Bekjon Rahmonov
Bekjon Rahmonov | |
---|---|
Tavalludi |
1887-yil |
Vafoti |
1929-yil Amudaryo, Oʻzbekiston SSR, SSSR |
Bekjon Rahmonov, Mulla Bekchon Rahmon oʻgʻli yoki Mulla Bekjon Rahmon oʻgʻli (1887-yil, Xiva — 1929-yil, Amudaryo) — oʻzbek davlat, siyosat va jamoat arbobi, oʻqituvchi, tilshunos, poliglot, jurnalist, Xorazm jadidchiligining koʻzga koʻringan namoyandalaridan biri, Yosh xivaliklar partiyasining arbobi, maʼrifatparvar[1][2].
Bekjon Rahmonov Xivada madrasa taʼlimini olib, Istanbul dorilfununi (1913—1918)da tahsil koʻrgan. Xorazmga qaytgach, jadidchilik harakatida faol qatnashgan. Xivada xonlik tuzumi agʻdarib tashlangach, XXSRda maorif vaziri (1920—1921); MIK ish boshqaruvchisi (1921-yildan); „Inqilob quyoshi“ gazetasining muharriri (1920—1921). Uning tashabbusi bilan Xorazmda koʻplab maktablar (oʻzbek va turkman tillarida) ochilgan, 1921-yil sentyabrda Xivada xalq universiteti tashkil qilingan. Oʻrta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish oʻtkazilgach, Xorazm okrugi (viloyati) xalq maorif boʻlimi mudiri (1925—1926) va boshqa lavozimlarda ishlagan. Xorazm oʻzbeklarining musiqa tarixiga oid tadqiqotlar va turli darsliklar muallifi. Amudaryo (kemaning ichi)da sovet chekistlari tomonidan fojiali oʻldirilgan.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Dastlabki yillari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bekjon Rahmonov 1887-yilda Xiva xonligi poytaxti Xiva shahrida ziyoli oliasida tugʻilgan[3]. Otasi Rahmonberdi Mahram Xiva xonligda katta amaldorlardan biri, islohotchi boʻlgan[3]. Xiva madrasasini tamomlagan, u yerda islomiy va qisman dunyoviy taʼlim olgan. 1912-yilda 26 yoshida Eron orqali Usmonlilar imperiyasiga borib, 1913-yilda Istanbul universitetiga oʻqishga kiradi. Istanbulda jadidchilik gʻoyasi bilan tanishib, koʻplab doʻstlar orttiradi va aloqalar oʻrnatgan. 1918-yilda Istanbulda oʻqishni tugatib, Xivaga qaytib keladi. Bekjon Rahmonov oʻz ona tilisi boʻlgan oʻzbek tilidan tashqari turkman, fors va turk tillarini ham yaxshi bilgan. Keyinchalik rus tilini oʻrgangan.
Siyosiy karyerasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Istanbuldan Xivaga qaytgach, xorazmlik jadidlar bilan uchrashib, ularning harakatiga qoʻshiladi. Keyinchalik Xorazmda monarxiyani agʻdarish uchun kurashgan „Yosh xivaliklar“ harakatining aʼzosi boʻlgan. Xiva inqilobi natijasida monarxiya agʻdarilgach, Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tuzildi, uning tuzilshida Bekjon Rahmonov ham qatnashgan. Sobiq xonlik hududida respublika tashkil topgandan soʻng darhol Bekjon Rahmonov Xorazm Xalq Sovet Respublikasi maorif vaziri etib tayinlanadi[3]. 1921-yilda Bekjon Rahmonov XXSR markaziy inqilobiy qoʻmitasining raisi boʻladi. 1920—1921-yillarda ayni paytda „Inqilob quyoshi“ respublika gazetasining muharriri boʻlgan[2]. Uning tashabbusi bilan butun XXSR hududida arab-fors yozuvlaridagi oʻzbek va turkman tillarida oʻqitiladigan koʻplab maktablar ochildi. 1921-yilda Oʻrta Osiyodagi birinchi oliy oʻquv yurtlaridan biri boʻlgan Xiva xalq universitetini (hozirgi Urganch davlat universiteti) tashkil etgan. Oʻrta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanishidan keyin 1925-yilda Oʻzbekiston SSR Xorazm okrugida maorif boʻlimi mudiri boʻlib, 1926-yilgacha shu yerda ishladi[2]. Shu bilan birga, Bekjon Rahmonov boshqa, kichikroq lavozimlarni egallagan. Bekjon Rahmonov oʻzbek va turkman tillari manfaatlarini, aholining oʻz ona tilida oʻqish huquqini faol himoya qilgan. Bekjon Rahmonov oʻzbek xalq musiqasiga oid koʻplab asarlar yozgan, xalq cholgʻularida chalishni yaxshi bilgan[3]. Bekjon Rahmonov jadidchilar bilan yaqin aloqada boʻlgan.
Oʻlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzining qarashlari tufayli sovet xavfsizlik kuchlari Bekjon Rahmonovni yoʻq qilishga harakat qilishgan. 1929-yilda SSSR OGPU SNK xodimlari tomonidan Urganch yaqinidagi Amudaryoda paroxod ichida noaniq sharoitda oʻldirilgan[2]. Oʻsha paytda 42 yoshda boʻlgan. Bekjon Rahmonovning maslaklari va qarashi tufayli uning oʻldirilishi tarixchilar tomonidan siyosiy deb baholanadi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Validiy, Boʻlinganni boʻri yer (Xotiralar), T., 1997; Matkarimov M., Xorazm respublikasi: davlat tuzilishi, nozirlari va iqtisodi, Urganch, 1993[1].
- М. Маткаримов, Хоразм республикаси: давлат тузилиши, нозирлари ва иқтисоди, Урганч, 1993.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |