Boshoyoqli mollyuskalar
Boshoyoqli mollyuskalar | ||
---|---|---|
Biologik klassifikatsiya | ||
|
Boshoyoqli mollyuskalar (Cephalopoda) — yuksak tuzilgan dengiz mollyuskalari sinfi. Tanasi (uz. 1 sm dan 5 m gacha) bilateral simmetriyali, odatda, tana va yirik boshboʻlimlaridan iborat. Oyogʻi voronkaga aylangan. Tanasi qalin mantiya bilan qoplangan. Ichki organlari keng mantiya boʻshligʻida joylashgan. Ogʻiz teshigi atrofida 8 yoki 10 ta paypaslagichlari (oyoqlari) boʻladi. Paypaslagichlarida bir necha qator boʻlib joylashgan juda koʻp soʻrgʻichlari bor. Koʻpchilik turlarining chigʻanogʻi evolyutsiya jarayonida reduksiyaga uchragan yoki mantiya burmalari ichida plastinka holida saqlanib qolgan. Haqiqiy chigʻanoq faqat nautilusda boʻladi. Urgʻochi argonavt chigʻanogʻi esa tuxumlarini olib yurishga moslashgan. Bosh miyasi togʻay skelet bilan qoplangan. Toʻtiqush tumshugʻiga oʻxshash egilgan bir juft jagʻlari ozigʻini ushlab turish va maydalash uchun xizmat qiladi. Qirgʻichlari va 2 juft soʻlak bezlari bor. Orqa ichagiga siyoh xaltasi yoʻli ochiladi. Bosh miyasi yirik, boshining ikki yonida yirik va yaxshi rivojlangan koʻzlari joylashgan. Boshoyoqli mollyuskalar rangini tez oʻzgartirish xususiyatiga ega (niqoblanish). Aksariyat turlarida nur taratuvchi organlari boʻladi. Qon aylanish sistemasi deyarli yopiq. Ayrim jinsli, baʼzi turlarida jinsiy dimorfizm yaxshi rivojlangan. Erkagi paypaslagichlarining oʻzgarishidan hosil boʻladigan spermatofori (gektokotil) yordamida urugʻ hujayralarini urgʻochisining mantiya boʻshligʻiga yoki urugʻ qabul qilgichiga kiritadi. Tuxumlari yirik, sariq moddasi koʻp. Tuxumdan voyaga yetgan davriga oʻxshash mollyuska chiqadi. Boshoyoqli mollyuskalar, odatda, reaktiv usudda faol harakat qiladi. Buning uchun boshining pastida joylashgan 2 ta tirqish orqali suv mantiya boʻshligʻiga kiradi; mantiya devorida muskullar kuchli qisqarganda suv voronkasi orqali kuch bilan otilib chiqib, mollyuska tanasini suradi. Koʻpchilik turlarida tanasining keyingi tomonida va ikki yonida bir juft suzgichlari boʻladi. Hozirgi Boshoyoqli mollyuskalar ning 650 ga yaqin turi okean va ochiq dengizlarda tarqalgan, 2 ta (toʻrt jabralilar, ikki jabralilar) kenja sinfga boʻlinadi. Toʻrt jabralilar eng qad. sodda tuzilgan (mas, nautilus), ikki jabralilar esa qolgan barcha hozirgi mollyuskalarni uz ichiga oladi. Pelagik va dengiz tubida hayot kechiradi. Yirtqich, bentofag va plantofag oziqlanadi. Koʻpchilik Boshoyoqli mollyuskalar goʻshti uchun ovlanadi. Ayrim turlari farmatsevtika sanoati uchun xom ashyo hisoblanadi. Dunyo boʻyicha har yili 1,63 mln. t ga yaqin Boshoyoqli mollyuskalar ovlanadi (qarang Mollyuskalar).
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |