Kontent qismiga oʻtish

Bektoshiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bektoshiya — Turkiya va Albaniyada tarqalgan sufiylik tariqati. Kichik Osiyoda 13-asr oxiri — 14-asr boshida mahalliy turk koʻchmanchi va oʻtroq aholisi orasida paydo boʻlgan. Tariqatning nomi yarim afsonaviy Hoji Bektosh Rumiydan boshlanadi.

B. tariqatining haqiqiy asoschisi daydi vaʼzxon va qalandar Hoji Bektosh Vali Nishopuri Xurosoniy (1208 — 1270) hisoblanadi. Uning silsilasi esa turkistonlik shayx Ahmad Yassaviyga, undan esa shia imomi Muso al-Kozimga taqaladi. B. aʼzolari shialardek hazrati Ali va 12 imomga sigʻinadilar, ayniqsa 6-imom Jaʼfar as-Sodiqqa eʼtiqod qiladilar. Hoji Bektosh Kichik Osiyoda tez shuhrat qozongan. Bu tariqat koʻproq qishloq aholisi orasida qoʻllab-quvvatlandi. Vaqti kelib B. keng tarmoq yoygan tashkilotga aylandi, oʻzining belgisi va maxsus kiyimiga ega boʻldi. B. tariqatining qatiy uyushgan jamoaga aylanishida "Ulugʻ pir" Balim Sultonning (1516-yil v. e.) taʼsiri kattadir. Ilmiy adabiyotda uni "Ikkinchi pir" (Piri soniy) deb atashadi. Balim Sulton oʻzini Hoji Bektosh Rumiyning avlodi deb eʼlon qilgan va tariqat tuzilishiga aloqador bir qator islohotlarni amalga oshirgan. B. ayni Balim Sulton zamonida keng tarqaldi. Yanicharlar (Turkiyadagi imtiyozli piyoda askarlar) orasida yoyilib, ular orqali davlat ishlariga oʻz taʼsirini kuchaytirdi. 1826-yilda Sulton Mahmud II yanicharlar korpusini tugatgach, B. faoliyati taqiqlanadi. Uning yirik rahnamolari qatl etildi. B. tarafdorlari esa Bolqonga va Albaniyaga tarqalib ketdi. Lekin hozir ham B.tarafdorlarini Turkiya va Iroqda uchratish mumkin. B. turk xalqining diniy dunyoqarashi shakllanishiga jiddiy taʼsir qilibgina qolmay, uning madaniyati, musiqasi va ayniqsa adabiyotining ham rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan. Mahmudxoʻja Nuritdinov.

Bektoshiylar - Turkiyada tarqalgan tasavvuf tariqati izdoshlari. Kichik Osiyoda XII asr oxiri - XIV asr boshida mahalliy turk ko‘chmanchi va o‘troq aholisi orasida paydo bo‘lgan.

Tariqatning nomi Xoja Bektosh Rumiydan boshlanadi. Bektoshiya tariqatining haqiqiy asoschisi va’zxon va qalandar Xoja Bektosh Valiy Nishopuriy Xurosoniy (1208-1270) hisoblanadi. Uning silsilasi turkistonlik shayx Ahmad Yassaviyga, undan keyin shia imomi Muso al-Kozimga taqaladi. Bektoshiya a’zolari shialardek hazrati Ali va 12 imomga, ayniqsa, 6-imom Ja’far as-Sodiqqa alohida ehtirom ko‘rsatgan. Bu tariqat ko‘proq qishloq aholisi orasida qo‘llab-quvvatlangan. Vaqti kelib tariqat keng tarqalib, tashkilotga aylangan hamda o‘z belgisi va maxsus kiyimiga ega bo‘lgan. Tariqatining qat’iy uyushgan jamoaga aylanishida «Ulug‘pir» Balim Sultonning (vaf. 1516 y.) ta’siri katta bo‘lgan. Ilmiy adabiyotlarda uni «Ikkinchi pir» («Piri soniy») deb atashagan. Balim Sulton o‘zini Xoja Bektosh Rumiyning avlodi, deb e’lon qilgan va tariqat tuzilishiga aloqador bir qator islohotlarni amalga oshirgan. Yangi islohotlar ayrim bektoshiylarning noroziligiga sabab bo‘lgan oqibatda tariqat ikki yo‘nalishga bo‘linib ketgan: 1. Chalabiy, ular o‘z shajaralarini Bektosh Valiga bog‘lagan. Bu yo‘nalish ko‘proq Onado‘lida tarqalgan. 2. Bobogon, ular islohotlarga qarshi bo‘lib, Bektosh Valining oilasi bo‘lmagani va shu sababli uning avlodi qolishi mumkin emasligini ta’kidlagan. Bu yo‘nalish asosan usmoniylar imperiyasining Yevropa hududlarida tarqalgan. Ushbu ikki yo‘nalish o‘rtasida ochiq nizolar ko‘p bo‘lib turgan. Bektoshiylar Balim Sulton zamonida yanicharlar (Turkiyadagi imtiyozli maxsus askarlar) orasida keng tarqalib, ular orqali davlat ishlariga o‘z ta’sirini kuchaytirgan. 1826 yilda Sulton Mahmud II yanicharlar korpusini tugatgach, bektoshiya faoliyati taqiqlangan. Tariqat rahnamolari qatl etilgan. Bektoshiylarga tegishli mulklar asosan naqshbandiylarga taqdim etilgan. Tariqat tarafdorlari (Bolqon va Albaniyaga) tarqalib ketgan. Sulton Abdulmajid (1839-1861) davrida bektoshiylar o‘zlarining oldingi maqomlarini qisman qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgan, ammo aholi orasida oldingi shuhratiga erisha olmagan. Tariqatdagi ichki nizolar uning turli sho‘balarga bo‘linib ketishiga va obro‘ining yanada tushib ketishiga olib kelgan. 1925 yilda bektoshiylik Turkiyada rasman ta’qiqlangan va ular o‘z faoliyatlarini 1967 yilgacha Albaniyada olib borgan. Turkiyada ularning kam sonli izdoshlari mavjud. Tariqatning rahbari «dada»ning qarorgohi Xoja Bektosh Vali maqbarasi joylashgan qishloqda (Qirshehir va Qayseri o‘rtasida) joylashgan. Odatda uning o‘rinbosari - chalabiy ham shu yerda istiqomat qiladi.

Tariqat muridlari tadrijiy yuksalish bo‘yicha besh toifaga bo‘lingan

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1. Muhib - tariqatga qabul qilingan kishi. Buning uchun u ikki bektoshiydan tavsiya olishi lozim bo‘lgan.
2. Darvesh - tariqatga xizmati singan, bay’at bergan, xirqa va toj kiyishga ruxsat berilgan kishi.
3. Bobo - tariqat xalifasi tomonidan tayinlangan bo‘lib, takyaxonani boshqargan. U muhib va darveshlarni tarbiyalash huquqiga ega bo‘lgan.
4. Mujarrad - xalifaga eng yaqin maqom hisoblangan. Bu maqomga oila qurmagan va uylanmaslik ahdini olgan tariqat a’zosi tariqatning asosiy takyaxonasi yoki Karbalo va Onado‘lidagi Balim Sulton takyaxonasida o‘tkazilgan maxsus yopiq marosimda tayinlangan. Marosimda mujarradlikka o‘tgan darveshning o‘ng qulog‘i maxsus kumush yoki mis sirg‘a taqish uchun teshib qo‘yilgan.
5. Xalifa - mintaqaviy takyaxonani boshqarish uchun bobolar orasidan tayinlanadigan chalabiyning o‘rinbosari. Xalifa tayinlanishi uchun bir bobo va uch mujarradning tavsiyasi lozim bo‘lgan.

Bektoshiylar to‘rt yoki o‘n ikki buramali oq bosh kiyim kiygan. Ramziy to‘rt burma to‘rt yo‘lni bildirgan: shariat, tariqat, ma’rifat, haqiqat. Shu bilan birga to‘rt tur odamlarga ishora qilgan: obid, zohid, orif, muhib. 12 burama esa o‘n ikki imomga ishora qilgan. Bektoshiylik sinkretik ta’limot hisoblanib, islomdagi turli oqim va hatto boshqa dinlardan ham ko‘p narsa o‘zlashtirgan: xristianlik, lamaizm, turk shamanizmi. Tariqatda shialik va hurufiylikning ta’siri sezilib turadi. Misol uchun Ali (r.a.)ni muqaddaslashtirish, muharram oyida o‘tkaziladigan shialikka xos marosimlarni o‘tkazish, 12 imomni ulug‘lash, Fazlulloh Astrabodiyning harf va sonlarning sirlari haqidagi g‘oyalariga qattiq e’tibor berish va boshqalar. Bektoshiylik o‘z ta’limotini sodda turk tilida targ‘ib qilgani uchun turklar orasida katta shuhrat qozongan. Shu bilan birga turk xalqi diniy-mistik dunyoqarashining shakllanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan, mamlakat madaniyati, musiqasi va ayniqsa, adabiyotining rivojida muhim ahamiyat kasb etgan. Bektoshiylikning sinkretik tabiati Vengriya va Bolqon yarim orolidagi xristian aholi uchun ham maqbul bo‘lgan. Hozir ham Yevropada tariqat tarafdorlarini uchratish mumkin[1].

  1. Usmonov, Olimov, Yo'ldashxo'djayev, Faxriddinov, To'ychiyeva, Jabborov, Cho'tmamatov, Rahimov, Komiljonova, Karimova, Nurmuhammedov, Erkaboyeva, Jurayev 2015, s. 47.
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Usmonov I, Olimov S, Yo'ldashxo'djayev H, Faxriddinov Z, To'ychiyeva N, Jabborov N, Cho'tmatov J, Rahimov K, Komiljonova Z, Karimova S, Nurmuhammedov D, Erkaboyeva F, Jurayev O Turdiyeva D.. Tasavvuf atamalari. Movarounnahr nashriyoti, 2015 — 360-bet. ISBN 978-9943-12-346-5.