Germes chaqaloq Dionis bilan
„Germes chaqaloq Dionis bilan“ yoki „Olimpiyalik Germes“ — paros marmaridan yasalgan klassik haykal. 1877-yilda Olimpiyadagi Gera ibodatxonasini qazish paytida Ernst Kurtius tomonidan topilgan.
Tavsifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Germes figurasining balandligi 212 sm, tagkursisi bilan — 370 sm.
Haykal Olimpiya arxeologiya muzeyi kollektsiyasidan joy olgan. Germes va Dionis figuralarining oyoq-qoʻllari qisman yoʻqolgan; Germesning sochlarida kinovar mineral qoplamining izlari saqlanib qolgan.
Mualliflik va yasalgan muddati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Pausaniasning (V, 17, 3) xabarlariga koʻra, Gera ibodatxonasida oʻz davrining buyuk haykaltaroshi Praxiteles tomonidan yasalgan (koʻpchilik shunday xulosada) chaqaloq va Germesning haykali boʻlgan. U aynan Pausanias koʻrsatgan joyda — ibodatxona sellasining shimoliy qismidagi ikkinchi qatorida topilgan[1].
Agar Praxiteles muallifligi tan olinsa, antik davrda haykal mashhur haykallar sirasiga kirmagan, chunki uning boshqa nusxalari nomaʼlum. Ayni haykalning keyingi davrlar namunasiga ehtimol, „Belveder Germes“ misol boʻlishi mumkin).
Dastlab, ushbu haykal Praxiteles sangtarosh yasagan asl nusxa sifatida tan olingan va shuning uchun taxminan miloddan avvalgi 340 yil atrofiga tegishli deb bilingan. Keyinchalik, tadqiqotchilarning yunon haykaltaroshligiga doir bilimlari ortib borgach, haykalning haddan tashqari („sovunli“) sayqallanishi uni Praxitelesga tegishli ekanligi haqidagi fikrlarga shubha tugʻdira boshladi[1].
1927-yilda Karl Blumel haykalning yasalish texnikasini oʻrganayotganda, uning orqa tomoni tugallanmaganligini payqadi. Bu esa klassik davrga xos kamdan-kam uchraydigan yagona holatlardan biridir. Bundan tashqari, Blumel haykalni taroshlashda uch qirrali charxdan foydalanilganini koʻrsatib berdi. Bu asbob kech ellinizm va Rim davrigacha qoʻllanilmagan. Bundan tashqari, magistral shaklida sayqallash va tana shaklidagi tirgakni qoʻllash miloddan avvalgi IV asrlarda uchramaydi. Ammo keyingi davr yunon asarlarida keng tarqalganini koʻrish mumkin. Haykalning tagkursi Rim davriga borib taqaladi va yunon bezaklarga ega[1].
Shundan soʻng, bu haykal rimliklar tomonidan olib ketilgan asl nusxasining nusxasi deb hisoblana boshlandi. Soʻngra, 1948-yilda Blumel[2] muammoga yangi yechimni: haykal muallifligini miloddan avvalgi II asr oxirida yashagan va Pergamdagi ishlar bilan maʼlum boʻlgan Praxitelesga bogʻlashni taklif qildi. Koʻpgina tadqiqotchilar ushbu fikrni maʼqullashdi[1].
Alaloqibat, ayrimlar bu haykalni taxminan miloddan avvalgi 100-yillarga yaqin davrga tegishli, degan fikrni ilgari surishadi. Boshqalar esa unining asli miloddan avvalgi IV asr tegishli, miloddan avvalgi II asrlarda unga oʻzgartishlar kiritilgan, deb hisoblashadi[1].
Ushbu haykal buyuk sangtarosh-haykaltarosh Praxitelesning asl haykali ekaniga doir fikrlar vaqti-vaqti bilan paydo boʻlib qoladi. Masalan, Byanchi Bandinelli[3] fikricha, miloddan avvalgi IV asr haykaltaroshligi haqidagi zamonaviy bilimlar anaxronizmlarni ahamiyatli deb hisoblaydigan darajada chuqur emas va shu bois mualliflik masalasini hozircha ochiq qoldirish kerak.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 „Плиний Старший. Естественная история. Книга тридцать четвертая (компиляция переведенных фрагментов)“. annales.info. Qaraldi: 2021-yil 18-sentyabr.
- ↑ K. Blümel. Hermes eines Praxiteles. Baden-Baden, 1948.
- ↑ R. Bianchi Bandinelli. Klassische Archäologie. Dresden, 1980. Ss. 83-8.