Kontent qismiga oʻtish

Gepatomegaliya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gepatomegaliya — jigar oʻlchamining kattalashishi bilan namoyon boʻladigan sindrom. Sabablari virusli gepatit, infeksion mononukleoz, alkogol kasalliklari, sirroz, yogʻ toʻplanishi (gemoxromotoz), Badda-Kiari sindromi (jigar venalari trombozi), yogʻ​li distrofiya, onkologik kasalliklar, yurak-qon tomir kasalliklari va boshqa patologiyalar boʻlishi mumkin. [1]

Patologik holat oʻng qovurgʻa osti sohasida ogʻirlik hissi, ogʻriq, yondosh aʼzolarning ezilishi, dispeptik buzilishlar bilan namoyon boʻladi. Diagnostikada asosan qorin boʻshligʻi aʼzolari UTT (UZI) tekshiruvi, MSKT, jigar punksion biopsiyasi va boshqa usullar yordamida olib boriladi. Davo muolajalari sindrom sababini bartaraf etishga qaratilgan boʻladi.

Gepatomegaliya — patologik jigar oʻlchamining kattalashishi sindromi boʻlib (jigar oʻng boʻlagi oʻng oʻrta oʻmrov chizigʻi boʻyicha 12 sm yoki chap boʻlagi epigastral sohada palpatsiyalanishi) turli xil kasalliklar natijasida kelib chiqadi. Normada jigar yumshoq, oʻng qovurgʻa yoyi ostida yengil seziladigan holatda boʻladi.

Turli xil kasalliklar natijasida jigar qattiqlashishi, zichlashishi va kattalashishi mumkin. Gepatomegaliya jigar hujayralari distrofiyasi (gepatoz holatlarda), limfamakrofaglar infiltratsiya (surunkali yoki oʻtkir gepatit), tugun va fibrozlanishi (sirrozda), qon dimlanishi (jigar venalari zararlanishi, perikardit, yurak yetishmovchiligida), oʻchoqli oʻzgarishlar (absess, oʻsma, kista) hisobiga yuzaga keladi. Gepatomegaliya mustaqil ravishda kasallik hisoblanmaydi, bu holat biror bir kasallikning belgisi sifatida namoyon boʻladi.

Jigar kattalashishi sabablari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jigar oʻlchamining kattalashishi bir qator kasalliklar natijasida yuzaga chiqishi mumkin. Eng koʻp tarqalgan etiologik omillardan biri — aʼzo qon tomirlari kasalliklaridir. Koʻpincha gepatomegaliyaga darvoza venasi va jigar venasi zararlanishi (tromb hosil boʻlishi natijasida, Badda-Kiari sindromi), kam holatlarda jigar arteriyalari shikastlanishi sabab boʻladi.

Sindrom namoyon boʻlishining yana bir sababi infeksion-virusli kasalliklar hisoblanadi. Ular natijasida jigar parenximasi, darvoza venasi va oʻt yoʻllari zararlanishi mumkin (virusli gepatit, infeksion mononukleoz, amebali absess, darvoza venasi yiringli trombo flebiti, nospetsifik xolangit). Gepatomegaliya oʻsma kasalliklarining asosiy belgilaridan biridir.

Jigarning birlamchi oʻsma kasalliklari kam holatlarda kuzatiladi, koʻpincha metastazlar natijasida jigarda ham oʻsma paydo boʻlishi mumkin. Yaxshi sifatli oʻsmalarda jigarda adenoma va gemangioma koʻp uchraydi.

Bundan tashqari gepatomegaliya jigar toʻqimalarining degenerativ oʻzgarishlari (steatogepatoz, steatogepatit, yurak-qon tomir tizimi patologiyalarida ikkilamchi oʻzgarish), amiloidoz, gepatotoksik moddalar taʼsiri (alkogol, dori preparatlari, ayrim sunʼiy moddalar) taʼsirida ham yuzaga chiqadi. Kam holatlarda gepatomegaliya sababi tugʻma nuqsonlar, autoimmun jarayonlar, endokrin kasalliklar (qandli diabet, homiladorlik vaqtidagi endokrinopatiyalar) va jigarning jarohatlanishi boʻlishi mumkin.[1]

Jigar oʻlchamining kattalashishi bir qator kasalliklar natijasida yuzaga kelishi mumkin. Eng koʻp tarqalgan etiologik omillardan biri — aʼzo qon tomirlari kasalliklaridir.  

Koʻpincha gepatomegaliyaga darvoza venasi va jigar venasi zararlanishi (tromb hosil boʻlishi natijasida), kam holatlarda jigar arteriyalari shikastlanishi sabab boʻladi.

Bundan tashqari, infeksion-virusli kasalliklar ham jigar kattalashishiga olib kelishi mumkin. Gepatomegaliya oʻsma kasalliklarining asosiy belgilaridan biridir.  

Shuningdek, gepatomegaliya jigar toʻqimalarining degenerativ oʻzgarishlari (steatogepatoz, steatogepatit, yurak-qon tomir tizimi patologiyalarida ikkilamchi oʻzgarish), amiloidoz, gepatotoksik moddalar (alkogol, dori preparatlari, ayrim sunʼiy moddalar) taʼsirida ham yuzaga keladi. [2]

Kasallik klassifikatsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shifokorlar gepatomegaliya sindromini tasniflashda uning etiologiyasiga asoslanishadi. Kasallikning turiga koʻra qon aylanishi buzilishi natijasida, moddalar aylanishi buzilishi natijasida, jigarning birlamchi kasalliklari, aʼzodagi infiltrativ jarayonlar, baʼzi gemotologik kasalliklar va mahalliy oʻzgarishlar natijasida yuzaga kelgan gepatomegaliya farqlanadi.

Tashxis qoʻyishda anatomo-morfologik oʻzgarishlar ham inobatga olinadi: parenxima zararlanishi, oʻt yoʻllari zararlanishi, biriktiruvchi toʻqima yoki qon tomirlar zararlanishi. Differensial diagnostika amalga oshirish uchun splenomegaliya (taloqning kattalashishi), sariqlik yoki assit holatlariga eʼtibor qaratiladi.

Aʼzoning oʻlchamiga qarab oʻrtacha (oʻlcham va strukturadagi oʻzgarishlar kuchli emas) hamda kuchli (normadan 10 sm katta) va diffuz (normadan 10 sm.dan katta) turlarga boʻlinadi. Jigar oʻlchami kattalashishining alohida koʻrinishi sifatida parsial gepatomegaliyani keltirish mumkin, bunda jigar simmetrik ravishda kattalashmaydi, uning bir qismi ikkinchi qismiga qaraganda yirikroq oʻlchamni egallaydi.

Gepatomegaliya belgilari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jigar oʻlchamining kattalashishi asosiy kasallik belgilari bilan aniqlanadi. Oʻrtacha gepatomegaliyada (virusli gepatit, bolalarda ovqatlanishning buzilishi bilan yuzaga keluvchi holatlarda) bemorni bezovta qiladigan belgilar yuzaga chiqmasligi mumkin. Jigar oʻlchami yaqqol kattalashadigan boʻlsa, oʻng qovurgʻa osti sohasida ogʻirlik hissi, ogʻriq (harakatlangan vaqtda kuchayuvchi) sezilishi mumkin. Bundan tashqari terida toshmalar, qichishish, dispeptik belgilar (koʻngil aynishi, ich kelishining buzilishi, qorin dam boʻlishi), ogʻizdan badboʻy hid kelishi ham jigar kattalashganligidan dalolat beradi.

Virusli gepatit fonida kelib chiqadigan gepatomegaliya holatlarida jigar parenximasi qattiqlashadi va palpatsiyada oson aniqlanadi. Jigar kattalashishi koʻz sklerasi va teri qoplamalarining sargʻayishi bilan namoyon boʻlishi intoksikatsiyadan dalolat beradi.

Jigar sirrozida gepatomegaliya holati gepatositlar zararlanishi natijasida va ular oʻrnida biriktiruvchi toʻqima hosil boʻlishi hisobiga kelib chiqadi. Bunda aʼzo qattiqlashadi, doimiy ogʻriq hissi boʻladi, terining yashil-sargʻish tusdaligi, qon ketishga moyillikning ortishi kuzatiladi.

Jigar oʻlchamining birlamchi neoplastik oʻzgarishlar (oʻsma) natijasida kattalashishi juda kam hollarda uchraydi, bunda asosiy belgi: gepatosplenomegaliya, ogʻriq, dispeptik oʻzgarishlar, sariqlik, shish va assit boʻlib hisoblanadi. Ikkilamchi yaʼni metastatik oʻsmalarda gepatomegaliya sindromi kuchli boʻlmaydi. Oʻsmaning kattalashib borishi natijasida qoʻshni aʼzolar ham eziladi va shunga xos boʻlgan belgilar yuzaga chiqadi. [1]

Gepatomegaliyaning degenerativ oʻzgarishlar natijasida kelib chiqishining oʻziga xosligi shundaki (jigarning yogʻli kasalligi) kasallik belgilari yaqqol namoyon boʻlmasligi, ogʻir holatlarning kamdan kam kuzatilishidir. Odatda bunday kasallik bemorning boshqa bir kasallikni aniqlash maqsadida tekshiruvlardan oʻtish vaqtida aniqlanadi. Jigar amiloidozida jigar oʻlchami anchagina kattalashadi, uning strukturasi qattiq, chetlari tekis, palpatsiyada ogʻriqsiz boʻladi.

Yurak kasalliklari natijasida gepatomegaliya sindromi oʻng qorincha yetishmovchiligida kelib chiqadi. Sindrom kuchayib boruvchi xarakterga ega, aʼzo kapsulasi choʻzilishiga sabab boʻladi va kuchli ogʻriq hissi bemorni bezovta qiladi. Agar asosiy kasallik davolansa jigar oʻz oʻlchamiga qaytadi.

Gepatotsitlarning toksik zararlanishida jigar oʻlchamining kattalashishi asosiy belgi sifatida yuzaga chiqadi, koʻpincha qichishish, sklera va teri qoplamasi sargʻayishi, laborator analizlardagi oʻzgarishlar ham kuzatiladi. Jigarning jarohatlanishi natijasida kattalashishi bemorning umumiy ahvolidagi oʻzgarishlar bilan birgalikda ichki qon ketish va gemorragik shok ham rivojlanishi mumkin. Davomli arterial qon bosimining pasayib borishi va taxikardiya, gipoksiya belgilari, jigar sohasi palpatsiya qilinganda kuchli ogʻriq boʻlishi kuzatiladi.

Jigar oʻlchami yaqqol kattalashadigan boʻlsa, oʻng qovurgʻa osti sohasida ogʻirlik hissi, ogʻriq (harakatlangan vaqtda kuchayuvchi) sezilishi mumkin. Bundan tashqari, terida toshmalar, qichishish, dispeptik belgilar (koʻngil aynishi, ich kelishining buzilishi, qorin dam boʻlishi), ogʻizdan badboʻy hid kelishi ham jigar kattalashganligidan dalolat beradi.

Virusli gepatit fonida kelib chiqadigan gepatomegaliya holatlarida jigar parenximasi qattiqlashadi va palpasiyada oson aniqlanadi. Intoksikasiya jigar kattalashishi koʻz sklerasi va teri qoplamalarining sargʻayishi bilan namoyon boʻladi.

Jigar sirrozida gepatomegaliya holati gepatositlar zararlanishi natijasida va ular oʻrnida biriktiruvchi toʻqima hosil boʻlishi hisobiga kelib chiqadi. Bunda aʼzo qattiqlashadi, doimiy ogʻriq hissi boʻladi, terining yashil-sargʻish tusdaligi, qon ketishga moyillikning ortishi kuzatiladi.

Yuqoridagi belgi va oʻzgarishlar kuzatilganda, albatta, oʻz vaqtida gepatolog shifokorga murojaat qilishingiz lozim boʻladi. [2]

Gepatomegaliya diagnostikasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jigar oʻlchamining kattalashganligini aniqlash qiyinchilik tugʻdirmaydi — shunchaki palpatsiya va perkussiya amaliyotlari yordamida ham jigarning oʻlchamlari, chegaralarini bilib olish mumkin. Eng maʼlumotli tekshiruv usuli qorin boʻshligʻi aʼzolari UTT (UZI) tekshiruvi hisoblanadi.

Gepatomegaliya differensial diagnostikasida avvalambor virusli omilni inkor etishi kerak boʻladi. Anamnez yigʻish ham yaxshi maʼlumotlar beradi (qon quyish, jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilganligi, tish shifokori huzurida boʻlganligi). Laborator koʻrsatkichlardan gepatomegaliya holatida aminotransferazalar oshganligi, ayniqsa ALT yuqori koʻrsatkichlarda boʻladi. Jigar hujayralarning holatini aniqlash maqsadida biopsiya usuli amalga oshiriladi.

Gepatomegaliyaga olib keluvchi omil autoimmun jarayonlarni istisno qilish uchun qonda aylanib yuruvchi autoantitelolarni aniqlash kerak boʻladi. Koʻpincha bu kabi kasalliklar 25 yoshgacha boʻlgan va postklimaks yoshidagi ayollarda qayd etiladi hamda artralgiya, glomerulonefrit va tana haroratining oshishi bilan namoyon boʻladi.

Gepatomegaliyaning sirroz natijasida kelib chiqishida anamnezda alkogol mahsulotlarini surunkali isteʼmol qilish, surunkali jigar kasalliklari, qonda gamma-globulinlar miqdorining oshishi, ishqoriy fosfataza faolligi va aminotransferaza oshishi, protrombin va albumin miqdorining kamayishi kuzatiladi. Qorin boʻshligʻi aʼzolari UTT (UZI) tekshiruvida jigar parenximasining bir xil emasligi, portal vena diametrik va taloq venasining kengayishi aniqlanadi.

Gepatomegaliyaning qon tomir patologiyalari bilan bogʻliq sabablarini aniqlashda (jigar venalari obstruksiyasi) ultratovush doplerografiyasi aniq maʼlumotlar beradi, bundan tashqari jigar punksion biopsiyasi va radioizotop skanerlash tekshiruvlari ham bajariladi. Oʻsma kasalliklarini istisno qilish maqsadida qorin boʻshligʻi aʼzolari MSKT tekshiruvi oʻtkaziladi.

Jigar kattalashishi davosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gepatomegaliyaning asosiy davosi sindromga sabab boʻlayotgan kasallikni davolashdir. Davo muolajalarida diyeta qilish (stol № 6), tez-tez kam kamdan ovqatlanish, yogʻli, qovurilgan ovqatlardan cheklanish, vitamin, oqsil va mikroelementlarga boy boʻlgan ozuqa mahsulotlarini isteʼmol qilish kerak boʻladi.

Jigar hujayralari funksiyasini tiklash va ularni himoya qilish maqsadida gepatoprotektorlar buyuriladi (essensial, vitaminlar). Oʻtkir gepatit holatlarida dezintoksikatsion terapiya va maxsus viruslarga qarshi preparatlar buyuriladi. Surunkali gepatitlarni bartaraf etishda interferon va immunomodulyatorlar qabul qilish kerak.

Kardiogen gepatomegaliya toʻgʻri davo muolajalari olib borilsa oʻz holatiga tez qaytadi, bunda katta qon aylanish doirasidagi kamchiliklar bartaraf etilishi kifoya. Darvoza venalari trombozida antikougulyant preparatlar buyurilsa, oʻtkir tromboz holatida esa jigar koʻchirib oʻtkazish amaliyoti bajarilishi zarur.

Jigar absessida antibiotiklar yoki parazitlarga qarshi preparatlar qabul qilish tavsiya etiladi hamda absess sonatsiya qilinadi va drenajlanadi. Jigar amiloidozini davolashda prednizolon va kolxitsin buyuriladi.

Jigar oʻsma kasalliklari jarrohlik yoʻli bilan olib tashlanadi va kimyo, nur terapiyalari olish uchun bemor onkologiya dispanserlariga yotqiziladi. [1]

Kasallik oqibati va profilaktikasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gepatomegaliya oqibati kasallikning turiga qarab belgilanadi. Xavfli holat deb jigar sirrozi, toksik zararlanishi, birlamchi oʻsma kasalliklari hisoblanadi. Boshqa kasalliklar fonida jigar hajmi kattalashishi asosiy kasallikni davolash yoʻli orqali bartaraf etiladi. Kasallik profilaktikasida oʻtkir va surunkali kasalliklarni davolash, spirtli ichimlik ichmaslik, tamaki mahsulotlar chekmaslik, yogʻli, qovurilgan ovqatlarni meʼyorida isteʼmol qilishdan iborat.

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 „Jigar hajmi kattalashishi yoxud gepatomegaliya“. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
  2. 2,0 2,1 „Jigar kattalashishiga nimalar sabab bo`ladi?“. Qaraldi: 8-avgust.

https://idoctor.kz/illness/2262-umerennaya-gepatomegaliya

https://www.youtube.com/watch?v=90I2sam8zrk