Kontent qismiga oʻtish

Burquttepa

Koordinatalari: 40°8′17.62364″N 65°23′38.58853″E / 40.1382287889°N 65.3940523694°E / 40.1382287889; 65.3940523694
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Burquttepa
Joylashuv Karmana tumani
Turi tepalik
Xarita
Koordinatalari 40°8′17.62364″N 65°23′38.58853″E / 40.1382287889°N 65.3940523694°E / 40.1382287889; 65.3940523694

BurquttepaOʻzbekistondagi madaniy meros obyekti. Arxeologiya yodgorligi. Navoiy viloyatining Karmana tumanida joylashgan. Obyekt davri: mil. avv. III-II, V—VIII asrlar. Obyekt manzili: „Yangi ariq“ MFY, Qiziltom qishloq aholi punkti. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq: Davlat mulki. Navoiy viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida.. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan[1][2].

Burquttepa Karmananing eng qadimiy manzilgohlaridan biri hisoblanadi. U Karmana shaharchasidan 1 km sharqda, Buxoro—Samarqand yoʻlining oʻng tarafida, Karmana tumanidagi 6-umumtaʼlim maktabining yonida joylashgan[3].

Arxeologik oʻrganishlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Burquttepa arxeologiya yodgorligidan topilgan 2300 yillik xum. Hozirda Navoiy viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida saqlanadi.

Burquttepa hududida 1999—2002-yillarda Karmana shaharchasining yoshini aniqlash boʻyicha arxeologik qazishma ishlari olib borilgan. Qazishmalar davrida Burquttepadan miloddan avvalgi V—IV asrlarga oid ashyolar topilgan. Topilmalar ichida miloddan avvalgi IV yoki III asrga oid, boʻyi 90 sm, tub qismining diametri 30 sm, qorninig diametri 75 sm, ogʻzining diametri 60 sm ga teng xum diqqatga sazovordir. Bu xum hozirda Navoiy viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida saqlanadi[3].

Arxeologik qazishmalar natijasida Burquttepa katta bir qoʻrgʻon boʻlganligi, Karmananing qadimgi oʻrni shu yer ekani taxmin qilingan[3]. Burquttepa ark va shahristondan iborat. U yerdan butun xum va unga yoʻnaltirilgan quvur topilgan. Bu xum va quvur mil. avv. I asr oxiri va milodiy I asr boshida yasalgan. Arxeologlarning fikricha, Burquttepadan topilgan quvur Gʻarbiy Sugʻdiyonadan topilgan eng qadimgi ashyo sanaladi[4].

Burquttepaning eng quyi madaniy qatlami Varaxsha, Poykend kabi ilk davrlarga yaqin boʻlib, mil. avv. IV—III asrlarga oidligi taxmin qilinadi. Undan keyingi ikki qatlam mil. avv. III—II asrlar va mil. avv. II asrning ikkinchi yarmi va milodiy I asrga oiddir[5].

Boshqa bir qazishma ishlarida Burquttepaning eng yuqori gorizontidan milodiy ilk asrlarga oid ashyolar topilgan. Jumladan, shahriston maydonidan pastak, toʻgʻri burchakli mudofaa devorlarining izlari aniqlangan. Yuqori qatlam boʻylab X—XIII asrlarga oid sopol idish siniqlari topilgan. Bu ashyolar Karmana shaharchasining yoshini aniqlash uchun muhimligi aytiladi[6].

Burquttepaning ustki qismidan olingan tasvir
  1. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  2. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Backend.madaniymeros.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  3. 3,0 3,1 3,2 Zaripov, Shernazar 2021, s. 63.
  4. Xaitova, Qurbonov 2018, s. 13.
  5. Xaitova, Qurbonov 2018, s. 13—14.
  6. Xaitova, Qurbonov 2018, s. 14.