Global muammolar
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Global muammolar — umumbashariy hayot va taraqqiyot bilan bogʻliq hozirgi zamon muammolari. Ular jumlasiga jahon termoyadro urushining oldini olish, xalqaro terrorchilikka qarshi kurash va barcha xalqlar uchun tinchlikni taʼminlash; rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar oʻrtasida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasidagi tafovutni bartaraf etish, ochlik, qashshoqlik va savodsizlikni tugatish, rivojlanayotgan mamlakatlarda aholining tez surʼatlar bilan koʻpayayotganligini tartibga solish, atrof muhit halokatli tarzda ifloslanib borayotganligining oldini olish; insoniyatni kerakli resurslar — oziq-ovqat, sanoat xomashyosi, energiya manbalari bilan taʼminlash, fan va texnika taraqqiyoti salbiy oqibatlarga olib kelishiga yoʻl qoʻymaslik kabilar kiradi. Global muammolar avvalo jahonda kechayotgan iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, harbiy, ilmiy-texnologik, ijtimoiy-madaniy jarayonlarning umumbashariy ahamiyat kasb etishi natijasida yuzaga keldi.
Global muammolarning turlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Global muammolarlarni 4 guruhga ajratish mumkin:
- Xalqaro siyosiy munosabatlarda vujudga kelgan global muammolar;
- Xalqaro iqtisodiy munosabatlarda paydo boʻlgan global muammolar;
- Ijtimoiy sohada vujudga kelgan global muammolar;
- Inson va tabiat oʻrtasidagi munosabatlarning buzilishi natijasida vujudga kelgan global muammolar.
Xalqaro siyosiy munosabatlarda vujudga kelgan global muammolar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu muammolar jahonda rivojlangan, rivojlanib kelayotgan va qoloq mamlakatlarning mavjudligidir. Hozirgi kunda jahon siyosiy tartibotini belgilashda dunyodagi 7 rivojlangan mamlakatning mavqei katta. Bu mamlakatlar bilan qoloq mamlakatlar orasidagi tafovut gʻoyat kuchaydi. Taraqqiy etgan mamlakatlarda demokratik qadriyatlar rivojlangan boʻlsa, qoloq mamlakatlarda avtoritarizm, demokratiyaga zid boʻlgan ijtimoiy munosabatlar avj oldi, xalqaro xavfsizlikka qarshi tahdidlar paydo boʻldi. Buni terrorchilik, ekstremizm koʻrinishlari vujudga kelganligi tasdiqlaydi.
Xalqaro iqtisodiy munosabatlarda paydo boʻlgan global muammolar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jahon xoʻjalik tizimi vujudga kelib, unda asosan iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar ustunligi qaror topdi. Iqtisodiyoti haddan tashqari rivojlangan mamlakatlar, transnatsional korporatsiyalar jahon iqtisodiyotini boshqarayotgan bir paytda, ikkinchi tomonda ularga qaram, iqtisodiyoti juda ham past darajadagi mamlakatlar mavjuddir. Jahonda iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy taraqqiyot yutuqlariga qaramasdan boy va kambagʻal mamlakatlar oʻrtasidagi farq oʻsib bormoqda. XX asr oxirida rivojlangan mamlakatlar jahon yalpi milliy mahsulotining 86 % ini ishlab chiqargan boʻlsa, kambagʻal davlatlar atigi 1 % ini ishlab chiqardi. Ayrim mamlakatlar rivojlangan davlatlardan juda katta miqdorda qarzga botdi. Natijada ular siyosiy jihatdan mustaqil boʻlsada, iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlarga qaramdir. Jahon iqtisodiy munosabatlaridagi globallashuvning salbiy oqibatlari ham mavjud. Masalan, milliy bozorni siqib qoʻyadi, ishsizlikni, fermerlarning sinishini kuchaytiradi. Bu globallashuvga qarshi harakatni keltirib chiqardi — Yevropaning bir necha shaharlarida norozilik namoyishlari boʻlib oʻtdi. Global iqtisodiy jarayonlar jahon miqyosida harakat qiluvchi moliyaviy-iqtisodiy jinoiy guruhlarini vujudga keltirdi.
Ijtimoiy sohada vujudga kelgan global muammolar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jahon aholisi muttasil koʻpayib borishi natijasida Osiyo va Afrika mamlakatlarida oziq-ovqat, ichimlik suvi tanqisligi kuchayib, bu hol boshqa mamlakatlarda ham kuzatilayotgani, jahon aholisining muayyan qismi ocharchilikni boshdan kechirayotgani, savodsiz ekanligi, axborot-texnologiya va umuman fan-texnika inqilobi samaralaridan bahramand emasligi, butun insoniyatga xavf tugʻdiruvchi kasalliklar (masalan, OITS) tez tarqalayotganligi shunday muammolar sirasiga kiradi.
Inson va tabiat oʻrtasidagi munosabatlarning buzilishi natijasida vujudga kelgan global muammolar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ular qatoriga dengiz va suv havzalarining bulgʻanishi, oʻrmon maydonlarining tobora qisqarishi, atmosfera ozon qatlamining yoʻqolib borishi kabilar kiradi. Xatarli kimyoviy moddalarning haddan tashqari koʻp ishlatilishi natijasida qishloq xoʻjaligida ekin ekiladigan yerlarning katta qismi yaroqsiz holatga kelish xavfi kuchaydi. Sobiq SSSRda qishloq xoʻjaligi sohasida texnokratik siyosat yuritilishi oqibatida Orol dengizi suvi kamayib, gʻoyat mushkul ekologik muammolarni keltirib chiqardi. Global muammolarga qarshi kurashda jahon hamjamiyatini birlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbekiston va global muammolar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov oʻz asarlarida, turli xalqaro anjumanlarda soʻzlagan nutqlarida Markaziy Osiyoda global muammolarning kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish yoʻllarini koʻrsatib berdi, bu muammolarni hal qilish xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashning muhim sharti ekanligiga jahon jamoatchiligi eʼtiborini qaratdi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Karimov I., Oʻzbekistan XXI asr boʻsagʻasida: xavfsizlikka taxdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari, Toshkent, 1997.
- Shaxnazarov G., Kuda idyot chelovechestvo, Moskva, 1985.
- Otaboyev Sh., Nabiyev M., Inson va biosfera, Toshkent, 1995; Sanginov S, Filosofskiy analiz modelirovaniya globalnix protsessov, Toshkent, 1996.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |