Kontent qismiga oʻtish

Bir al-Maona qirgʻini

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Bir al-Maona qirgʻini
Sanalar Milodiy 625-yil (hijriy 4-yil)
Urush yeri Bir Maona
Natija * Muhammad hamrohlarini Islomni targʻib qilish uchun Najdga yuborgan
* Musulmonlar qoʻlga olingan va oʻldirilgan[1]
Raqiblar
Musulmonlar Amir ibn at-Tufayl
Kuchlar
40 yoki 70 Nomaʼlum

Bir Maona qirgʻini hadislarga koʻra Uhud jangidan 4 oy oʻtib, hijriy 4-yilda[2] boʻlib oʻtgan. Islom manbalariga koʻra paygʻambar Muhammad Abu Baroning iltimosiga binoan Islom dinini targʻib qilish va Najd ahlini musulmon boʻlishga chaqirish maqsadida oʻz odamlarini u yerga yuborgan, biroq musulmonlardan 40 (Ibn Is’hoq rivoyatiga koʻra) yoki 70 nafari („Sahihi Buxoriy“) oʻldirilgan[1][3].

Uhud jangidan 4 oy oʻtgach, Banu Amir qabilasidan bir guruh kishilar Muhammadning huzuriga kelib, unga bir sovgʻa taqdim etadi. Qabila vakillaridan boʻlmish Abu Baroning oʻzi Madinada qoladi. Muhammad sovgʻani mushriklardan boʻlgani uchun olishni istamaydi va Abu Barodan Islomni qabul qilishini soʻraydi. Shunda Abu Baro paygʻambardan Najd ahlini Islomga daʼvat qilish uchun bir necha musulmonlarni yuborishini va aholini musulmonlikni qabul qilishga undashini iltimos qiladi. Muhammad avvaliga hamrohlarini Najdga yuborgan taqdirda ularga zarar yetishidan xavotirga tushadi, biroq Abu Baro yuboriladigan elchilarning xavfsizligini taʼminlashga kafolat bergach, Muhammad bu taklifga rozi boʻladi[1].

Musulmon olimi Tabariy voqeani shunday taʼriflaydi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: „Ey Abu Baro, men mushriklardan sovg‘a olmayman, agar uni qabul qilishimni xohlasang, musulmon bo‘l“, dedilar. So‘ng unga Islomni, uning o‘zi uchun afzalliklarini va Alloh taoloning mo‘minlarga va’dalarini tushuntirib, Qur’on tilovat qildi. U Islomni qabul qilmadi, lekin undan uzoqda bo‘lib: „Ey Muhammad, meni chaqirayotgan ishingiz yaxshi va go‘zaldir. Agar Najd ahlini musulmonlikka chaqirish uchun bir qancha sahobalaringizni yuborsangiz, ular bu dinni qabul qiladilar deb umid qilaman“. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: „Men Najd ahli ularga zarar yetkazishidan qo‘rqaman“, dedilar. Abu Baro: „Ularning himoyasiga kafolat beraman, odamlarni diningizga da'vat qilish uchun yuboring“, deb javob berdi[4]

Ibn Is’hoq tomonidan berilgan Muhammadning tarjimai holida Najd ahliga dinni targʻib qilish uchun 40 kishi yuborilgani aytiladi. „Sahihi Buxoriy“da aytilishicha, yuborilgan musulmonlar 70 nafarni tashkil qilgan, ular ichida Qurʼon va fiqhda eng ilmlisi Banu Saʼidadan Ozod laqabli al-Munzir ibn Amr degan kishi boʻlgan[1].

Rojiy voqeasidan koʻp oʻtmay (625-yil aprel) Amir ibn Saʼso qabilasi boshligʻi Abu Baro Amir ibn Molik Madinaga kelib, undan oʻz qabilasiga Islom dinini oʻrgatishi uchun bir qancha vakillarini yuborishni soʻraydi. Dastlab yuboriladigan musulmonlarning xavfsizligidan xavotir olgan Muhammad ularning hayotiga kafolat olgach, Qur’onni yaxshi biladigan 70 (yoki 40) kishidan iborat guruh tayinlab, ularni Najdga yuborishga rozi boʻladi. Musulmonlar guruhining aksariyati Madina va Suffa ahli boʻlib, ularga Munzir ibn Amr al-Xazrojiy boshchilik qilgan. Muhammadning maktubini Amir ibn Saʼso qabilasi boshligʻiga olib borish vazifasi uning hamrohi Haram ibn Milxonga yuklangan edi. Bu orada Amir ibn Molikning vafot etgani haqidagi xabarni eshitgan Haram ibn Milxon maktubni jiyani Amir ibn Tufaylga berib, ularga musulmonlar bilan birga aholiga Islomdan saboq berishini aytadi. Muhammad va musulmonlarning azaliy dushmani hisoblanmish Amir ibn Tufayl esa buyruqqa boʻysunmasdan elchini oʻldiradi va qabila aʼzolarini Bir al-Maonada musulmonlarga qarshi hujum qilishga undaydi. Ammo Amir ibn Molik musulmonlarlarning xavfsizligini kafolatlashga vaʼda bergani bois aholi ularga qarshi hujum qilishga rozi boʻlmaydi. Keyin esa Amir ibn Tufayl doʻstlik rishtalari boʻlgan Banu Sulaym qabilasining ayrim urugʻlariga murojaat qiladi va ulardan ijobiy javob oladi. Birlashgan harbiy guruh Bir al-Maonada bu voqealardan mutlaqo bexabar musulmonlarga hujum qiladi. Ogʻir yaralangan Kaʼb ibn Zayd an-Najjor, oʻsha paytda tuyalarni yaylovga olib chiqqan Munzir ibn Muhammad (yoki Horis ibn Simma) va Amr ibn Umayyadan boshqa hamma oʻldiriladi.

Bu mudhish voqeadan xabar topgan Muhammad har qachongidan ham koʻproq ogʻriq va qaygʻu chekadi, oʻttiz-qirq kun davomida har bomdod namozida bu qotillik aybdorlarini laʼnatlaydi. U Shujoa ibn Vahb qoʻmondonligida Bir al-Maona qirgʻiniga boshchilik qilgan Amir ibn Saʼso qabilasini jazolash maqsadida 24 kishilik qoʻshin yuboradi (hijriy 8-yilning Rabiulavval). Qoʻqqisdan uyushtirilgan tungi hujumda koʻplab hayvonlar oʻlja, ayollar esa asir sifatida qoʻlga olinadi. Oradan bir qancha vaqt oʻtgach, Banu Amir ibn Saʼso qabilasidan boʻlgan musulmonlar hay’ati Muhammadning huzuriga kelib, asirga olingan ayollarni ozod qilishni soʻraydilar. Shujoa ibn Vahb va uning hamrohlari bilan maslahatlashib, Muhammad ayollarni Islomni qabul qilganlaridan keyin ozod qiladi.

  • Mubarakpuri, Safiur Rahman Al (2005), The sealed nectar: biography of the Noble Prophet, Darussalam Publications, ISBN 978-9960-899-55-8
  • Mubarakpuri, Safiur Rahman Al (2005), The Sealed Nectar (Free Version), Darussalam Publications, ISBN 9798694145923[sayt ishlamaydi]. Note: This is the free version available on Google Books.