Kontent qismiga oʻtish

Emmy Noether

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Emmy Noether
Tavalludi 23-mart 1882-yil
Erlangen, Germaniya imperiyasi
Vafoti 14-aprel 1935-yil(1935-04-14)
(53 yoshda)
Pensilvaniya, AQSH
Istiqomat joylari Germaniya
Fuqaroligi Kingdom of Bavaria
Sohasi Matematika
Taʼlimi Erlangen universititi
Mukofotlari Akkerman-Tyobner sovrini

Emmy Noetheralgebra va nazariy fizikaga qo'shgan hissasi bilan mashhur bo'lgan germaniyalik olima. Pavel Alexandrov , Albert Einstein , Jean Dieudonné kabi buyuk olimlar uni matematika tarixidagi eng buyuk ayol deb hisoblashgan.[1]

Zamonamizning saralangan eng yetuk matematiklarining fikricha, ayollar uchun oliy ma'lumot eshiklari ochilganidan buyon dunyoga kelganlar orasida Emmy Noether eng yuksak matematik ijodiy iste'dod sohibasi boʻlgan. Albert Einstein

Men uning shubhasiz matematik iste'dodini albatta tan olaman, lekin uning ayol kishi ekaniga ishonishim qiyin. Erward Landaw

Emmy Noetherga ta'rif

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Emmy Noether tashqi koʻrinishi jihatdan biroz ayollarga xos boʻlmagan xususiyatlar egasi boʻlgan. U juda gavdali, yelkalari keng, ovozi yoʻgʻon, qisqasini aytganda, erkakshoda ayol boʻlgan edi. Emmy shuningdek, odatiy ayollardan farqli ravishda, oʻz tashqi koʻrinishiga unchalik ham jiddiy e'tibor bermaydigan, odmi, toʻpori ayol boʻlgan. Ayniqsa, u oʻzi tekshirayotgan biror matematik masalaga berilib ketgan paytlarda, yoki, ilmiy munozaralar chogʻida, ayollarga xos boʻlgan har qanday nazokat va uyatchanlikni bir chetga surib qoʻyib, vaziyatga jon-jahdi bilan kirishib ketardi. Emmi Nyoterni yaqindan tanigan odamlar, uni odatda sochlari tartiblanmagan, kiyimlarni ham pala-partish kiyadigan, ovqatni ham yaxshi chaynamasdan, chapillatib, yutoqib yeydigan ayol sifatida eslab qolishgan. Albatta, ayniqsa u yashagan oʻta tartibli nemis jamiyatida, bu kabi holatlar "madaniyatsizlik" deb qaralardi va shuning uchun, Emmyni koʻpchilik yoqtirmasdi. Ustiga-ustak, Emmy Noether deyarli butun umri davomida linzalari juda qalin va katta-katta boʻlgan koʻzoynak taqib yurgan. Olima yaqinni koʻra olmaydigan koʻz xastaligidan aziyat chekardi. Koʻzoynaklari uning yuzini deyarli yarmini toʻsib turardi va shunga koʻra ayrim gʻalamislar Emmyga "boyqush" deb laqab qoʻyishgan. Biroq, Emmining oʻzi, xuddi oʻz tashqi koʻrinishiga befarq boʻlganidek, oʻzi haqidagi bu kabi uzun-quloq gaplarga ham mutlaqo beparvo ayol boʻlgan. Uning uchun kiyimlar va buyumlarni tanlashdagi yakkayu-yagona mezon - faqat qulaylik boʻlib, olimani moda va boshqa urfga kirgan narsalarga qiziqqanligini birov koʻrmagan. Shu xislatiga koʻra, Emmy odatda boshiga erkaklar shlyapasini kiyib yurardi. Shuningdek, olimaning qoʻlida ichi doimo turli qogʻozlar va matematika kitoblari bilan liq toʻla yuradigan katta qora chamadoni boʻlardi. Tasavvur qiling: gavdali, ovozi yoʻgʻon, sochi betartib, bir-biriga mos boʻlmagan kiyimlarni kiyib, boshiga shlyapa qoʻndirib olgan, qoʻlida katta qora chamadon koʻtargan nemis ayoli! Emmy Noether aynan shunday ayol boʻlgan!

Ta'bir joiz boʻlsa, Emmy Noether - ayollarning oyoq-qoʻllari kishanlangan jamiyatda tugʻilgan deb aytish mumkin. oʻsha vaqtlarda Germaniyani dabdabali ziyofatlar va marosimlar ishqibozi boʻlgan, qudratli kayzer Vilgelm II boshqarardi. Kayzer odatda biror shaharga poyezdda tashrif buyurar, u vagondan tushib kelayotgan paytda esa, mahalliy shahar hokimi tantanali nutq soʻzlab, yuksak martabali mehmonni qutlab kutib olishi kerak boʻlgan. Mamlakatning ichki va tashqi ishlari bilan bogʻliq barcha ogʻir-yengil ishlarni esa, "Temir Kansler" nomini olgan Otto fon Bismark yuritardi. Bismark tom ma'noda, davlat va jamiyatning yetakchisi boʻlib, u Germaniyaning konservativ strukturasini saqlab qolish tarafdori boʻlgan. Bismarkning tushunchasiga koʻra, jamiyatda ommaning yoppasiga savodli-ma'lumotli boʻlishi - nomaqbul tuzum - sotsializmning belgisi hisoblanardi. Shu sababli, Bismark boshchiligidagi hukumat, ayollarning oliy ma'lumot olishini unchalik ham xushlamaydigan konservator amaldorlardan iborat boʻlgan.
Emmy Noether 1882-yilning 23-martida, shunday biryoqlama gʻaliz tushunchalarga koʻmilib yotgan Germaniyaning Erlangen shahrida dunyoga kelgan. Uning ota-onasi jamiyatning oʻrta qatlamiga mansub oddiy oʻqituvchilar boʻlishgan. Erlangen - Emmy Noetherdan tashqari, dunyoga yana Xristian fon Shtaudt (1798-1867) hamda, Feliks Klyayn (1849-1925) singari yetuk matematiklarni ham yetkazib bergan moʻjaz shaharcha boʻlib, shuningdek bu shahar nomini matematikada Feliks Klyayn shakllantirgan "Erlangen dasturi" nomli tushuncha ham mashhur qilib turibdi. Ushbu dasturda Feliks Klyayn geometriyani guruhlar nazariyasi nuqtai nazaridan qayta tasniflaydi.

Erlangen universitetining eng qadimiy binolaridan biri , Kollegienhaus

Emmi Nyoterning otasi Maks Nyoter Erlangen universitetida matematikadan dars bergan. Maks Nyoter ham yoshligidanoq kuchli matematik iste'dodi bilan ajralib turgan ekan. Otasining ajoyib matematik salohiyatini Emmidan avval uning akasi Frits Nyoter ham oʻzlashtirgan boʻlib, u ham oʻz hayotini ushbu ajoyib fanga bagʻishlagan. Frits Nyoter amaliy matematika bilan shugʻullangan.

Germaniyada ideal ayol timsoli

[tahrir | manbasini tahrirlash]

XIX va XX-asrlar chegarasida yashagan nemis xotin-qizlari uchun ideal ayol timsoli sifatida, kayzerning xotini - imperatritsa Avgusta Viktoriya qiyofasi koʻrsatilardi. Imperatritsaning hayot falsafasi esa, "toʻrt K" shaklida boʻlib, quyidagicha yangragan: K - kayzer; K - Kinder (ya'ni, bolalar); K - Kirche (cherkov); K - K"che (oshxona). Tabiiyki, oddiy nemis ayollari uchun ham, imperatritsaning ushbu maslagi oʻrnak qilib koʻrsatilgan va uni xalqqa singdirishga uriniligan. Bunday muhitda esa, jamiyatda deyarli hamma ayollarning oʻrni, xuddi oldindan qat'iy belgilab qoʻyilgan ssenariy singari, faqat muayyan maishiy yumushlarni bajarish bilan cheklanib qolavergan. oʻsha zamonda yashagan bir nemis jamiyatshunosining ta'biri bilan aytganda, nemis ayollarining ijtimoiy darajasi erkaklarnikidan pastda va uy hayvonlarinikidan tepada boʻlgan...[2]

Matematikaga qadam

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Matematikadan oliy ma'lumotga ega boʻlish uchun Emmi universitetga tinglovchi maqomida qatnashiga toʻgʻri kelgan. Uning oliy oʻquv yurtining toʻlaqonli talabasi boʻlishga huquqi boʻlmagan. Shunga qaramay, Emmy Noether universitetdagi barcha imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, doktorlik darajasi olish imkonini qoʻlga kiritgan. oʻz doktorlik ishi uchun Emmi ternar kvadrat shakllarning algebraik invariantlari mavzusini tanlagan. Erlangenda ushbu yoʻnalishda ta'lim beradigan mutaxassis - Paul Gordan (1837-1912) ismli matematik boʻlib, u shuningdek Emmining otasi Maks Nyoter bilan yaqin doʻst boʻlgan. Zamondoshlari Paul Gordanni "invariantlar qiroli" deyishardi. Gordan ushlagan joyidan uzadigan, oʻta injiq, lekin nihoyatda puxta ish yuritadigan matematik boʻlgan. Boshqa matematiklarning toqati yetmaydigan, yoki, foydasiz deb hisoblab tashlab qoʻyadigan uzundan-uzoq hisoblashlarni ham, Gordan sabr bilan, qancha kerak boʻlsa, shuncha vaqt sarflab sinchiklab bajarib chiqishi, keyin esa, natijani ham erinmay bir boshdan, boshqatdan tekshirib chiqishi odatiy hol boʻlgan. Algebraik invariant va shaklning nima ekanligini tushuntirish unchalik ham qiyin emas. Lekin, zamonaviy matematika uchun ushbu tushunchalar dolzarbligini yoʻqotgan va shu sababli, ular haqida mufassal toʻxtalib oʻtirmaymiz.

<<Matematik gimnastika>>

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Emmy Noether oʻzining "Ternar bikvadratik shakllarning shakliy tizimlarini aniqlash haqida" deb nomlangan doktorlik dissertatsiyasida, jami 331 xil oʻzi topgan invariantlarni keltirib oʻtgan. U doktorlik dissertatsiyasini katta muvaffaqiyat bilan himoya qilgan. Mazkur ilmiy ish unga matematika bilan professional shugʻullanish imkonini bergan boʻlsa-da (aslida bunday imkon doim boʻlgan), lekin, aytaylik, biror oliy oʻquv yurtida toʻlaqonli ishlab, dars berish huquqini taqdim qilmagan. Fan doktori boʻlgan Emmy Noetherga Erlangen universitetining oʻzida matematikadan dars taklif qilishgan. Biroq, aytganimizdek, bu ish toʻlaqonli boʻlmay, balki, faqat bir tomonlama majburiyat bajarish bilan cheklanuvchi ish edi. Ya'ni, Emmiga ming mashaqqat bilan oʻtadigan koʻp soatlik darslari uchun sariq chaqa ham haq toʻlanmagan. U oʻziga yuklatilgan va tekinga oʻtiladigan dars soatlaridan tashqari, vaqti-vaqti bilan otasining darslarini ham oʻtib turishiga toʻgʻri kelardi. Chunki, bu paytga kelib ota Nyoterning salomatligi ancha yomonlashib qolgandi va u ba'zan universitetga borib kelishga ham yaramay qolardi. Shunday gʻalati va murakkab mehnat sharoitida Emmi Nyoter naq 8 yil mehnat qilib, talabalarga matematikadan dars bergan. Olimaning oʻzi oʻsha paytdagi faoliyatini hazil aralash "matematik gimnastika" deb atardi. Garchi Emmy Noether Germaniyada Sofya Kovalevskayadan keyin matematikadan fan doktori darajasiga erishgan ikkinchi ayol boʻlgan boʻlsa-da, biroq, ushbu daraja amalda unga deyarli hech narsa bermagan. Emmi keyinchalik oʻz ilmiy faoliyatini tahlil qilayotgan paytlarda, oʻsha - yillarni eslab "bema'nilik" deb qoʻyardi.

Ernst Fisherning kelishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vaqt oʻtishi bilan Nyoterning ustozi Gordan nafaqaga chiqib ketadi. Uning oʻrniga esa universitet ma'muriyati Ernst Fisher ismli yosh matematik mutaxassisni ishga tayinlaydi. Fisher jamiyatda ayollarning ham tenghuquqli ta'lim olishi tarafdori boʻlib, u oʻz mutaxassisligini puxta egallagan, ilgʻor fikrli kishi edi. Emmi Nyoter va Ernst Fisher ham professional-kasbiy yoʻnalishda, ham ishdan tashqari hayotda nihoyatda yaqin doʻst va hamkasb boʻlib qolishgan.

Ernst Fisher oʻz davrining eng yetuk matematiklari - David Gilbert va Feliks Klyayn bilan shaxsan tanish boʻlib, u mazkur matematika daholariga oʻz hamkasabasi Emmining beqiyos matematik iste'dodi haqida soʻzlab bergan. Biroz vaqt oʻtib, Fisher Emmy Noether va David Gilbertlarni oʻzaro tanishtirib qoʻyadi. Gilbert va Klyayn Emmining qay darajada yuksak matematik iste'dod sohibasi ekanligini darhol payqashgan va ilmiy tadqiqotlarni birgalikda olib borish istagini bildirishgan. Ushbu ikki matematik olimlar, "jahonning eng matematik universiteti" deb sharaflanuvchi Gyottingen universitetida mehnat qilishar edi. Ularning har ikkalasi ham, ayollarning erkaklar bilan tenghuquqli ta'lim olishi va ilmiy tadqiqotlarda toʻlaqonli ishtirok etishi tarafdori boʻlishgan.

Birinchi Jahon Urushi davrida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yevropani oʻz domiga tortgan birinchi jahon urushining eng avj pallasida, ya'ni, 1915-yilda Gilbert va Klyayn birgalikda zoʻr berib harakat qilib, Emmy Noetherni Erlangendan Gyottingenga koʻchib oʻtishga koʻndirishga muvaffaq boʻlishdi. Ayni shu yillarda butun dunyo ilm-fanida Eynshteynning inqilobiy gʻoyalari muhokama qilinmoqda edi. Gilbert esa, Emmining algebraik invariantlar boʻyicha kuchli mutaxassis ekanligini inobatga olib, uning invariantlar boʻyicha ishlanmalarini Eynshteynning nazariyalarining isboti uchun kuchli matematik apparat sifatida tadbiq etishni koʻzlagan (bu haqida keyinroq yana toʻxtalamiz).

Albatta, bularning hammasi Emmi uchun porloq kelajak va'da qilayotgandek edi. Bir qarashda juda silliq boshlangan Gyottingen hayoti juda tezkorlik bilan sarobga aylandi. Qanchalik nufuzli olim boʻlmasin, na Gilbert va Klyayn Emmy Noether uchun Gyottingen universitetdan muqim ish oʻrni topib bera olishmadi. Aniqrogʻi, ular taklif qilgan benazir matematik ayolni universitet ilmiy kengashi oʻz safiga qoʻshishni istamadi. Nyoterga Gyottingen universitetida toʻlaqonli ishlash imkoni berilmasligi uchun yagona bahona - uning shunchaki ayol kishi ekanligi boʻlgan. Chunonchi, universitet rahbarlaridan biri Gilbertga bu borada raddiya berar ekan: "Urushda qahramonlarcha jang qilayotgan askarlarimiz vatanga qaytishganida, auditoriyalarda oʻtirgan va dars berayotgan ayol kishini koʻrishsa nima degan odam boʻlamiz? Ularga ayol kishi dars bersa qanday holga tushishadi?". Bu kabi boʻlmagʻur ta'nalarni eshitishdan toqati toq boʻlgan Gilbert ham, oʻziga xos boʻlmagan ravishda keskin fikr bildirishga majbur boʻlgan: "Men hecham tushunolmayman, nima uchun nomzodning jinsi uni biror ishga tayinlanishiga xalaqit berishi kerak? Axir biz erkaklar hammomida emas, universitetda ishlaymiz-ku?!"

Emmy Noether teorimasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1918-yilda Emmy Noether oʻz nomi bilan ataluvchi sensatsion teoremani e'lon qildi. Garchi Emmi hayoti matematik faoliyati davomida boshqa koʻplab va muhim teoremalarni isbotlagan boʻlsa-da, lekin mutaxassislar uning aynan oʻsha, 1918-yilda isbotlagan teoremasini "Emmy Noether" teoremasi deb atay boshlashgan. Aslida Emmi mazkur teoremaning isbotini uch yil avvalroq, ya'ni, 1915-yildayoq topgan boʻlib, qandaydir sabablarga koʻra uni e'lon qilishni orqaga surib kelgan edi. Emmy Noether teoremasi mavhum algebra sohasiga tegishli boʻlib, u fizika va matematika fanlari uygʻunlashgan nuqtaga, aniqroq aytganda esa, mexanika sohasiga taaluqlidir. Nyoter teoremasini tushunish uchun oʻquvchida oliy matematika va fizika fanlaridan mustahkam bilimlar egasi boʻlish talab etiladi. Shu sababli, kitobxonni ushbu teorema bilan batafsil tanishtirib oʻtirishni ma'qul topmadik. Qiziquvchilar bu boradagi kerakli ma'lumotlarni kutubxonalardan va internet sahifalaridan oʻzlari topa oladilar degan umiddamiz.

Agar oddiy kitobxonni choʻchituvchi matematik formulalar va belgilashlarsiz, oddiy til bilan bayon qiladigan boʻlsak, Nyoter teoremasining qisqacha ta'rifi quyidagicha yangraydi: "Agar fizik sistema uzluksiz simmetriyaga ega boʻlsa, unda oʻz qiymatini vaqt boʻyicha saqlab turadigan mos kattaliklar albatta mavjud boʻladi".[3]


  1. „Emmy Noether: Ingenious Abstract Algebraist“. Historyofdatascience. Qaraldi: 2022-yil 30-iyun.
  2. „Дети, кухня, церковь“. Cultura. Qaraldi: 2022-yil 30-iyun.
  3. „In her short life, mathematician Emmy Noether changed the face of physics“. Sceincee News. Qaraldi: 2022-yil 30-iyun.