Boqiy Jarroh Toshkandiy
Muhammad Iloqiy | |
---|---|
Tavalludi | nomaʼlum |
Boqiy Jarroh Toshkandiy (XVI asr[1]) – toshkentlik alloma va faylasuf. Ism-taxallusiga koʻra sohibi olim, tabib boʻlgan. Shuningdek u shoir, musiqashunos va xattot ham boʻlgan. Sharq mualliflaridan Xatib Tabriziy oʻzining „Mushkot al-masobih“ (Chirogʻdon) asarida yozishicha, u oʻz asarini Toshkentda Mavlono Boqiy uyida yozib tugatgan. Mazkur asarning Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutidagi 8017 raqamli qoʻlyozmasi muallif nusxasidan 1712-yili Muhammad ibn Ibrohim qoʻli bilan koʻchirilgan. Boqiy Jarroh Toshkandiy xattot sifatida ham anchagina kitoblar koʻchirgan va asarlarga sharhlar yozgan. U Balxga borib Hindistonning Ahmadobod shahriga yetib kelgan va oʻsha yerda vafot etgan. Boqiy Jarroh Toshkandiy kotiblik qilib, Davlatshoh Samarqandiyning tazkirasini ham koʻchirgan. Qoʻlyozmada mazkur nusxa 1581-yili koʻchirilgan. U „Yusuf va Zulayho“ dostoniga sharh yozgan, Shuningdek, olimlar oʻrtasida koʻpdan sharhlanib keladigan „Odob al-munozara“ asar sharhiga arab tilida hoshiya yozgan. „Odob al-munozara“ asarining muallifi Abdurahmon ibn Ahmad al-Iyjiy boʻlib, unga oʻzidan keyin koʻp olimlar sharh yozgan. Mazkur asarga Mirsayyid Sharif Jurjoniydan tortib keyingi davrlarda oʻnlab olimlar sharh bogʻlagan. Boqiy hoshiyasida bu sharhning kimga tegishli ekani aytilmagan. Bu oʻsha davrda mashhur boʻlgan sharhga bogʻlangan hoshiyalardan biri boʻlgan. Boqiy Toshkandiy ijodi davomida fors tilida anchagina ishqiy gʻazallar yozgan. Xoʻja Xasan Nisoriyning „Muzakkir al-ahbob“ (Doʻstlar yon daftari) nomli asarida „Mavlono Boqiy turkigoʻy shoirlardandir“ – deb yozgan. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qoʻlyozmada Boqiyning sheʼrlari boʻlib, 1797—1809-yillar orasida koʻchirilgan[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Boqiy Jarroh Toshkandiy (16-asr)“. https://shosh.uz/. Qaraldi: 2024-yil 17-iyul.
- ↑ Muhammadkarimov A. Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob). Toshkent: Toshkentnoma, 2009 — 55-bet.