Egizaklar
Egizaklar — ona organizmida bir vaqtda rivojlangan 2, 3 yoki undan ortiq homila. Egizaklar tugʻilishida irsiy omillarning ham roli katta (qarang Irsiyat). Egizaklarning bitta tuxumdan (bir tuxumli egizaklar) yoki 2 ta (baʼzan undan ham koʻp) tuxumdan rivojlanadigani maʼlum (ikki tuxumli egizaklar). Bir tuxumli egizaklar 2 yadroli tuxumhujayraning spermatozoid bilan otalanishidan yoki 2 yadroli spermatozoid bir yadroli tuxum-hujayrani otalantirishi natijasida rivojlanadi. Baʼzan tuxumhujayralar 3 ta, 4 ta (va undan ortiq) yadro tutsa, uchta toʻrtta va hokazo egizaklar rivojlanishi mumkin.
Bir tuxumdan rivojlanadigan egizaklar platsentasi bitta, ularning jinsi (faqat qiz yoki faqat oʻgʻil bolalar), qon gruppalari bir va tashqi qiyofasi bir-biriga juda oʻxshash boʻlib, hatto eng yaqin kishilari ham ularni bir-biridan aniq ajrata olmaydi.
Ikki tuxumli, yaʼni har xil tuxumdan rivojlanadigan egizaklar bir vaqgda yetilgan va alohida urugʻlar bilan otalangan 2 va undan ortiq tuxumhujayradan hosil boʻladi; platsentasi alohida-alohida, bir yoki har xil jinsli boʻlishi mumkin. Irsiy jihatdan ular "akauka", "opasingil", "akasingil" dek oʻxshash boʻlib, ikki va koʻproq tuxumlar bir vaqtda yetilgandagina paydo boʻladi.
Ona qornida egizaklar rivojlanayotganligini asosan homiladorlikning ikkinchi yarmidagina homilada yurak urishi eshitilishi vaqtida aniqlash mumkin; homilador organizmida bir qator oʻzgarishlar, koʻpincha toksikoz belgilari, vaqtidan oldin tugʻib qoʻyish kabi holatlar ham kuzatiladi. Shuning uchun egizak tugʻish ehtimoli boʻlgan ayollar tez-tez ayollar konsultatsiyasiga borib turishlari va tugʻishdan 7—10 kun ilgari tugʻruqxonaga kelib yotishlari lozim.
Koʻp homilalik normal kechganda tugʻruq vaqtida deyarli hech qanday asoratlar kuzatilmaydi (qogʻonoq suvining vaqtdan ilgari ketib qolishi, sust dard tutishi va boshqalar noxushliklar bundan mustasno). Koʻpincha egizaklarning vazni va boʻyi bir-biridan farq qilishi mumkin, bu, asosan, platsentadan kelgan oziq moddaning teng taqsimlanmaganligi bilan bogʻliq. Vaqtidan oldin tugʻilgan egizaklar ni avaylab parvarish qilish talab etiladi (Goʻdak, Chala tugʻilgan bola).
Egizaklarni ovqatlantirish muhim ahamiyatga ega, ularni emizganda navbatmanavbat goh u koʻkrakni, goh bu koʻkrakni berish, koʻkrak suti yetmasa, chaqaloqlarga moʻljallangan sutli omixtalardan foydalanish zarur.
Egizaklarni ovqatlantirish va parvarish qilish albatta bolalar vrachi maslahatiga koʻra olib boriladi.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |