan. Bu yer osti sizot suvlarining oqibatida yuzaga kelgan. Darvoza interyerining devorlari ganch bilan suvalgan. Darvoza Xivani Yangiariq, Bogʻot, Xonqa va Hazorasp bilan bogʻlagan. Darvozaning oʻlchami 23,5x6,5 metr, balandligi 12,2 metr boʻlgan[4]. Hazorasp darvozasi 500 metr uzunlikda Ichan qalʼaning Bogʻcha darvozasi hamda Gandimiyon darvozasi bilan chegaradosh boʻlgan[4].
1873-yilda general Konstantin fon Kaufman rus qoʻshini askarlariga Xiva xonligiga harbiy yurishi paytida Dishan qal’a darvozalariga talofat yetkazmalik haqida farmoyish bergan. General qal’a devorlarini toʻpga tutdirib, ushbu buzilgan joylardan qal’a ichiga kirishni buyurgan. Bundan asosiy maqsad shu ediki, rus qoʻshini harbiy qudratini namoyish qilgan holda xonlik qoʻshini askarlarini va qal’a ichidagi aholini sarosimaga solish edi[3].