Chorbogʻ
Chorbogʻ yoki chahorbogʻ (forscha: چهارباغ – toʻrt bogʻ) — sharq mamlakatlarida atrofi devor bilan oʻrab olingan koʻshk, ayvon, qoʻrgʻonli tartib asosida tuzilgan bogʻ.
Chorbogʻ uchun tekis, suvli, daraxtli joy tanlanadi; notekis (nishabli) joylar pogʻona-pogʻona sahnlarga keltiriladi, sunʼiy sharsharalar qilish imkoniyatlari yaratiladi. Chorbogʻ murabba yoki toʻrtburchak tarhli boʻlib, kirish har toʻrt tarafning oʻrtalaridan tashkil etiladi; hududi yoʻlka va ariqlar yordamida ayrim bogʻchalarga, bogʻchalar esa yana oʻz navbatida chamanzorlarga boʻlinib, chorchamanlarni tashkil qiladi. Chorbogʻ mujassamotining markazini bino (qoʻrgʻon, koʻshk) egallaydi. Baland boʻyli daraxtlar devorga yaqin ekiladi, undan soʻng mevali daraxtlar va gullar tartib bilan ekiladi, ularning erta bahordan kech kuzgacha ochilib turishiga eʼtibor beriladi. Bino mujassamoti chorbogʻni turli nuqtalardan koʻrish imkonini beradigan tarzda, 1—2 qavatli, markaziy mujassamotli qilib quriladi: oʻrtada atrofini ayvonlar oʻrab olgan chordara xona boʻlib, 2-qavatga bino burjlaridagi zinalar orqali chiqiladi. Suv inshootlaridan katta ariqlar va hovuzga suv keladi, hovuz shakllari hamda favvoraga alohida eʼtibor beriladi. Chorbogʻda, shuningdek, oʻtov, chodir kabilarni oʻrnatish uchun joylar ajratiladi. Chorbogʻdagi qushlar (masalan, tustovuq, tovus va boshqalar) unga oʻzgacha koʻrk bagʻishlaydi.
Chorbogʻ qadimdan yaratilib kelingan, Temuriylar va Boburiylar davrida ravnaq topgan, mohir bogʻsoz ustalar yetishib chiqqan. Jumladan, XVI asrda yashagan hirotlik Mirak Sayid Gʻiyos bogʻ rejasini tuzish, yer osti inshootlarini loyihalashga moxir boʻlgan, uning Buxoroda ham Ubaydullaxon uchun bogʻ barpo qilgani manbalardan maʼlum. XIII asr oxiriga oid risolada, XVI asrda qayta koʻchirilgan "Irshod uzziroat fi ilmilhirosat" risolasida chorbogʻ yaratish haqida qimmatli maʼlumotlar bayon qilingan, hatto risolaning bir bobi "Koʻchat, gul, daraxt, muattar oʻtlar oʻtkazish, chorbogʻga tartib berish va uni barpo qilishda izchillikka rioya qilish" deb ataladi. Risolada chorbogʻning eng maqbul turi keltiriladi hamda turli tavsiyalar bilan birga mujassamotda simmetriya, ritm, rang kabi masalalarga alohida ahamiyat berilib, mevali daraxtlarga keng oʻrin ajratiladi.
Chorbogʻ XIX asrning 2-yarmi — XX asrning boshlarida ham bunyod etilgan (Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa, Qoʻqon xonining Oyim qishlogʻidagi, Xivadagi Nurullaboy chorbogʻlari va boshqalar).
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |